O‘qishga qabul sinovida yozma ish olinsa...
Dolzarb mavzu
Har yili 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni yaqinlasharkan, davlat tili, ya’ni o‘zbek tiliga bo‘lgan targ‘ibot ishlari kuchayadi. Tadbirlaru uchrashuvlarda ona tilimizning beqiyos kuch-qudrati haqida bong uriladi. Afsuski, barchasi yana kampaniyabozlik, hisobotlar bilan tugaydi. Vaholanki, o‘zbek tiliga e’tibor faqat shu sanada emas, balki har kuni bo‘lishi kerak-ku?!
Savodxonlik masalasi bugungi kunda ta’lim uchun nihoyatda dolzarb bo‘lib, savodlilik aholi madaniy saviyasi ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Savodli bo‘lishni to‘g‘ri yozishu xatosiz talaffuz qilishdan iborat deb tushunmaslik kerak va u har bir soha uchun muhimdir.
Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yozma savodxonlik madaniyatini targ‘ib etish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni oshirish muhim vazifalardan sanaladi. Albatta shunday vaqtda o‘zbek tili va adabiyotining ba’zi bir muammolariga to‘xtalish ayni muddao bo‘lib, bu ham bo‘lsa, yozma savodxonlik masalasidir.
Oliy o‘quv yurtlarida filologlar, o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarini tayyorlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ulug‘ bobomiz xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish bilan birga ona tilimiz, ma’naviyatimiz, milliy adabiyotimizni yanada rivojlantirish va yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Umuman aytganda, bu boradagi ishlar tahsinga loyiq. Afsuski, ba’zi bir muammolar ham borki, bunga e’tibor qaratish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz. Bugungi kunda o‘zbek filologiyasi fakultetlarini tamomlayotgan yoshlarimizning barchasi ham talabga javob bera oladimi? Ularning xat-savodi qanday? Afsuski, hozir aksariyat o‘qituvchilar faoliyatida nutq va yozma savodxonlik bilan bog‘liq qator muammolarga duch kelinmoqda.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur fakultetlarda tahsil olayotgan ba’zi bir yoshlar matnda ko‘plab orfografik xatolarga yo‘l qo‘yadi. Boshqa xatolarni gapirmasangiz ham bo‘ladi. Ularning yozma savodxonlik masalasi umuman bugungi kun talabiga javob bermaydi. Nega shunday?
Chunki oliy o‘quv yurtlariga yoshlar test sinovlari asosida o‘qishga qabul qilinmoqda. Albatta, test– adolat mezoni. Yoshlarimiz barcha fanlarni yaxshi o‘zlashtirib, testda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgach, talabalik baxtiga muyassar bo‘lmoqda. Ko‘plab mutaxassisliklarni o‘qishga qabul qilishda test sinovlari bilan birga ijodiy imtihonlar ham olinadi. Ammo filologiya, xususan, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilishda bu tamoyil negadir yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada esa talabalarning yozma savodxonligi va nutq masalasi bugun kun tartibiga chiqayotgan dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Ertaga yozma savodxonligi no‘noq bo‘lgan talaba qanday qilib yosh avlodga ona tilidan dars beradi?! Nutqida ham muammo bo‘lsa-chi?
Savodsizlikni keltirib chiquvchi sabablar va omillar juda ko‘p. Xususan, bu sohada ilmiy qo‘llanmalar, adabiyotlar yetarli emas. Nashr etilgan kitoblarda esa imloviy, uslubiy xatoliklar uchraydi. Matbuot, radio-televideniye, reklama sohalari ham, afsuski, bundan mustasno emas.
Umumta’lim maktablarida diktant, insho kabi yozma ish yozish olish, yoshlarni badiiy so‘z san’atiga qiziqtirish ishlari talabga javob bermaydi. Savodxonlik, avvalo, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarining muhim mezoni sifatida belgilanishi shart.
Ko‘plab olimlar va mutaxassislar bir qator chiqishlarida mazkur muammolar haqida so‘z yuritib kelmoqda. Ammo mutasaddilar negadir bunga e’tibor qaratmayapti.
Ona tili va adabiyoti ta’limini takomillashtirish masalasiga beparvolik bilan qarab bo‘lmaydi.
Yana shu dolzarb mavzuni o‘rtaga tashlaymiz. Filologiya fakultetlariga o‘qishga qabul jarayonida ijodiy yozma ish va suhbatni yo‘lga qo‘yish fursati kelganga o‘xshaydi.
Bu haqda boshqalarning fikri qanday?
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA muxbiri