Ukraina masalasi tufayli xalqaro maydondagi boshqa voqealar, omma yoki siyosatchilar e’tiborini ko‘p ham chalg‘itmayotgani rost.
Binobarin, jahon maydonida o‘z o‘rniga ega, xususan, Ukrainaga yordam berish bo‘yicha aksariyat g‘arb mamlakatlari fikrini bir joydan chiqara olgan AQSH ma’muriyatidagi hech qanday o‘zgarish e’tiborsiz qolmaydi, albatta. Shu ma’noda Prezident jamoasidagi Jen Psaki iste’fosi muhim yangilik sifatida ko‘rilib, uning o‘rniga Amerika tarixida birinchi qora tanli matbuot kotibi tayinlanishi yana bir e’tiborli voqea bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Inchunun, Karin Jan-Per Oq uy ostonasiga matbuot kotibi sifatida qadam qo‘ygan birinchi qora tanli ayol sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.
Iste’foga chiqqan Jen Psaki yangi ish joyi haqida tayinli gap aytgani yo‘q. Mish-mishga qaraganda, u endi demokratlar tarafdori – “MSNBC” telekanalida xizmat qiladi.
Amerika matbuoti Psaki shaxsiga anchayin hurmat bilan munosabat bildirib keladi. Jurnalistlar, hatto, Jenning Oq uyda necha oy ishlagani-yu, umuman, qarorgohda necha marta bo‘lganini ham hisoblab chiqibdi. “16 oylik faoliyati davomida Psaki 222 kunni Oq uyda o‘tkazdi” deb yozgan Amerika matbuoti vakillari.

Psaki 2020 yil prezident saylovida Bayden g‘alaba qilgach, hatto, inauguratsiya marosimidan ham oldin hozirgi ma’muriyatning rasmiy vakili sifatida tanishtirildi. U quyiroq vazifada bo‘lsa-da, avvalgi demokrat prezident Barak Obama davrida ham ma’muriyatda ishlagan.
Umuman, Amerikada matbuot kotibi lavozimi 93 yildan buyon mavjud. bugungi kunda AQSH rahbari o‘zini rasmiy vakilsiz tasavvur qilishi mushkul. O‘nlab reportyorlar har kuni prezidentning bosgan har bir qadamini kuzatib boradi. Davlat rahbarining biror kichik xatosini-da birinchi bo‘lib ommaga oshkor qilishga muyassar bo‘lgan muxbir o‘zini baxtiyor hisoblaydi.
Ommaviy axborot vositalari 1898 yildan buyon AQSH ma’muriyati faoliyatini uzluksiz yoritib keladi. Aynan o‘sha yili Oq uyda jurnalistlar guruhi shakllantirilgan va OAV vakillari prezident va uning mehmonlaridan izoh olishiga ruxsat berilgan.
AQSHda dastlab matbuot bilan butun boshli kotibiyat shug‘ullangan. 1929 yilga kelib esa prezident Gerbert Guver bu borada barcha ishni Jorj Akersonga topshirdi.

Shundan keyin AQSHning har bir prezidentiga shaxsiy matbuot kotib tayinlanadigan bo‘ldi. Uning vazifasi ma’muriyatdagi harakatlar va voqealar haqida ma’lumot to‘plash, ichki va tashqi siyosat bo‘yicha davlat rahbari nomidan bayonot berish, har kuni OAV va Oq uy matbuot korpusiga brifing berishdan iborat. Matbuot kotibi barcha ma’lumotlarni tahlil qilib borishi, muhim masalalar bo‘yicha prezident pozitsiyasini bilishi, rahbarning aytganlarini to‘g‘ri talqin qilishi va albatta, uning qarashlarini himoya qilishi shart. Bu yo‘ldagi arzimas xato ham ma’muriyat obro‘siga jiddiy putur yetkazishi mumkin.

Oq uy matbuot kotibi lavozimida eng ko‘p ishlagan Stiven Erli Franklin Ruzveltga naq 12 yil hamrohlik qilgan va prezident o‘limidan bir oy oldin lavozimini tark etgan. Yana bir qiziq ma’lumot: AQSH tarixida faqat besh nafar matbuot kotibi davlat yetakchisining muddati tamom bo‘lgunicha ishlashga muvaffaq bo‘lgan.
Gender tengligi amalda
Darvoqe, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshiga qadar mazkur lavozimga faqat erkaklar tayinlangan. Ushbu an’ana 1991 yil afroamerikalik Judi Smit katta Jorj Bushning maxsus yordamchisi va matbuot kotibi o‘rinbosari bo‘lgach buzildi. Amalda u Oq uyda jurnalistlar uchun brifing o‘tkazgan birinchi qora tanli ayol hisoblanadi. Hatto, o‘rinbosar lavozimida bo‘lsa-da, Judi Smit cho‘rtkesarligi va mohir voizligi bilan obro‘ orttirdi.
Umuman, AQSH tarixida birinchi ayol matbuot kotibi sifatida rasman 31 yoshida ish boshlagan Didi Mayers nomi tilga olinadi. U 1993 yil Bill Klintonning prezidentlik saylovidagi g‘alabasidan keyin Oq uy matbuot xizmatini boshqara boshladi va ikki yil faoliyat ko‘rsatdi.

Shundan keyin AQSH prezidentlari tez-tez o‘zlariga ayol matbuot kotibi tayinlaydigan bo‘lishdi. Donald Tramp bir muddatlik davrida to‘rt nafar rasmiy vakilni almashtirdi. Ularning uch nafari ayol edi.
Prezident Bayden ham tanlovni ayol kishiga, ya’ni Jen Psakiga qaratdi. Jen Barak Obama davrida Oq uyning kommunikatsiya bo‘yicha bo‘lim direktori o‘rinbosari, 2013-2015 yillarda Davlat departamenti spikeri bo‘lib ishlagan. Jenning faoliyati davomida tez-tez xatoga yo‘l qo‘yishi, masalan, jug‘rofiyani yaxshi bilmasligi, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishi va asosiysi, o‘z xatolarini tan olmasligi tilga olinadi. Shunga qaramay, Bayden ma’muriyati u bilan ishlashda davom etdi.
2021 yil may oyida Psaki ushbu lavozimida bir yildan ko‘p ishlamasligini e’lon qilgandi. O‘sha vaqt keldi shekilli, u Oq uyni tark etdi.
Baydenning rasmiy vakili
Psakining o‘rniga yana ayol, uning birinchi o‘rinbosari, 44 yoshli Karin Jan-Per ishlaydigan bo‘ldi. U AQSH tarixidagi birinchi qora tanli matbuot kotibidir.
Bir hafta burun Oq uyda tashkil etilgan brifingda Psaki reportyorlarni o‘rindoshi bilan tanishtirarkan, uning sha’niga iliq gaplar aytib "haqiqat yo‘lida do‘st, hamkasb va sherik" ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u Jan-Per ishga o‘z uslubini olib kira oladigan shaxs", deya baho berdi.
Jo Baydenning o‘zi ham yangi vakilidan ko‘ngli to‘lgan chamasi, "Karin nafaqat mazkur lavozimda kerak bo‘ladigan tajriba va iqtidorga ega hamda o‘z ishiga vijdonan yondashadigan xodim, balki Bayden ma’muriyati faoliyati haqida Amerika xalqi nomidan axborot tarqatuvchi hamdir” deb ta’rif berdi.
Karin Jan-Per matbuot kotibligiga tayinlanishi Baydenning kadrlar siyosatiga ham to‘liq mos keladi. Ya’ni, Amerika tarixda hech qachon rasmiy shaxslar orasida bunchalik irqiy xilma-xillikni ko‘rmagan. Vitse-prezident Kamala Xarris, AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild, oliy hakam Ketanji Braun, mana endi Karin Jan-Per. Ularning hammasi bu borada birinchi maqomiga ega.
Oq uyda qora ayol
Karin Jan-Per Fransiyaning Martinika orolida gaitilik oilada dunyoga kelgan, besh yoshidan boshlab Kuinsi (Nyu-York)da yashagan. Karinning onasi xonadonlarda sanitar bo‘lib ishlagan, otasi taksichilik qilgan. Jan-Per bakalavr darajasini Nyu-Yorkdagi texnologiyalar institutida olgan. Jamoatchilik bilan aloqa bo‘yicha magistr ma’lumotiga Kolumbiya universiteti qoshidagi “SIPA” maktabida ega bo‘lgan. Kasbiy faoliyatini Jamoatchilik va korporativ etikasi markazida boshlagan. Ushbu markaz yirik korporatsiyalarning jamiyatga ta’sirini o‘rganish va korporativ etika standartini ishlab chiqish bilan shug‘ulanadi.
Barak Obama prezidentligining birinchi muddati davrida u Oq uyning Siyosiy masalalar bo‘yicha boshqarmasida janubi-sharq mintaqasi bo‘yicha hududiy direktor edi. 2011 yil Obamaning qayta saylanish kampaniyasida ishtirok etdi.
Keyin ham turli lavozimlarda ishlagan Jan-Per 2019 yili “NBC News” va “MSNBC” telekanallari tahlilchisi sifatida chiqish qila boshladi. 2020 yilga kelib esa Jo Bayden kampaniyasida katta maslahatchiga aylandi. Shu yil noyabrda AQSH prezidenti matbuot kotibining birinchi o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Ko‘rinib turibdiki, Amerikada demokratiya ham, gender va irqiy tenglikka ham rioya qilinadi. Muhimi har qanday xodim bilimi, ma’lumoti va kasbiy mahorati bilan lavozimiga munosib bo‘lsin. Qolgan jihatlar ikkinchi darajali masala ekaniga Oq uy misolida guvoh bo‘lish mumkin.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA