AQSH Prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uoltsni lavozimidan chetlatdi va mamlakatning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi etib tayinladi. Bu haqda «IRNA News» yozgan.
Shuningdek, Davlat kotibi Marko Rubio milliy xavfsizlik bo‘yicha muvaqqat maslahatchi bo‘lishi ham ma’lum qilingan.
O‘tgan oy Uolts maxsus xabar almashish ilovasiga bir jurnalistni tasodifan qo‘shib, javobgarlikni zimmasiga olgan edi. Mazkur guruh suhbatida yuqori martabali amaldorlar Yamanga harbiy zarba berish rejasini muhokama qilgan.
Yetakchining aksar maslahatchilari «o‘ta shafqatsiz» deya ta’riflashadigan Florida shtatidan sobiq kongressmen Uolts Trampning ikkinchi muddatida hokimiyatni tark etgan ilk yirik amaldordir.
Vashington va Kiyev Ukraina tabiiy resurslari bo‘yicha kelishuv imzoladi
30 aprel kuni AQSH va Ukraina nodir metallar qazib olishda hamkorlik qilish hamda mamlakatni tiklash bo‘yicha Amerika-Ukraina sarmoya jamg‘armasini ishga tushirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bitimga ko‘ra, tomonlar teng huquqqa ega bo‘ladi va muhim materiallar, neft va gaz sohasida yangi loyihalar amalga oshiradi. Shu bilan birga Ukraina hududidagi barcha resurslar, shuningdek «Ukrnafta» va «Energoatom» davlat korporatsiyalari mulk sifatida Kiyev nazorati ostida qoladi. Endi hujjat Oliy Rada tomonidan ratifikatsiya qilinishi zarur.
Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Yuliya Sviridenko ta’kidlashicha, kelishuv doirasida investitsiya fondi birgalikda boshqariladi, tomonlarning hech biri hal qiluvchi ovozga ega bo‘lmaydi.
– Tuzilayotgan jamg‘armada ulush va boshqaruv huquqi teng, – deb yozdi siyosatchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – To‘liq egalik va nazorat Ukrainada qoladi. Hudud va suvimizdagi barcha resurslar o‘zimizga tegishli. Qayerdan va nima qazib olishni aynan davlatimiz belgilaydi. Yer osti boyliklari Ukraina mulki bo‘lib qoladi – shunday kelishuv ta’minlangan.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent ham bitim imzolanganini tasdiqladi.
“Reuters” agentligi yozishicha, qo‘shimcha yana ikki hujjatni imzolash rejalashtirilgan. Faqat Kiyev bu masalani o‘rganishi uchun qo‘shimcha vaqt so‘ragan.
Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal 27 aprel kuni Bessent bilan uchrashuvi yakunida Kiyev Amerikaning ilgari ko‘rsatgan moliyaviy yordami yer qa’ri bo‘yicha kelishuvga qarz majburiyati sifatida kiritilmasligiga erishgan.
– Ushbu kelishuv Rossiyaga Tramp ma’muriyati erkin, suveren va gullab-yashnagan Ukrainani yaratishga qaratilgan uzoq muddatli tinchlik jarayoni tarafdoriligi haqida aniq xabar beradi, – degan mulozim vazirlik e’lon qilgan bayonotda. – Ukrainani tiklashga Rossiya harbiy-sanoat majmuasini moliyalashtirgan davlatlar va shaxslar jalb qilinishi taqiqlanadi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bitim imzolanganini olqishlagan. U ijtimoiy tarmoq sahifasida Qirollikning Ukraina bilan bir asrlik hamkorlik shartnomasiga sodiqligini alohida ta’kidlagan.
Ushbu hafta Londondagi muzokaradan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Kiyev vakillari va Yevropa Ittifoqi vakillari Ukrainadagi mojaroni tartibga solish jarayonining bir qismi sifatida kelishib olingan 22 aniq shartdan xabardor qilindi, dedi AQSH Prezidentining maxsus vakili Kit Kellog.
U “Fox News” telekanaliga bildirishicha, tomonlar birinchi navbatda tinchlik kelishuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan va kamida 30 kun davom etadigan to‘laqonli o‘t ochishni to‘xtatishdan manfaatdor:
– 30 kun nega muhim? Doimiy tinchlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun. Prezident Donald Tramp aynan shunga erishmoqchi.
Shuningdek, o‘tgan hafta so‘nggida Tramp va Zelenskiy Rim Papasining dafn marosimida uchrashdi. Tramp Vatikandagi uchrashuvda AQSHdan qo‘shimcha qurol so‘raganini oshkor qildi. Amerika yetakchisi esa bunga javoban, avvalo suhbatdoshining Rossiya bilan tinchlik jarayonidagi ijobiy harakatiga guvoh bo‘lish istagida ekanini ta’kidlagan.
– U ko‘proq qurol kerakligini aytdi, – dedi u uchrashuv tafsilotiga to‘xtalib. – Bu so‘rov uch yildan beri takrorlanadi. Har ikki tomon qanday yo‘l tutishini ko‘ramiz.
Shanba kuni ikki yetakchi Rim Papasi Fransiskning dafn marosimida “juda qisqa” uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingan edi. Zelenskiy ushbu muloqotni izohlarkan, Amerika rahbari bilan “ko‘p narsani muhokama qilishga ulgurgani”ni aytib, hamkasbiga minnatdorlik bildirdi.
KXDR Rossiyaga qo‘shin yuborganini tasdiqladi
Janubiy Koreya va G‘arb razvedkasi ancha vaqtdan beri Pxenyan Rossiyaning Kursk viloyatiga minglab askar jo‘natganini da’vo qilib kelayotgan edi.
Nihoyat yetakchi Kim Chen In buyrug‘iga ko‘ra, Shimoliy Koreya harbiylari RF chegara hududini “to‘liq ozod qilishda” yordam bergani ma’lum qilindi. Bu haqda BBC yozdi.
Tegishli bayonot Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov KXDR qo‘shinining “qahramonligi”ni olqishlagandan bir necha kun o‘tib yangradi.
Shuningdek, Moskva federatsiya g‘arbidagi Kursk viloyati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilganini ham e’lon qildi. Ukraina esa bu xabarni rad etgan.
Bayonotga javoban, AQSH Shimoliy Koreya endi urushni davom ettirish mas’uliyatini zimmasiga olishi kerakligini aytdi.
Qo‘shin joylashtirish qarori Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi mudofaa bo‘yicha o‘zaro kelishuvga muvofiq qabul qilindi, deya xabar bergan KCNA.
– Adolat uchun kurashganlarning barchasi qahramon va vatan sha’ni himoyachilari, – dedi Kim. – KXDR va RF Kurskda “ittifoqchilik va birodarlik” namunasini ko‘rsatib, “qon bilan tasdiqlangan do‘stlik” munosabatini har tomonlama mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shdi.
Isroil o‘rmon yong‘ini bilan kurashni davom ettirmoqda
Isroil yong‘in xizmati mamlakat tarixidagi eng kuchli yong‘inga qarshi kurashmoqda. Ayni payt 150 dan ziyod jamoa olovni o‘chirish bilan band.
Bosh vazir Binyamin Netanyahu chorshanba kuni Quddus yaqinida bir necha yong‘in ko‘tarilgach, milliy darajada favqulodda holat e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tez va quruq shamol “o‘limga olib keladigan vaziyat”ni vujudga keltirgan.
Bir necha shaharcha aholisi ko‘chirilgan. Shunga qaramasdan, shaharga olib boradigan asosiy yo‘llar ochilgan.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/NIp-p6GKVFc" title="Oq uyda ilk iste’fo, Isroil olov ichida va Kiev rozi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tez yordam xizmati 23 kishi asosan tutundan nafas olish va kuyish holati bilan davolanayotganini ma’lum qildi.
Isroil o‘tni o‘chirish uchun xalqaro miqyosda yordam, jumladan maxsus samolyotlar so‘ragan.
Mamlakat mustaqilligi kuni munosabati bilan tashkil qilingan ko‘plab ommaviy tadbirlar bekor qilingan.
Sardorbek Poyonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.