“Oq qaqnus” jahon sumo maydoni bilan xayrlashmoqda
Jahon sumo kurashidagi eng unvonli sportchi sanalgan mongoliyalik Ekodzuna Xakuxo (Oq qaqnus) faoliyatini tugatishga qaror qildi, deya xabar tarqatdi TASS axborot agentligi Yaponiyadagi NHK telekanali xabariga tayanib.
O‘tgan yili sumo musobaqalari va sportchilar faoliyatini tahlil etib boradigan Yakozun qo‘mitasi vakillari ko‘plab sumo turnirlarini o‘tkazib yuborganligi sababli Xakuxoni ogohlantirgandi.
Joriy yil hisobidan Xakuxo Yaponiyadagi birgina turnirda to‘liq ishtirok etib, imperator kubogini qo‘lga kiritdi. Biroq tizzasidagi muammolar tufayli sentyabr oyidagi kuzgi bahslarda qatnashmadi. Bu esa, uning keyingi faoliyati mummo ostida qolishiga olib kelmoqda. Shu sababli Xakuxo nafaqaga chiqish vaqti keldi, deb qaror qabul qildi.
Haqiqiy ismi Munxbatin Davajargal bo‘lgan Xakuxo professional sumo dunyosidagi eng unvonli sportchi hisoblanadi. 36 yoshli sportchi faoliyati mobaynida 1187 marta g‘alabaga erishgan, 45 marta Yaponiya imperatori kubogi sohibi bo‘lgan holda sumo bo‘yicha jahon rekordchisidir. Ungacha hali hech bir kurashchi bunday natijaga erishmagan.
“Oq qaqnus”ning katta sport bilan xayrlashayotganligi minglab sumo muxlislari o‘rtasida o‘ziga xos shov-shuvlarni keltirib chiqardi, deyiladi NHK telekanali xabarida.
T. Ro‘ziyev, O‘zA