“Oq ot” spektakli: do‘stlik rishtalari tarannum etilgan asar
Andijonda IV TURKSOY xalqaro teatr festivali davom etmoqda.
Festival doirasida turkiy xalqlar teatr jamoalari tomonidan ko‘plab spektakllar namoyish etilmoqda. Festivalda Buyuk Saparmurat Turkmanboshi nomidagi Turkmaniston bosh akademik drama teatri jamoasining “Oq ot” spektakli ixlosmandlar, mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Xalq artisti Bobo Annonov asari asosida rejissyor Mekan Jumaboyev tomonidan sahnalashtirilgan “Oq ot” spektaklida o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik, mehr-oqibat, samimiylik, har qanday vaziyatda bir-birini qo‘llashdek tili, dini, tarixi bir turkiy xalqlarga xos qadriyatlar, do‘stlik rishtalari tarannum etilgan.
Asarda 1948-yilda Turkmaniston poytaxti Ashxobodda yuz bergan zilzila oqibatida ayrilik girdobiga mahkum bo‘lgan ona va bola qismati bilan bog‘liq jarayonlar aks ettiriladi.
[gallery-32107]
Zilzila tufayli onasini yo‘qotib qo‘ygan yosh turkman bolasi Toshkentdagi bolalar uyiga topshirilgani, keyinchalik u Nazira ismli o‘zbek ayoli tomonidan boqib olingani, oradan yillar o‘tib, bolaning onasi farzandini qidirib topishi jarayonlari aks etgan.
Spektakldagi bosh rollar Turkmaniston xalq artisti Mego‘zal Annayeva, iste’dodli aktyorlar Gulmalek Akmurodova, Begench Garliyev tomonidan mahorat bilan ijro etilgan.
Mazmunli, qiziqarli, yuksak insoniy fazilatlar, ikki qardosh xalqning sinovlarda toblangan, azaliy do‘stligi tarannum etilgan ushbu sahna asari nafaqat tomoshabinlar, balki mutaxassislarda ham unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Turkmaniston teatr san’ati vakillari tomonidan taqdim etilgan mazkur sahna asarida ijrochilarning qahramonlar xarakterini ochib berish mahorati, badiiy yechimlarning o‘zaro uyg‘unligi festivalning xalqaro madaniy muloqotni kengaytirish, milliy teatr san’atini targ‘ib etishga qaratilgan maqsadini to‘laqonli namoyon etdi. Qolaversa, spektakl namoyishi orqali tomoshabinlar qardosh xalqning teatr ijodi, sahnaviy ifoda an’analari va aktyorlik mahorati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
TURKSOY xalqaro teatr festivali nafaqat turkiy xalqlarning madaniy boyligi, o‘ziga xos qadriyatlarini keng targ‘ib etish, balki turli mamlakatlar ijodkorlari o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va teatr san’atining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari