OpenAI SI bozorida hamon yetakchi
Sun’iy intellekt indeks hisobotiga ko‘ra, “Anthropic” ilk bor pulli xizmatdan foydalanish bo‘yicha “OpenAI”ni ortda qoldirdi. AQSHdagi 50 000 dan ziyod kompaniya korporativ to‘lovi asosida shakllantirilgan mazkur ro‘yxat SI xizmatiga yo‘naltirilgan xarajatni yaqqol aks ettirgan.
Aprel oyida “Anthropic” ulushi 34,4 foiz oshgan, OpenAI ko‘rsatkichi esa 32,3 foiz pasaygan. Tahlilchilar bu jarayonda “Claude Code” platformasi muhim rol o‘ynaganiga e’tibor qaratgan.
“Amazon“ ham ayni yo‘nalishdagi faoliyatini kengaytirdi. Kompaniya xarid uchun mo‘ljallangan “Rufus” chat-botini “Alexa+” tizimiga uladi. Endilikda ushbu dastur foydalanuvchiga oldingi xaridi, qiziqishi va suhbatini eslab qolgan holda mahsulot tavsiya qiladi. Ma’lumotga ko‘ra, “Rufus” beta-versiyasining o‘ziyoq 300 milliondan ko‘p foydalanuvchini jalb qilgan.
CI yordamida kontent yaratish yo‘nalishida ham yangi vositalar paydo bo‘lmoqda. “Higgsfield” va “Claude Code” uyg‘unlashuvi mijozlarga bir vaqtning o‘zida bir necha CI modeli orqali tasvir yaratish imkonini beryapti. Tizim bir xil promptni turli modelga yuborib, natijani avtomatik taqqoslaydi va eng yaxshi variantni tanlashga yordam beradi.
Sun’iy ong modeli tayyorlashni avtomatlashtirish yo‘nalishida esa “Adaption AutoScientist” tizimi taqdim etildi. Platforma turli data set va parametrlarni mustaqil sinab ko‘rib, modelni avtomat ravishda muvofiqlashtiradi. Ichki testda tizim ekspert qo‘lda sozlagan modelga qaraganda o‘rtacha 35 foiz samarali natija ko‘rsatgan.
“Nvidia” bozori qiymati 5,5 trillion dollarga yetgan ilk kompaniyaga aylangani ham jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi. “Microsoft” esa 100 dan ortiq SI-agentdan iborat MDASH xavfsizlik tizimini taqdim etdi.
Baribir, mutaxassislar hamon OpenAI iste’mol bozorida eng kuchli SI-brendlardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidlamoqda. Binobarin, kompaniya shu yildan boshlab asosiy e’tiborni ko‘proq korporativ mijozlarga qaratayotgani sezilyapti.
Saida Abdulazizzoda, O‘zA