OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi (OPEK jamg‘armasi) "Ipoteka-bank" aksiyadorlik tijorat ipoteka banki ("Ipoteka-bank" ATIB) bilan 30 million AQSH dollari miqdorida xususiy sektorni kreditlash to‘g‘risida bitim imzoladi.
Mazkur kredit liniyasi O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes korxonalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi va bankning xususiylashtirishdan oldingi tijorat jihatidan yanada raqobatbardosh biznes modeliga o‘tish harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston iqtisodiyotida kichik va o‘rta biznes korxonalarining roli katta bo‘lib, mamlakatdagi jami ishchi kuchining 80 foizga yaqini ushbu sohada faoliyat yuritadi. “Ipoteka-bank” ATIB – O‘zbekistondagi to‘rtinchi yirik bank hisoblanib (yil boshida), o‘z strategiyasini kichik va o‘rta biznes portfelini kengaytirishga qaratmoqda. Jumladan, bank 83 mingdan ortiq kichik va o‘rta biznes korxonalaridan iborat mijozlar bazasiga ega bo‘lib, shulardan 7 mingdan ortig‘i amaldagi kredit oluvchilar hisoblanadi.
OPEK jamg‘armasi ajratgan kredit liniyasi bankka qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qurilish hamda O‘zbekistonning muhim eksport mahsuloti hisoblangan paxtani qayta ishlaydigan to‘qimachilik kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta korxonalar biznesini moliyalashtirishda yordam beradi.
O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari ko‘magi bilan mamlakatdagi davlat banklarini bosqichma-bosqich xususiy va raqobatbardosh biznes modeliga ega tijorat banklariga aylantirish maqsadida moliya sektorida yangi siyosat va islohotlarni e’lon qildi. OPEK jamg‘armasining kredit liniyasi mazkur strategiyaga mos keladi hamda bank amaliyotlarini yanada tijoratlashtirishga va uning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi.
“Ipoteka-bank va OPEK jamg‘armasi o‘rtasida imzolangan bitim mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi, bu esa, o‘z navbatida iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlarini yaratishning muhim omili hisoblanadi”, dedi “Ipoteka-bank” ATIB boshqaruvi raisi Elyor Inomjonov.
OPEK jamg‘armasi bosh direktori Abdulhamid Alxalifa: “Biz Ipoteka bank bilan O‘zbekistonning kichik va o‘rta korxonalarini qo‘llab-quvvatlashda birga ishlashdan mamnunmiz. Mamlakatdagi ishchi kuchining qariyb 80 foizini ish bilan ta’minlagan holda kichik va o‘rta biznes vakillarining COVID-19 pandemiyasidan keyingi qayta tiklanishdagi ahamiyati katta. Bizning hamkorligimiz bankning samaradorligi va raqobatbardoshligini yanada oshirishga hamda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni kengaytirishga xizmat qiladi”, dedi.
OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi to‘g‘risida
OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi (OPEK jamg‘armasi) tashkilotga a’zo davlatlardan faqatgina a’zo bo‘lmagan davlatlarga moliyalashtirishni ta’minlaydigan global vakolatli yagona rivojlanish institutidir. Tashkilot rivojlanayotgan davlatlardagi hamkorlar va xalqaro taraqqiyot hamjamiyati bilan birgalikda butun dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishi va ijtimoiy taraqqiyotini rag‘batlantirish yo‘lida faoliyat yuritib kelmoqda.
OPEK jamg‘armasi 1976 yilda OPEK tashkilotiga a’zo bo‘lgan mamlakatlar tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, rivojlanishni rag‘batlantirish, jamiyatni kuchaytirish va insonlarning imkoniyatlarini oshirishni maqsad qilgan.
Jamg‘armaning faoliyati inson manfaatlariga qaratilgan bo‘lib, oziq-ovqat, energetika, infratuzilma, ish bilan ta’minlash (asosan kichik va o‘rta biznesni rag‘batlantirish orqali), toza suv va sanitariya, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalarda loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan. Hozirgi kunda OPEK jamg‘armasi 22 milliard AQSH dollaridan ko‘proq miqdordagi mablag‘larni 125 dan ortiq mamlakatlarda umumiy loyiha qiymati 187 milliard AQSH dollarini tashkil etgan rivojlanish loyihalariga ajratgan.
«Ipoteka-bank» ATIB to‘g‘risida
«Ipoteka Bank» ATIB – mamlakatimizning yirik universal banklaridan biri hisoblanib, rivojlangan xizmat ko‘rsatuvchi bo‘linmalar tarmog‘i orqali keng turdagi bank xizmatlarini butun O‘zbekiston bo‘ylab taqdim etadi. Bank O‘zbekiston moliya bozorida ipoteka kreditlari ajratish va savdoni moliyalashtirish sohasida katta tajribaga ega moliya muassasasi hisoblanadi.
«Ipoteka Bank» ATIB
matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida