Onlayn kassa cheklarida dori vositalari uchun markirovka kodi majburiy bo‘ladi
2026-yil 1-iyuldan boshlab raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan dori vositalari realizatsiya qilinganda onlayn nazorat-kassa texnikasi cheklarida tovarlarga tegishli “Asl belgisi” axborot tizimidagi raqamli markirovka kodlari avtomatik tarzda majburiy aks ettiriladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi “Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Mazkur qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan e’tiboran tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan raqamli markirovkalanishi shart bo‘lgan mahsulotlar realizatsiya qilinganda elektron hisobvaraq-fakturalarni shakllantirish jarayonlari ham avtomatlashtiriladi. Xususan, litsenziya yoki ruxsat etuvchi hujjatlar mavjudligi, “Asl belgisi” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgani hamda raqamli markirovka kodlarining to‘g‘ri aks ettirilishi avtomatik tekshiriladi.
Shuningdek, bunday mahsulotlarni chakana savdo qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlariga sotishda ularning raqamli markirovka kodlarini to‘g‘ri o‘qishni ta’minlovchi maxsus qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi talab etiladi. Ana shunday holatda elektron hisobvaraq-fakturalar shakllantiriladi.
Qarorda belgilanishicha, raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar sotilganda onlayn kassa cheklarida ham qator jarayonlar avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Jumladan, raqamli markirovka kodi kiritilganda ushbu kodga biriktirilgan tovarlarning mahsulot va xizmatlar identifikatsiya kodlari (MXIK) to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi. Shu bilan birga, tovarlar uchun “Asl belgisi” axborot tizimida mavjud raqamli markirovka kodlarini majburiy aks ettirish tartibi joriy etiladi.
Ayni vaqtda mazkur qarorga muvofiq tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalashni joriy etish muddatlari 2027-yil 1-iyulga qadar uzaytirilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora-tadbirlar raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish, mahsulotlar aylanmasida shaffoflikni ta’minlash va noqonuniy aylanmaning oldini olishga xizmat qiladi.
M.Qosimova, O‘zA