Onkologiya: proton terapiyasi markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Xitoyning "Concord Healthcare Group" kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi. Szyan Vey (Jiang Wei) boshchiligidagi delegatsiya bilan O‘zbekistonda onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan proton terapiyasi markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ilg‘or nur terapiyasi texnologiyalarini joriy etish, kompaniyaning ixtisoslashtirilgan klinikalarni boshqarish borasidagi tajribasidan foydalanish hamda loyihani amalga oshirishning maqbul hamkorlik mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, loyihani moliyalashtirish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari va zarur infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bunday markazning tashkil etilishi O‘zbekistonda onkologik kasalliklarni davolashning zamonaviy usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyiha konsepsiyasini batafsil ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlash maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldi.
M.Qosimova,
O‘zA