Yurak qon-tomir kasalliklari kabi saraton kasalligi ham inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ekspertlar fikricha, so‘nggi yillarda yer yuzida kasallikning ushbu turi bilan kasallangan bemorlar soni oshgan. Shunga yarasha o‘lim ko‘rsatkichi ham.
Xatarli o‘simtalarning eng keng tarqalgan turi o‘pkada, ayollarda ko‘krak bezida, erkaklarda prostatada, undan keyin oshqozon va jigar, boshqa tana a’zolarida kuzatilmoqda.

Uning oldini olish, davolashda skrining tekshiruvlar muhim rol o‘ynaydi. Chunki skrining tekshiruvlar jarayonida kasalliklar barvaqt aniqlanadi. Barvaqt aniqlangan kasallikni esa shunga yarasha davolash ham oson kechadi.
– Bu turdagi kasalliklarni dovlashda kimyoterapiya, nur terapiya, immun terapiya, gormon terapiya, gipertermiya (o‘smaga issiqlik ta’sir etib davolash), kriodestruksiya (o‘smani muzlatib, parchalash), fotodinamik terapiya usullaridan foydalaniladi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filiali radiologiya bo‘limi mudiri Ikrom Ergashev. – Sirdaryo viloyat filialida bundan bir yarim, ikki yil muqaddam, nur terapiyadan tashqari boshqa davolash usullari bor edi. Bu ham ushbu turdagi kasalliklarni davolashda anchagina samara berardi. Ammo nur terapiya apparatimiz mavjud bo‘lmagani bois, bemorlar ko‘p hollarda Toshkentga borishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa ortiqcha vaqt, ortiqcha xarajat bo‘lib, bemor moddiy ahvolini yanada yomonlashishiga sabab bo‘layotgan edi.

2020 yilning so‘ngida muassasaga “Islom taraqqiyot banki”ning 4 milliard 500 million so‘m pul mablag‘lari hisobiga Chexiya davlatidagi “UJP PRAHA” firmasidan “TERABALT” "KOBALT-80" gamma nur terapiya apparati keltirilgach, distansion nur terapiya muolajalari uchun Toshkentga borishga hojat qolmadi. Endilikda saratonga chalingan bemorlar holatga qarab, davo muolajalarini shu yerning o‘zida 20 kun mobaynida uzluksiz olyapti. Bu esa, saratonga chalingan, ilk belgilari namoyon bo‘lgan bemorlarni davolashda qo‘l kelyapti.
Nur terapiyasi va jarrohlikning kimyo terapiya yoki immunoterapiyadan asosiy farqi shundaki, nur shishga aniq nuqtaviy ta’sir ko‘rsatadi va butun organizmga tizimli ta’sir qilmaydi. Ko‘pincha bu usul boshqa usullar bilan birgalikda qo‘llaniladi va operatsiyadan oldingi va keyingi davrlarda nurlatishdan foydalanilganida rakni muvaffaqiyatli davolash imkoniyatlarini ancha oshiradi.
Ochig‘ini aytganda, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaz Sirdaryo filialida bu turdagi kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolashda, filial direktori Sindur O‘rinboyev rahbarligida katta maktab vujudga keldi. Ular tomonidan olib borilayotgan ishlar so‘ngi vaqtlarda o‘z samarasini beryapti.

Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olish oson. Xasta bo‘lmasdan turib har bir inson onkolog-shifokorga profilaktika uchun hech bo‘lmaganda 1-2 yilda bir marta uchrasa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda, inson salomatligi bilan bog‘liq ko‘pgina noxush holatlarning oldi olinadi.
O‘zA