Bugungi kunda aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2021 yildan boshlab barcha hududda 45-65 yoshli ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash bo‘yicha skrining boshlangan.
To‘rt yil davomida “Onko-nazorat” xonalarida va mammografik skrining yordamida jami 2 million 179 ming 928 ta bemor ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jami 6 ming 117 nafar ko‘krak bezi saratoni bemorlari aniqlangan bo‘lsa, ularning 4 ming 404 nafari kasallikning erta I va II bosqichlaridagi bemorlardir.
Shuningdek, 1 ming 394 nafar bemorda a’zo saqlovchi jarrohlik amaliyotlari bajarilgan. Hozirgi kunda respublikada axborot tizimiga integratsiya qilingan 16 ta mobil mammograf va 16 ta statsionar mammografik kabinetlar aholiga malakali xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Bu haqda parlament quyi palatasining majlisida aytib o‘tildi. Unda Ssog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyarovga yuborilgan “Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga kelgan javob ko‘rib chiqildi.
Parlament so‘roviga kelgan javobda keltirilishicha, respublikaning barcha 16 ta onkologik muassasasi to‘la ta’mirdan chiqarilgan. Mavjud 5 ta nur terapiya uskunalari soni 51 taga yetkazilgan. Respublikada 100 ta ambulator, 650 o‘rinli statsionar xizmatiga ega eng zamonaviy yangi onkologiya markazi binosi qurilib, ushbu maskanda aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, davlat-xususiy sherikchilik asosida onkologik bemorlarga PET/KT tekshirishlari davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Barcha onkologiya filiallarida immunogistokimyo laboratoriyalari tashkil etildi.
Vazir javobiga ko‘ra, birlamchi bo‘g‘inga malakali onkologlarni tayyorlash maqsadida 2023-2024 o‘quv yilida 2 yillik klinik ordinatura yo‘nalishi bo‘yicha 96 ta o‘rin ajratilgan. Respublika onkologiya markazida 37 ta klinik ordinator tahsil olmoqda. Shuningdek, Farg‘ona, Xorazm, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridagi hududlararo xospislar faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Majlisda Spiker N.Ismoilov parlament so‘roviga yetarli javob berilmagani, xususan, so‘rovda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholi orasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash, birlamchi va ikkilamchi profilaktika ishlarini tashkil etish borasidagi ishlarni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar so‘ralgani, ammo bu borada aniq ma’lumotlar berilmagani, hududlararo xospislar bo‘yicha ham yetarlicha axborot keltirilmaganini tanqid qildi.
Muhokamalardan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA