Onaning duosi – yurtning qo‘rg‘oni
Bugun oramizda umrguzaronlik qilayotgan tabarruk insonlar borligidan har qancha quvonsak, ularni har qancha e’zozlasak, hurmat-ehtirom ko‘rsatsak ham kam. Chunki ana shu insonlarning hayot yo‘li biz uchun ibrat maktabi, nasihatlari bilan esa hayotimiz fayzli, yo‘llarimiz yorug‘.
Andijonning fayzli go‘shalaridan birida shunday bir inson yashaydiki, uning chehrasidagi har bir ajin – bir tarix, har bir so‘zi – oltinga teng o‘git. Paxtaobod tumanining Navro‘z mahallasida istiqomat qiluvchi 109 yoshli Chinnixon momo bugun nafaqat bir oilaning, balki butun elning duogo‘y farishtasiga aylangan.
So‘zlari sodda va samimiy onaxon bilan suhbatlashsangiz, hayotning oddiy haqiqatlari – halol mehnat, bag‘rikenglik va shukronalik insonni murodga, e’zoz, ehtiromga yetkazishiga yana bir bor amin bo‘lasiz.
Chinnixon momo hayotda ko‘p sinovlarni boshidan o‘tkazganligi, yoshlik yillari mashaqqatli kechganligini farzand va nabiralariga ko‘p bor gapirib bergan.
Farzandi Foziljon akaning aytishicha, onaxon 13-14 yoshidayoq, yelkasiga ketmon ilib dalaga chiqqan. Bolalik nimaligini bilmay, g‘o‘za chopgan, ariq tozalagan. Kolxozda nimaiki ish bo‘lsa, bajargan. Faqat qorin to‘yg‘azish, uyiga bir burda non olib kelish uchun ishlagan.
– Onam urush yillarini ko‘zida yosh bilan eslaydi, – deydi onaxonning 68 yoshli kenja farzandi Foziljon. – Har safar qancha qarindosh, mahalladosh yosh yigitlar urushga ketib qaytmagani, qancha ayol beva, qancha bolalar yetim qolganini gapiradi. Yaratgandan unday qaro kunlar hech qachon qaytmasligini, yurtimiz tinch bo‘lishini tilab, duolar qiladi.
Chinnixon momo turmush o‘rtog‘i Omonboy aka bilan besh nafar o‘g‘il-qizni voyaga yetkazib, el qatoriga qo‘shdi. Bugun farzandlarining uch nafari hayot. Hozirda kenja farzandi 68 yoshli Foziljon aka, kelini Yoqutxon aya, nevara kelinlari Zarifaxon, Saodatoy momoning xizmatida.
– Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsin. Shunday tinch, dorilamon kunlarda yashayapmiz, – deydi momo. – Hozirgi tinch, farovon hayotning qadriga yetaylik. Umrim mehnatda o‘tdi. Halol mehnat, ko‘ngil xotirjamligi, bag‘rikenglik, odamlarga yaxshilik qilish, chiroyli muomala inson umrini uzun qiladi.
[gallery-29053]
Urushdan keyin 1961-yilda xastalik tufayli turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tadi. Chinnixon momo maktabda farroshlik qildi, ipak qurti boqdi, ammo, hech qachon nolimadi. Farzandlarini el qatoriga qo‘shdi, halollikni ularning qalbiga muhrladi. Yolg‘iz, ayol boshi bilan farzandlariga bosh-qosh bo‘ldi, ularni uyladi, turmushga berdi.
Bugun Chinnixon momo Andijon viloyatining eng keksa, tabarruk insoni sifatida el ardog‘ida. O‘tgan yili mustaqillik bayrami arafasida onaxon Prezidentimiz farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Chinnixon momo kabi tabarruk insonlar bizning ma’naviy ustunlarimizdir. Ularning duosi yurtimizga fayz, yo‘llarimizga yog‘du beradi. Asr bilan yuzma-yuz kelib, shukronalik bilan yashayotgan bunday onaxonlarni e’zozlash – biz uchun ham qarz, ham farz.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.