🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

"Onamning ko‘zlarida quvonchni ko‘rish menga kuch beradi"

"Onamning ko‘zlarida quvonchni ko‘rish menga kuch beradi"
Jamiyat
Tanlaş
17:49 / 09.01.2024

Motivatsiya!

So‘lim Baxmal tumanining go‘zal tabiati, betakror manzarasi, dong‘i ketgan olmalariyu, bog‘-rog‘lari yosh Charosxonni o‘ziga rom aylar edi. Charos bolaligidanoq tabiat bilan, tuproq bilan tillashib ulg‘aydi, meva-sabzavot ekish va yig‘ishtirib olish kabi yumushlarda oila a’zolariga ko‘maklashish asnosida yerga, dehqonchilik va bog‘dorchilikka mehr qo‘ydi.  

Keyinchalik tabiatga, tuproqqa nisbatan bu iliq mehr uni shu sohada ilm olishga, agrar sohani yanada rivojlantirish uchun hissa qo‘shishga undadi. Shu bois Charos Anvarbekova 2018 yil Toshkent davlat agrar universitetiga o‘qishga kirdi. U oliy ta’lim muassasasidagi o‘qishi davomida ham agrar sohaga qiziqishi, ham ilm-fanga bo‘lgan intilishi, harakati natijasida bir qator yutuqlarga erishdi. Xususan, “Mahmud Mirzayev”, “Ilmiy kengash” nomli ichki stipendiya sohibasi bo‘ldi. 2019 yilda esa “Miss agro-2019" ko‘rik-tanlovi hamda “Yil talabasi” tanlovlarida g‘olib bo‘ldi. 2020 yilda “Qishloq xo‘jaligida yoshlarning innovatsion g‘oyalari” tanlovida o‘z loyihasi bilan ishtirok etib, 123 million so‘m yutuq sohibasiga aylandi.  

Charosning “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti hamda “Prezident stipendiyasi” sovrindori bo‘lgani haqida esa sal keyin to‘xtalamiz...  

– Qishloq xo‘jaligi sohasini bejizga tanlamaganman, – deydi Charos Anvarbekova. – Bu sohaga yoshligimdan mehr qo‘yganman, Baxmal tumanining tabiati, oilamizdagi qishloq xo‘jaligiga bo‘lgan qiziqish meni bu sohaga yetaklagan. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi Vatanimiz iqtisodiyotini va xalqimiz farovonligini ta’minlovchi soha hisoblangani uchun ushbu soha ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shishni, bozorlarimiz, dasturxonlarimiz to‘kinligini ta’minlashga ko‘maklashishni xohlaganman.  

Charosxon ilmga bo‘lgan intilishi, serg‘ayratligi, o‘z sohasiga mehr-muhabbati tufayli turli tanlovlarda faol ishtirok etdi. Jumladan, Butunrossiya iste’dodlilar tanlovida o‘zining ijtimoiy loyihasi bilan qatnashib, 1-o‘rinni egalladi. 2020-2021 o‘quv yilida Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘lib, magistratura bosqichiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. 2022 yilda O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Yil volontyori” tanlovi g‘olibi bo‘ldi. 2022 yilda O‘zbekistonning eng iqtidorli TOP-100 talabalari safidan joy oldi.  

Ayni paytda Toshkent davlat agrar universiteti “Uzumchilik va uzumni dastlabki qayta ishlash” yo‘nalishi magistratura 2-bosqich talabasi bo‘lgan Charos Anvarbekova o‘qish bilan birga, Prezident topshirig‘iga asosan "Agrobank" ATB tomonidan tuzilgan “Suvchilar maktabi”da ham faoliyat ko‘rsatadi.  

Yakunlangan 2023 yil ilm va izlanishga chanqoq bo‘lgan Charos uchun yanada omadli kechdi. U O‘zbekiston qizlari orzu qiladigan “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Ilm-fan yo‘nalishidagi sa’y-harakatlari, tinib-tinchimasligi uni ushbu davlat mukofotiga munosib ko‘rilishiga sabab bo‘ldi.  

Davlat rahbarining qo‘lidan mukofotni qabul qilib olish Charosga yanada g‘ayrat va albatta, o‘ziga yarasha mas’uliyat yukladi. Va yana ko‘proq o‘z ustida ishlashga, ilmda yangiliklar qilishga undadi. Bu intilishlar esa yil yakuni va yangi 2024 yilning boshlanishida yanada ulkan tuhfalarni hadya etdi – Charos Anvarbekova magistratura bosqichi uchun ta’sis etilgan “Prezident stipendiyasi” sohibasi bo‘ldi va tayanch doktoranturaga o‘qishga qabul qilindi.  

– Yakunlangan yil hayotimda o‘ziga xos yutuqlar bilan muhrlangan bo‘lsa, yangi boshlangan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” yanada keng imkoniyatlar taqdim etgani bilan esda qolarli bo‘ldi, – deydi Charosxon. – “Prezident stipendiyasi”ga sazovor bo‘lish ko‘pgina tengdoshlarimning orzuidir. Stipendiant bo‘lganim ilmiy faoliyatimni davom ettirishga pillapoya bo‘ladi. Kelajakda tayanch doktoranturada ham yetarlicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan holda mevachilik va uzumchilik sohasini yanada rivojlantirishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Ko‘pchilik “qayerdan motivatsiya, kuch olasiz, o‘qish, ish, jamoatchilik ishlaridan charchamaysiz?” deb savol berishadi. Motivatsiyani onamning ko‘zlaridagi quvonchdan olaman. Onam har bir yutug‘imdan xursand bo‘ladilar. Ularning ko‘zlarida quvonchni, baxtiyorlikni ko‘rish menga kuch beradi. 12 yil oldin dadam vafot etganlar. Onam biz 4 farzandni o‘zlari halol mehnat bilan boqib, o‘qishimiz uchun sharoit yaratib berishga harakat qilgan. Shuning uchun ham ularning orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishga, yuz-ko‘zlarida baxtiyorlik barq urishiga harakat qilamiz.  

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanmaslik – o‘zimiz uchun, kelajagimiz, tariximiz, qadriyatlarimiz uchun qilayotgan eng katta loqaydligimiz bo‘ladi. Aksariyat yoshlar talabalikka erishguncha astoydil o‘qishadi, harakat qilishadi. Lekin talaba bo‘lganidan so‘ng harakatdan to‘xtaydi. Aslida talabalik paytida ko‘plab imkoniyatlardan foydalanishimiz, ko‘proq ilm olishimiz bizni yuksaklikka olib chiqadi, – deydi qahramonimiz.  

Darhaqiqat, bugun baland cho‘qqilarni ko‘zlab harakat qilgan yosh borki, o‘z orzulariga erishmoqda. Ilm olish, kasb-hunar egallash, yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan sohalarni rivojlantirish yo‘lida bor imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda.  

Charos Anvarbekova ham ana shunday serg‘ayrat yoshlardan biri sifatida odatda ayollar kam faoliyat ko‘rsatadigan agrar sohada o‘zini ko‘rsatmoqda. Uning aytishicha, aynan ushbu soha mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmog‘i, aholi turmush tarziga ta’sir ko‘rsatadigan, eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydigan yo‘nalishdir. Shu bois ham u qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shish niyatida.  

Muhtarama Komilova, O‘zA

Muallif: muhtaramakomilova