Turkiyaning Anqara shahridagi “Berikan” nashriyoti yozuvchi Isajon Sultonning “Onaizorim” qissasini “Yufka Yurekli Anne” nomi bilan kitob holida chop etdi.
Asarni filologiya fanlari doktori, professor Ma’rufjon Yo‘ldoshev turk tiliga tarjima qilgan. Kitob G‘oziy universiteti professori, doktor Fatma Achik so‘zboshi bilan chop etilgan.
«Onaizorim» qissasi 2013 yilda “Sharq yulduzi” jurnalida, 2014 yilda “Sharq” nashriyot matbaa konserni tomonidan chop etilgan “Bog‘i Eram” to‘plamida bosilib chiqqan bo‘lib, bir o‘zbek onasining qizaloqligidan to umrining oxirigacha bo‘lgan sodda, nurli va yorug‘ hayotidan hikoya qiladi.
“Yufka Yurekli Anne” – yozuvchi Isajon Sultonning Turkiyada nashr qilingan ikkinchi kitobidir. Bungacha adibning “Bog‘i Eram” to‘plami bosilib chiqqan edi.
Isajon Sulton asarlari Rossiya, Buyuk Britaniya, Moldova, Ozarbayjonda ham chop etilgan bo‘lib, kitobxonlar tomonidan yaxshi kutib olingan. Shuningdek, AQSHning “Mazda Publishers” nashriyoti adibning “Boqiy darbadar” romanini 2019 yilda “The Eternal Wanderer” nomi ostida tarjimon – Kristofer Fort tarjimasi bilan nashr qilgan.
D. Mamatova, O‘zA