Ona-zamin mehrga muhtoj!
Qadimgi Misrda tuproqni “buyuk Nil hadyasi”, elladaliklar “Ayol va Ona”, bizda esa “Ona tuproq” deya eʼzozlanib kelingan.
Qadimgi Misrda tuproqni “buyuk Nil hadyasi”, elladaliklar “Ayol va Ona”, bizda esa “Ona tuproq” deya eʼzozlanib kelingan. Ulugʻ bobomiz Abu Ali ibn Sino “Tuproq- yer yuzidagi hayot- mamot negizi” deb taʼrif bergan. Muqaddas kitob- Qurʼoni karimning ikki yuz ellikta oyatida tabiat, uni asrab- avaylash haqida soʻz yuritiladi. “Batahqiq, Biz insonni quruq loydan, oʻzgartirilgan qora balchiqdan yaratdik”, deydi Alloh taolo “Hijr” surasida. Hayratlanarlisi, hozirgi zamon ilmi, insonni tuproqdan yaratilganini isbotlab turibdi!
Ha, ona- zamin- muqaddas, ajdodlarimiz necha-necha asrlar mobaynida uning har bir siqim tuprogʻini zoʻr muhabbat bilan qadrlab kelgan. Taʼbir joiz boʻlsa, Yer- bizning onamiz, u bizni yediradi, kiyintiradi.
Bolalik damlarimda yerni xivich bilan urganimni kuzatib turgan bobomning “Yer- muqaddas, uni urgan kishi gunohga botadi” deganlari hamon yodimda. Darhaqiqat, yer- insoniyat uchun hamma payt tiriklik asosi boʻlib kelgan va boʻlib kelmoqda, shuning uchun ham biz uchun uning qadri baland va hamon eʼzozda.
Ammo bugun koʻngilni bir shubha oʻrtaydi: Biz ona- Zamin bagʻridagi tabiiy boyliklarni shafqatsiz oʻzlashtirib , yer resurslaridan xoʻjasizlarcha foydalanib oʻzimizni halokat sari otmayapmizmi?!
Hamma asrning oʻz muammolari boʻlgan . Ammo 21 asr jahondagi global iqlim oʻzgarishi, yerlarning yaroqsiz holatga kelishi, biologik xilma- xillikning tez surʼatlar bilan yoʻqolib borishi butun insoniyatning hayotiga xavf solayotgani bilan ajralib turibdi.
Insonning tabiatga taʼsiri, suv va energoresurslardan foydalanishdagi isrofgarchiliklar, oʻrmonlarning yoppasiga kesib yuborilishi oqibatida 7000 dan ortiq hayvon va 60000 dan ortiq oʻsimlik turlari butkul yoʻqolib ketish arafasida. Oʻsimliklarning har yili 10-15 ming turi yoʻqolib ketmoqda. Agar jarayon shu yoʻsinda davom etaversa, sayyoramizda millionlab yillar davomida shakllangan biologik xilma-xillik yaqin 50 yil ichida qariyb 50 foizga kamayishi mumkin ekan.
Soʻnggi bir necha oʻn yilliklarda koʻpgina mamlakatlar choʻllanish hamda yerlarning degradatsiyaga uchrashi kabi qator muammolar bilan toʻqnashmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, dunyo miqyosida qariyb ikki milliard gektarga yaqin yer maydoni yaroqsiz holatga kelgan va insonning yerga boʻlgan taʼsiri yanada ortib bormoqda. Bu Oʻzbekistondagi jami sugʻoriladigan yer maydonlaridan 600marta koʻp degani. Yerlarning eroziyaga uchrashi natijasida har yili 7 mln. gektar yer maydonlari qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelmoqda.
Achinarlisi, har yili Yer yuzasidan 13 million gektar oʻrmonlar turli ehtiyojlar tufayli yoʻq qilinmoqda. Yangi yerlarni oʻzlashtirish maqsadida oʻrmonlarning kesilishi, nafaqat alohida mintaqalarda, balki butun sayyoramizda ekologik barqarorlikning, jumladan, suv rejimining buzilishi va boshqa koʻpgina ekologik ofatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Dunyo olimlari mavjud okeanlarning 40 foizdan ziyodi aynan inson taʼsiri oqibatida zarar koʻrganini taʼkidlamoqdalar. Statistik maʼlumotlarga qaraganda,okeanlarning atigi 4 foizigina oʻzining tabiiy muhitini asl holicha saqlab qolgan, xolos.
Iqlim oʻzgarishlari oqibatida, qutblarda suvning isish jarayoni jadallashgan. Yerning qutb qatlami qalinligi soʻnggi 40 yil ichida 40% ga kamaydi. Mutaxassislarning qayd etishicha, soʻnggi 15 yil davomida Yer yuzasidagi oʻrtacha harorat eng yuqori koʻrsatkichga yetgan.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda turli xil yoqilgʻilar, shuningdek, tabiiy gaz, yonuvchan slanes, torf, yogʻoch, oʻrmonlarning yonishi va vulqonlar otilishi natijasida atmosferaga yiliga 15 milliard tonna turli gaz va changlar chiqarilmoqda.
Insoniyat XX asr oxirlariga kelibgina gʻoyat murakkab muammolar qarshisida turganligini tushunib yetdi. Darhaqiqat, bugungi tabiat muvozanatidagi oʻzgaruvchan ahvol dunyo jamoatchiligidan jiddiy bosh qotirishni talab qiladi.
Jahonda yuz berayotgan ekologik muammolar girdobi, taassuflar boʻlsinki,yurtimizni ham chetlab oʻtmadi. Sobiq Ittifoq davridagi yangi yerlar oʻzlashtirish borasidagi mislsiz harakatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari va uning 70 millionga yaqin aholisini tashvishlantirib kelayotgan Orol muammosini paydo qildi.
Dengizning asosiy suv taʼminotchilari Amudaryo va Sirdaryo hisoblanadi. Ayni paytda birgina Amudaryodan suv oladigan kanallarning umumiy uzunligi 170 ming km.dan, suv omborlari soni 50 tadan oshib ketgan. Turkmanistonda 1959-1967-yillarda ishga tushgan Qoraqum kanali bir soniyada 300 metr kub suvni oʻz domiga tortmoqda.
Keyingi yarim asrda Orol dengizi suvining hajmi 14 barobarga, maydoni esa 8-marta qisqargan. Shoʻrlanish darajasi esa deyarli 25-marta ortib, dunyo okeanlari minerallashuviga koʻrsatkichiga nisbatan 11 barobar koʻpaydi. Baʼzi joylarda suv shoʻrlanishi 1 litrga salkam 300 grammni tashkil etmoqda
Bu omillar mintaqa flora va faunasiga oʻnglab boʻlmas zarba berdi. Suvda yashaydigan jonzotlar deyarli qolmadi. Orol boʻyi bioxilma-xilligi genofondining 50 foizdan ortigʻi boy berildi. Dengizning qirgʻoq chizigʻi 100 km.dan ziyodroq ortga chekindi. Bugun dengizning boʻshab qolgan oʻrnida 5,5 mln gektar maydonni egallagan Orolqum choʻli paydo boʻlgan.
Orolqum sahrosi mayda tuz va tuproq zarrachalari bilan qoplangan. Suv va tuproq tarkibidagi tuzning miqdori 10 milliard tonnadan ortiq ekani aniqlangan. Orolqumdan har yili atmosferaga 70-80 million tonnaga yaqin zaharli chang koʻtarilmoqda... Bu chang Pomir, Tyan-Shan muzliklariga, hatto Arktikaga ham yetib bormoqda...
Shuningdek, janubiy Orolboʻyidagi koʻplab kichik koʻllar qurib qoldi yoki sayozlikka yuz tutdi. Bu esa, oʻz navbatida, mavjud toʻqayzorlarning qariyb 90 foizi yoʻq boʻlib ketishiga, 800 ming gektardagi qamishzorlarning qurishiga va bu yerlarda ilgari doimiy qoʻnim topgan parrandayu darrandalar sonining keskin kamayib ketishiga olib keldi.
Shu oʻrinda dengizning buyuk kechmishiga ham bir nazar tashlab oʻtsak, Orol dengizi 1960- yillargacha maydoni 68 million kv. metr boʻlib, dunyoda kattaligi boʻyicha Kaspiy dengizi, AQSHdagi Yuqori koʻl va Afrikadagi Viktoriya koʻlidan keyin toʻrtinchi oʻrinda turgan. Unda Koʻkorol va Borsakelmas singari bir-biridan soʻlim 300 ga yaqin orollar mavjud boʻlgan.
Oʻtgan asrning 70-yillarigacha ushbu dengiz baliq yetishtirish boʻyicha dunyodagi ilgʻor sanoat markazlaridan biri boʻlib, yillik baliq ovlash hajmi 30-35 ming tonnani tashkil qilgan. Orol dengizi qirgʻoqlarida yashovchi aholining 80 foizdan koʻprogʻi baliq ovlash, baliq mahsulotlarini tayyorlash va yetkazish bilan band boʻlgan. Amudaryo va Sirdaryo deltalarining tuprogʻi serunum boʻlgani bois 100 mingdan ortiq odam ziroatchilik va chorvachilik bilan mashgʻul boʻlishgan. Amudaryo qirgʻoqlaridan yiliga 1 mln.dan ortiq ondatra moʻynasi tayyorlangan.
Har yili Amudaryodan salkam 40 kub km, Sirdaryodan esa 15 kub km atrofida suv quyilgan. Bundan tashqari, yiliga 5,5 kub km yer osti suvi ham qoʻshilib turgan.
Ming afsuslar boʻlsinki, bugungi kunda yuqorida zikr etilgan goʻzallikdan asar ham qolmagan, oʻz davrining yirik portlari boʻlgan Aralsk va Moʻynoq ... bugun kemalar qabristoniga aylangan.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligidayerni asrash, undan samarali foydalanish borasida Davlatimiz tomonidan keng koʻlamli izchil siyosat olib borildi. Shukrlar boʻlsinki, bu harakatlar bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham davom etmoqda.
Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi Rio deklaratsiyasini imzolagani, iqlim oʻzgarishlari, choʻllanishga qarshi kurash, biologik xilma- xillik,Butunjahon madaniy merosni muhofaza qilish Konvensiyasi va boshqa koʻplab ekologik yoʻnalishdagi xalqaro shartnomalarga qoʻshilgani mamlakatimizning bu borada olib borayotgan ishlari salmogʻi, olamni asrashga qoʻshayotgan hissasi zalvori nechogʻli ekanligini koʻrsatib turibdi.
Buning amaliy tasdigʻi sifatida birgina misol: Prezident farmonlariga asosan“2008-2012-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash”hamda “2013-2017-yillar davrida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish” Davlat dasturlari qabul qilingani natijasida 2008-yildan boshlab mamlakatimizda qariyb 1,5 million gektar sugʻoriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi, yer osti suvlari yuqori boʻlgan maydonlar qariyb 10 foizga yoki 415 ming gektarga qisqardi, kuchli va oʻrtacha shoʻrlangan maydonlar 113 ming gektarga kamaydi.
Bundan tashqari, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishdek ijtimoiy munosabatlar davlatimizning 30 dan ziyod qonun va 300 dan ortiq meʼyoriy hujjatlari bilan tartibga solingan.
AllaqachonOrol boʻyi tumanlarida ham choʻllashishga qarshi keng harakatlar boshlab yuborilgan, Orolning qurigan oʻzanlarida shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekilmoqda...
Bu xabarlar koʻngilga taskin berganday boʻladi, xavotirga oʻrin yoʻqday goʻyo, lekin baribir bizdan keyingi avlod baxtli yashashi uchun hali koʻp ishlar qilishimiz shart va zarurligini unutmaylik!
Deydilarki, asalari uyasi ogʻzida doimiy ravishda ikkitasi poyloqchilik qilar ekan, agarda arilardan birortasi zaharli gul-giyohlardan totigan boʻlsa, uni iniga qoʻymas ekan. Biz-chi,ongli- yuksak tafakkurli inson boʻla turib, loaqal oʻz inini arzimas bir zaharli gulchangdan asrayotgan asalaricha boʻla olmasak! Nahotki, Ona Yerimizda hayot tugab borayotganiga jimgina qarab turaversak!
Qalbimning tub- tubidan bir nido otilib chiqadi:- Ey, Ona Yer! Sen biz farzandlaringga hayot baxsh etsangu biz sening koʻksingga pichoq ursak. Sen bizni tirikligimizda boshingga koʻtarib, vafotimizdan soʻng yana oʻz bagʻringga olsangu biz senitoptasak va bagʻringni oʻysak !
Onasan-da bizni kechirasan,lekin biz-chi, oʻz farzandlik burchimizni bajaraolyapmizmi? Kechir, kechir bizni, ona tabiat! Noqobil farzandlaringni kechir , ona- Yer!
Ogoh boʻling , odamlar! Ona Yer bugun jon talvasasida. U bugun oʻz farzandi- insonning chin mehriga- yordamiga muhtoj. Keling, yaxshilar birlashaylik, bir tanu jon boʻlib Ona Yerimizning dardiga malham boʻlaylik! Shoir ogohlantirganidek:
Yerni tepma, asta bos qadam,
Yetar uning chekkan ozori.
Yillar oʻtib shu Ona tuproq,
Boʻlar, shaksiz, tanang mozori.
Yerni tepma, asta bos qadam,
Shu tuproqda unsin lolalar.
Uni asrang, unda sizdan soʻng,
Kamol topsin, aziz bolalar!
Rahmatulla Sultonov,
“Oʻzbekiston” teleradiokanali bosh muharriri.