Ona yerimizni asrash — muqaddas burchimiz
22-aprel — Xalqaro Yer kuni munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan joylarda targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, Toshkent davlat agrar universitetida “Ona yerimizni asrash — muqaddas burchimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, partiya fraksiyasi a’zosi Mohira Xo‘jayeva ishtirok etib, ma’ruza qildi.

Tadbirda yer resurslarini asrash, tabiatga e’tiborli bo‘lish hamda ekologik muammolarning oldini olish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi. Yosh avlod qalbida tabiatga mehr, ona yerga sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otish, aholi va yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbirda talaba-yoshlar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.
****
Ekologik sana munosabati bilan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida ham O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tashabbusi hamda Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamkorligida “Yashil moda – kelajak nafasi” shiori ostida keng ko‘lamli ekologik tadbir va davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Xalqaro Yer kunining ahamiyati, global ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari keng muhokama qilindi.
Ishtirokchilar tomonidan ekologik yo‘nalishdagi innovatsion va ijodiy ishlanmalar namoyish etildi. Talabalar qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan zamonaviy kiyim kolleksiyalari, 20 ga yaqin eko-art asarlari hamda 10 dan ortiq innovatsion eko-loyihalarni taqdim etdi.

Eng faol ishtirokchilar “Eng yaxshi eko-loyiha”, “Eng yaxshi eko-art obraz” va “Eng yaxshi ekologik kiyim” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi. Tadbir davomida ekologik madaniyatni rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng targ‘ib etish bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida Xalqaro Yer kuni ramzi sifatida institut hududidagi bog‘da mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA