Ona va bolalar huquqi tiklandi
Voyaga yetmaganlar o‘z oila a’zolari bilan birga yashashi qonunda belgilangan. Ammo, bugun ba’zi otalar oilasi darz ketsa, farzandi va turmush o‘rtog‘ini uyiga kiritmayapti.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudi ham 2 nafar farzandning onasi I.Qo‘chqorovaning shunday da’vosini ko‘rib chiqdi.
Sud ayolni farzandlari bilan Baliqchi tumanida joylashgan, o‘zi kelin bo‘lib tushgan uyiga kiritib qo‘yish haqida ijro hujjati chiqardi.
Ijro hujjati esa Majburiy ijro byurosi Baliqchi tuman bo‘limiga kelib tushgan.
Ijro harakatida xolislar va majburiy ijroga jalb etilgan mutasaddilar ishtirokida I.Qo‘chqorova farzandlari bilan kelinlik uyiga kiritildi.
Ma’lumot uchun, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, har bir bola turar joyli bo‘lish huquqiga ega. Mazkur huquq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Turar joy mulkdorining yoki turar joyni ijaraga oluvchining oila a’zolari bo‘lgan bolalar ular qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, turar joy mulkdori yoki turar joyni ijaraga oluvchisi egallab turgan turarjoyga nisbatan huquqqa ega bo‘ladi.
M.Karimova,O‘zA