Ona va bola sog‘ligi yurtning boyligidir
Keyingi yillarda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida transformatsiya qilinmoqda. Sohaga ilg‘or davolash va diagnostika usullari, innovatsion texnologiyalar keng tatbiq etildi va bu boradagi ishlarning ko‘lami yanada kengaymoqda.
Buning natijasida malakali tibbiy xizmat eng olis va chekka hududlarda yashovchi aholi xonadonlarigacha yetib bormoqda. Yaqin yillargacha faqat ilg‘or xorijiy davlatlarda amalga oshirilgan yuqori texnologik murakkab jarrohlik operatsiyalarining endilikda nafaqat poytaxt va viloyatlar markazlari, balki tumanlar darajasida ham muvaffaqiyatli bajarilayotgani sohadagi rivojlanishdan darak beradi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyati filiali tomonidan onalik va bolalikni muhofaza etish, aholining reproduktiv sog‘lig‘ini yanada mustahkamlash borasida qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, markazga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 sentyabrdagi “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yangi “Sell savver” tibbiy uskunasi olib kelindi. Mazkur apparat homilador ayollarning tug‘ruq jarayonlarida ko‘p qon yo‘qotish holatlari kuzatilganda, bemorning qonini olib, filtrlab o‘ziga qayta yuborish imkonini beradi.

– Onalar o‘limida qon ketishi birlamchi sabablardan hisoblanadi. Agar tug‘ruq jarrohlik yo‘li usuli bilan kechadigan bo‘lsa, ona ba’zi hollarda ikki litrdan to‘rt litrgacha qon yo‘qotishi mumkin, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filiali direktori Rayhona Daminova. – Shoshilinch holatlar kuzatilganda bemorning qon guruhiga mansub qon maxsus markazlardan olib kelinadi. Jarayonda onaga vaqtida qon quyilmaslik buyrak, jigar va miya faoliyatiga jiddiy zarar yetkazilib, nogironlik yoki falajlik, ba’zida esa noxush vaziyatlar bilan ham yakunlanishi mumkin. Endilikda markazimizda bu kabi holatlarni zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida bartaraf etish imkoniyati yuzaga keldi.

Qiymati 2 milliard so‘mga teng bo‘lgan “Sell savver” uskunasi hozirga qadar respublikamiz hududida faqat Toshkent shahri va Xorazm viloyatida mavjud edi. Endilikda Namangan viloyatida ham ish boshladi. Uskuna ishtirokida viloyat ona va bola salomatligi tibbiyot markazida o‘tkazilgan dastlabki amaliyot muvaffaqiyatli o‘tkazildi. E’tiborlisi, amaliyotlar vaqtida ushbu uskunani qo‘llash homilador ayollarga yuqishi mumkin bo‘lgan turli xil infeksiyalar bartaraf etiladi. Qolaversa, yangi uskuna orqali bir soatda olti litr qonni qayta ishlash imkoni bor. Shuningdek, uning yordami bilan tug‘ruqdan keyingi qayta tiklash jarayonlari ham yengil va tez kechishiga erishiladi.

Qayd etish joizki, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyati filiali tomonidan viloyat kesimida tanlab olingan Chust tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksida ham yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi.
Poytaxtdan kelgan malakali shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, akusher-ginekolog Sanjarbek Yo‘ldoshev boshchiligida, filial shifokorlari tomonidan o‘tkazilgan qisqa muddatli katta amaliyot uch nafar bemor ayollarni dardiga malham bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri