Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida onalar va bolalar o‘rtasidagi kasalliklarni erta aniqlash hamda davolash, sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga erishish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tuman va shaharlardagi tug‘ruq majmualari, perinatal markazlar rahbarlari, ona va bola salomatligiga mas’ullar ishtirok etgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh akusher-ginekologi, professor Lola Abdullayeva, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev hamda Samarqand davlat tibbiyot universitetining professor-o‘qituvchilari ayni paytda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritdi. Ushbu yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi.

Jumladan, viloyatda perinatal va neonatal yordamni rivojlantirish, hududlarda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan perinatal markazlarni zamonaviy uskunalar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash orqali viloyatda onalar va chaqaloqlar o‘limi darajasini pasaytirish, ayollar salomatligini nazorat qilish uchun “Onalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish milliy dasturi” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasini kengaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, hududiy va markaziy tibbiyot muassasalarida xizmat qilayotgan shifokorlar uchun maxsus malaka oshirish kurslari hamda viloyat va tuman darajasidagi tibbiyot muassasalari o‘rtasida telemeditsina hamkorligini rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri