Ona va bola o‘limiga kim aybdor ?
Qashqadaryo viloyati Koson tumanida joriy yilning 20 yanvar kuni tug‘ish uchun o‘z oyoqlari bilan yurib borgan ayol bolasi bilan o‘lik holda uy egalariga qaytarilgani haqida ayolning turmush o‘rtog‘i tomonidan ijtimoiy tarmoqqa yuklangan murojaat jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Murojaatda sog‘lom, oyog‘i bilan yurib borgan onaning uyga o‘ligini olib kelishgani, tug‘uruqxonadagi UZI apparati ham bola sog‘lom deb ma’lumot bergani, bugun esa bir oila ayolsiz, farzandlari onasiz, ham farzandsiz qolgani qayg‘u bilan ta’kidlanadi.

Ayolning turmush o‘rtog‘i tuman tug‘uruqxonasi shifokorlari aybi bilan ona va bola o‘limi sodir bo‘lganini iddao qiladi.
Xo‘sh, tug‘uruqxonaga sog‘lom borgan ayol nima sababdan vafot etgan? Vaziyatga oydinlik kiritish va savollarimizga javob olish maqsadida Koson tumani tibbiyot birlashmasiga bordik.
– Haqiqatdan ham joriy yilning 21 yanvar sanasida Beshqo‘ton MFYda yashovchi fuqaro tuman markazidagi tug‘uruqxonaga kelgan. Afsuski, o‘sha kuni kechasi vafot etgan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Diyor Sanaqulov. – Ushbu holat bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan va holat o‘rganilgan. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun shifokorlar jazolangan. Bundan tashqari, tegishli organlar tomonidan ham ushbu masala o‘rganilmoqda va kerakli xulosalar chiqariladi. Ilgari bunday holat kuzatilmagan bu birinchisi. Tug‘uruq kompleksida barcha sharoitlar yaxshi. Mutaxasislar tajribali. 2017 yilda tug‘uruq kompleksi joriy ta’mirlangan va yetarli zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Favqulodda holatlarda jarrohlik amaliyotlarini to‘liq bajarishga sharoitlar yetarli.

Mas’ulning fikrlaridan anglashiladiki, tug‘uruq kompleksida hamma sharoit bor. Mutaxassislar ham tajribali. Unda kamchilikka yo‘l qo‘ygan shifokorlar jazolandi, degan gap dastlabki fikrlarga zid keladi. Demak o‘sha kuni haqiqatda shifokorlar qaysidir ma’noda xatoga ham yo‘l qo‘ygan. Har holda mas’ulning fikri buni tasdiqlamoqda.

Surishtiruvni davom ettirib, tuman tug‘uruq kompleksiga bordik. Afsuski, o‘sha kuni marhum bilan bog‘liq jarayonda qatnashgan birorta shifokorni topa olmadik. Hatto operatsiyada qatnashgan orastabon ham bizdan yashirindi. Balki ko‘rsatishni istashmadi. Bemorning kasallik tarixini ham prokuratura olib ketgani aytildi. Xullas, hech bir iz yo‘q. Ushbu holat yuzasidan tug‘uruqxonaning genekologiya bo‘limi boshlig‘i Maryam Ro‘ziyeva bilan suhbatlashdik.

– O‘sha kuni bemor kunduzgi soat 10 larda kelgan, – deydi M.Ro‘ziyeva. – Bemorda kamqonlikning o‘rta og‘ir darajasi aniqlangan. Tug‘ishga tayyor bo‘lmagani uchun kutilgan. Hamma muolajalar qilingan. Tug‘ish jarayoni soat beshlarda boshlangan. Bachadon to‘liq ochilgandan keyin tug‘ishga qo‘yilgan. Bolasi kattaroq bo‘lgani va bola boshi sal qiyshiq tushgani uchun tug‘ishi vaziyatga qarab yana kutilgan. Tug‘a olmagach operatsiyaga olishga to‘g‘ri kelgan. Bu jarayonda bachadondagi qon tomirlari qochib ketishi natijasida ichki qon ketishdan bemorning ahvoli og‘irlashgan. Ko‘rilgan barcha muolajalarga qaramay ayol va bolasi vafot etgan. Albatta bu holat mingta bemordan bittasida kuzatiladi. Shifokorlarimiz qo‘lidan kelgancha harakat qilgan.

Tug‘uruqxonadagi mas’ulning bu fikrlari albatta bizni qoniqtirmadi. Voqea guvohlarini esa baxtga qarshi topa olmadik.

Tibbiyot bo‘yicha mutaxassis emasman, lekin ushbu sohaning tajribali vakillariga shu savol bilan murojaat qilganimda jarrohlik yo‘li bilan bola tug‘dirib olinganda 95-96 foiz holatda bola tirik qoladi, agar u ona qornida vafot etmagan bo‘lsa, ichki qon ketish kuzatilganda esa bachadonni to‘liq olib tashlash orqali onaning hayotini ham saqlab qolish mumkin ekan.
Lekin negadir o‘sha kuni na bemor, na uning farzandi tirik qolmagan.
Surishtiruvda davom etdik. Keyingi manzilimiz marhuma yashagan Beshqo‘ton MFYdagi 19-sonli oilaviy poliklinika bo‘ldi. U yerda marhumaning tibbiy kartasi bor yo‘qligi bilan qiziqdik. Ammo tibbiy karta ham organ xodimlari olib ketgani bois topilmadi. Lekin marhumaga hayotlik chog‘ida biriktirilgan doya bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.
– Marhuma 1990 yilda tug‘ilgan va o‘tgan yilning avgust oyida homilasining 13-14 haftaligida poliklinikamizga kelgan, – deydi 19-son oilaviy poliklinika doyasi Nargiza Abdullayeva. – Tibbiy ko‘riklardan vaqtida o‘tib turgan. O‘tgan davr mobaynida skrining markaziga ikki marta borib kelgan. Sog‘ligi yaxshi edi. Homiladorligi doimiy nazoratda bo‘lib tibbiy kartasiga yozib borilgan. Tekshiruvlarda ahvoli yaxshi chiqqan. Xullas tug‘ishgacha bo‘lgan jarayonda hech qanday kasalliklari aniqlanmagan.

Shundan so‘ng og‘ir bo‘lsada marhuma yashagan xonadonga bordik. Uch nafar norasida farzandi bilan bo‘zlab qolgan yosh ota Faxriddin Berdiyevning ham qayg‘uli fikrlarini tingladik.
– 20 yanvar kuni oilamni sog‘lom holatda tuman markazidagi tug‘uruqxonaga olib bordim, – deydi u. – Ko‘rishdi. Hali vaqti bor deyishdi. Olib chiqib UZI apparatiga tekshirtirdim. Apparatchilar ham uch soatlar vaqti bor deyishdi. Mashinamda vaqti kelguncha olib o‘tirdim. Soat tushdan keyingi uchlarda tug‘uruqxonaga kiritdim. Soat beshlargacha dardini kelishini kutib uni ushlab turishdi. O‘sha vaqtda xotinimning oldiga kirib bordim. Ayolim qora terga tushib ketgan edi. Qo‘limdan ushlab “dadasi menga yordam bering o‘lib qolaman” dedi. Uning og‘zidan oxirgi eshitgan gapim ham shu bo‘ldi. Ko‘tarib ikkinchi qavatga operatsiya xonasiga olib chiqdim. Keyin menga qog‘oz to‘la dorilar ro‘yxatini berishdi. Shuni olib keling deyishdi. Chopganimcha dorixonaga ketdim. Uzundan uzoq ro‘yxatdagi dorilarni topib joylab bergunicha yarim soatdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Kelgunimcha, tug‘dirish uchun vaakum apparati qo‘shib, bolani o‘ldirib qo‘yishgan. Vaakum qo‘shgan vaqtida bachadondagi suyuqlik to‘kilib ketgan va bola quruqlikda qolib halok bo‘lgan. Keyin operatsiyaga olib kirib ketdi. Har soatda bolam tug‘ildimi, deb so‘rayman. O‘zimiz xabar beramiz deb chiqarib qo‘yaverdi. Shu alfozda soat kechki 9 bo‘ldi. Mahallamiz shifokoridan telefon keldi va u bolangiz o‘ldi deyishyapti kirib biling qani, dedi. Yana ichkariga kirdim. Operatsiya tugasa o‘zimiz xabar beramiz, deya yana chiqarib qo‘yishdi. Birozdan so‘ng chaqirib qon kerak deyishdi. Qon izlab qarindosh urug‘larni chaqirdim. Ular bilan ichkariga kirib borsak, ayolimni o‘ldirib sun’iy havo berib qo‘ygan ekan. Lekin hali o‘lgani yo‘q dedi. Ammo unda hayot alomatlari sezilmasdi. Doktorlar bilan savol javob qildik. “O‘zlaring bolani o‘ldirib kelgansizlar, qanday qilib tiriltirib beraman” dedi. Qo‘limda UZI qog‘ozi bor edi, shuni ko‘rsatdim. Shu paytda IIBdan, prokuraturadan, Milliy gvardiyadan vakillar kelib hammasi qoravullik qildi. Doktorlarning hammasi ketdi. Bitta hamshira bilan operatsiya qilgan bitta shifokor qoldi. Tonggi 3-3,5 larda uchastkavoy meni chaqirdi. Doktorni oldiga kirdim. Endi bardam bo‘ling ayolingiz o‘ldi dedi. Qo‘limga soppa-sog‘lom ayolimni o‘ldirib berishdi. Bo‘lgan voqea shu.

Uch nafar norasida go‘dagi bilan qolgan Faxriddin Berdiyevning dardi rostdan og‘ir. Ayniqsa hozir unga juda qiyin. Marhum ayolini qaytarib olishning imkoni yo‘qligini u yaxshi anglaydi, ammo aybdorlar jazosini olish kerak deydi. Mening boshimga tushgan tashvishlar boshqalarning boshiga tushmasin, go‘daklar onasiz qolmasin, deya yozg‘iradi.
Haqiqatda uning qo‘lidagi o‘sha kuni marhuma tushgan UZI qog‘ozining nusxasi bor ekan va biz ham ko‘rdik. Qog‘ozda bolaning yurak urishlari, holati haqida ma’lumotlar qayd etilgan edi. Surishtiruvni esa shu yerda yakunladik. Bu bilan hech kimni ayblamoqchi emasmiz. Inson borki xato qiladi. Ammo ba’zi arzimagan xatolarimiz, insonning o‘limiga sababchi bo‘lsa, uni kechirish qiyin. Xulosa o‘zingizdan.
O‘lmas Barotov,
O‘zA