Ona tilini ardoqlashga barcha birdek masʼul
Ona tilimiz ozor chekmasin.
Mulohaza
Kompyuterda yoza turib bexosdan, yozuv formatini oʻzgartirib, harf tering, birdan ostiga qizil chiziq tortiladi. Adashmadingmi deb, ishora beradi. Anglaysiz xatolik oʻtdi.“Miya”siga shunday singdirilganda. Eʼtiborli boʻlasiz, qizil chiziq tushmasligi uchun matnni obi-tobida terasiz. Diqqatni oshirasiz, xatolik oʻtmasin, shu texnikada meni “izza”qilmasin degan oʻy xotiringizda turadi.
Maktabda oʻqib yurgan kezlarimiz, bilmasvoyligi ayon boʻlgan oʻquvchini muallim burchakka turgʻazib qoʻyardi. Toliqqan tengdoshimiz, bu xatoni boshqa takrorlamaslikka soʻz berar va uddasidan chiqardi ham.Agar shu kabi usul, bugun qoʻllanilsa, bilmasvoylar kasriga qanchadan-qancha burchaklarimiz band boʻlib turaverar ekanda. Sekin derazadan koʻchaga boqaman. Almoyi-aljoyi koʻcha yozuvlarini koʻrib peshonangiz tirishadi, oʻqiy olmay albatta. Bu nima degani ekana, deb soʻz bisotingizni obdon kovlashga oʻtasiz, agar shunga yaqin biron maʼno topsangiz, doʻppingizni osmonga oting. Ammo... «Landiya», «Ledi»,“Butik”, «Lamour», «Krisha»,«Vunderkind», «Solnыshko», «Maksdizayn», «Lesa prokat», «Mikrosalon», “Kseroks”, «Zapchasti», «Tursiya kiyimlari», «Lyubimыy»,«Optom mollari»...
Ana boʻmasam... Doʻkon egasi, uning didi, fahm farosati, yurtga boʻlgan mehru oqibati haqida shuuringizda chizgilar chiza boshlaysiz. Mayli juda uddaburon, tadbirkor, yoʻq joydan bor qiladigan, ishni koʻzini bilgan odamdir. Ammo, birgina peshtoqdagi mana shu peshlavha hammasini xira qildi. Uning ish faoliyati koʻzgusiga dogʻ boʻlib tushdi.
– Koʻcha yozuvi koʻpniki. Odamlarning eʼtibori, nigohidagi ish. Shunchaki yozuvda, kompyuterda borini chiqarib olib kelib ildik deganlarni aslo oqlamayman, – deydi ijodkor Lola Oʻroqova. – Qarang, tilimizda qandayin betakror, aytgan sari diling ochiladigan soʻzlar bor. Kitob tumani boʻylab ketaversangiz,«Zartola», “Sadaf”, “Mingchinor”, “Anor” nomi ostida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga duch kelasiz. Ich-ichingizdan mamnun boʻlasiz, lekin bu kabi koʻcha yozuvlari barmoq bilan sanarli. Almoyi-aljoyi nomlarni peshonasiga ilib qoʻyib ish yuritayotganlar oldiga borsangiz, savolingizga javob – «Shu zamonaviy boʻlsin, dedikda» boʻladi. Oʻylab oʻyimga yeta olmayman, duch kelgan nomni firma yoki doʻkonga qoʻyish qachondan zamonaviylik belgisi boʻlib qoldi-a. Biz tumanda tadbirkorlar, tashqi koʻcha yozuvlarni tayyorlash bilan shugʻullanuvchilar uchun telegram kanali tashkil etdik. Unga taniqli filolog, oʻqituvchi va ijodkorlarni jalb etganmiz. Maqsad, kasallikni davolash emas, oldini olish. Yaʼni, falon soʻmga tayyorlangan, ammo xatosi bor reklama yozuvi yoki peshlavhani bartaraf etishdan koʻra, uni tayyorlanishidayoq xatolikka yoʻl qoʻymaslik. Hozir esa, mahsulot yoki buyurtmani tayyorlashdan oldin tadbirkor fikrlashadi, taklif etilayotgan nom haqida, uning bexato yozilishi borasida maʼlumot oladi.
Ha, koʻpchilik uchun xizmat qiladigan, koʻpning manfaatiga buyuradigan ishga shunchaki yondashib boʻlmaydi. Nazorat tadbirlarini olib borayotib, “Nega tashqi yozuvda imlo xatosi bor yoki bu soʻzning maʼnosi nima?” – desangiz, “Kompyuterdan shunday chiqqanda”, – degan javobni olasiz. Afsuski, keltirilgan bahona xuddi ilingan yozuv kabi dilni xufton qiladi. Qiziqchi Muhiddin darveshu, Hojiboy Tojiboyevga taqlidan aytganda, «Bu bir kompyuter boʻlsa, qilma, qoʻymani bilmasa, nimani buyurtma bersa shuni yozib bersa... unda sen nima qilib oʻtiribsan, deydigan mard yoʻq» edi shu paytga qadar. Endi aytilmoqda, tartibi, qonun talablari, huquqiy meʼyorlar tushuntirilyapti.
– Natijachi?, – dersiz.
Boʻlmoqda. Birgina Qarshi shahrida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida bir kunning oʻzida yigirmadan ortiq tashqi koʻcha yozuvlari, katta hajmdagi banner, peshlavhalardagi xatoliklar aniqlandi. Tushuntirish ishlari olib borildi. Talabga javob bermaydigan yozuvlar bartaraf etildi.
“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchiga oʻzi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shartligi, shuningdek “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunda esa, qonuniylik, aniqlik, ishonchlilik, reklamadan foydalanuvchiga zarar, shuningdek maʼnaviy zarar yetkazmaydigan shakllar va vositalardan foydalanish reklamaga doir asosiy talablardir. Noaniqligi, ikki xil maʼnoni anglatishi, boʻrttirib yuborishi, yashirib ketishi oqibatida reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan reklama notoʻgʻri (insofsiz, bilaturib yolgʻon) reklama hisoblanib, bunday reklama taqiqlanishi belgilangan.
Nimaiki qonuniydir, demak u doimiy. Agar tadbirkor oʻz faoliyatini qonun talablariga rioya qilgan holda olib borsa, tartib tamoyillarga amal qilsa, muhimi shu yurt shaʼni, obroʻ izzati uchun kurashsa demak hamisha yuzi yorugʻ boʻladi.
– Korxonaning nomi?
– “Buyursin”deb nomlaganmiz.
– Ohho, chiroyli nom tanlabsiz, qoyil.
– Onam oʻzbek tili va adabiyot fanidan dars berganlar, hozir pensiyadalar. Maslahatlashib shunday nom qoʻydik, xursand boʻlyapman. Kim eshitsa, yuziga bir tabassum yoyiladi.
– Qarang, birgina soʻzda qanday kuch bor. Ham niyat, ham mehnatni ardoqlash bor. Mehnatingiz buyursin.
– Rahmat. Onaginamning daftarlarida “Toʻyona”, “Sarupo”, “Koʻzmunchoq”, “Marvarid”, “Suyunchi”, “Pokiza”, “Bisot” kabi chiroyli soʻzlar bor. Doʻkon ochish, tadbirkorlikni boshlash istagidan boʻlganlarga maroq bilan nom topib beryaptilar, hozir.
Ha, tilga eʼtibor hissini yuksaltirishda oilaning, ota-onaning oʻrni nihoyatda ahamiyatli. Axir farzand ilk olguligini shu ikki buyuk zotdan oladi. Soʻzlarni hijjalab aytib, ularga taqlid qiladi, oʻrganadi va kamolga yetadi. Agar farzandning tili xashaki, qorishiq boʻlsa, afsus unda asliyat bilan bogʻliq tushunchalar sayoz boʻlishi tayin. Bejizga aytmaydilar, tilda nomus, or, ruhiyat mujassamdir. Shu kezda, fikrni yana xalq bisoti boyitadi: tarbiyachining oʻzi tarbiyalangan boʻlmogʻi kerak.
Bugun tarbiyalangan tarbiyachilarga tobora ehtiyoj sezmoqdamiz. Tilga boʻlgan hurmatsizlik holatlarining kelib chiqish sababini sal ilgariroqdan, yaʼni roʻzgʻor tashvishiga qorishib, maʼnaviyat, qadriyatdan qorin gʻamini ustun qoʻygan yillarimizdan izlayman. Istaymizmi-yoʻqmi, kundalik tashvishlar ichida maydalashganimiz bor gap. Topgan tutganimizni hoyu havas yoʻlida sarf etib, asl qadriyatlardan yiroqlashdik. Otani «paxan», onani «mamulya» deyishni obroʻ sanadik. Mana yillar oʻtib, qaddimiz, qadrimiz yuksaldi. Maʼnaviy ehtiyojlarning oʻrni toʻlmoqda. Kitob oʻqish – oliy yumush ekani, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Abdulla Qodiriy, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuflarni oʻqish va uqish qanchalar ehtiyoj ekani tobora ayon boʻlmoqda. Millatning ruhi, tafakkuri, maʼnaviyatini oʻzida jo qilgan – ona tilini ardoqlash ishiga barcha birdek masʼulligi bugun qalqib chiqdi. Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish yoʻlida tizimli ishlar joriy etilmoqda. Muhimi, “Til borki millat barhayot” kabi shiorlar faqat tadbirlarda emas, bugun qalblarda oʻz ifodasini topmoqda. Matbuot, ijtimoiy tarmoqlarda ochiq, oydin fikrlar bildirilib, til himoyasi uchun kamarbasta boʻlinyapti. Jamoatchilik nazorati asosida, koʻzga, dilga yot jihatlar haqida bong urilmoqda, muammolar bartaraf etilmoqda.
“Qashqadaryo” gazetasi tahririyatida amaliyot oʻtagan kezlarimiz, boʻlim mudirini mudom tayin ish ustida uchratardik. Bir koʻzoynak halak, bir qizil qalam. U erinmasdan matnni tahrir qilar, muxbirning “ijodiy ishi” boʻlim mudirining “mehri” evaziga tobora qizil tusga kirib borar, chetdan kuzatib ahvol chatoq ekanini anglardik. Ertami, indin bizning qoralamalar ham shu insonning qoʻliga tushishi haqida oʻylasak, koʻngilga hadik oralardi. Hayajon bosardi. Eplay olarmikinmiz. Qizil ruchkaning “ter toʻkmasligi”, yozilgan maqola bejalmasligi, mehnat obi tobida boʻlishi haqida tahririyat xodimlaridan saboq olardik: “Soʻzni xor qilish, ayamay ishlatish nonkoʻrlik boʻladi. Seni oʻzbek tili, soʻz boqadi, kimligingni koʻrsatadi, yuzingni ochib beradi”. Baʼzan musahhih “obbo” deb qoʻyar, bu qanday tanbehdan oʻtkir ekani ayon boʻlardi. Ana shu “obbo”ga duch kelmaslik, talabga munosib javob berish ortida bilim, qanchadan-qancha mehnat, soʻzamollik, xalqqa yaqinlik, avvalo soʻzga hurmat hissi boʻlishi kerakligini yillar oʻtib hayotning oʻzi oʻqitmoqda.
Oʻzbek tiliga behurmatlik holatini kuzatgan chogʻingiz “obbo” deya indamay oʻtib ketmang. Boʻlim mudiri kabi “qizil ruchka”ni qoʻlga oling. Ona tilimiz ozor chekmasin.
Dardlariga malham – sizu biz!
Ziyoda AMINOVA,
jurnalist