Mamlakatimizda ona tilimizga mustaqillik berilganiga bu yil roppa-rosa 35 yil to‘ladi. Bu davr mobaynida hukumat miqyosida bir qancha qarorlar qabul qilindi, Prezident farmonlari e’lon qilindi, shu asnoda talaygina ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan 2019 yilning 21 oktyabrida e’lon qilingan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon e’tiborga loyiq. Unda millatning millat ekanining eng ustuvor timsoli – ona tilimiz haqida so‘z boradi. Ona tilimizning nufuzi – bu uning obro‘-e’tibori degani, mavqei esa muayyan sharoitda va holatda ona tilimizning yuqori martabaga, e’tiborga sazovor bo‘lishi ekanligi aks etgan.

Til muloqotda yashaydi, u kishilar o‘rtasidagi aloqa vositasi sanaladi. Demak, tilimizning aniq, tushunarli, jarangdor, ta’sirchan va sof bo‘lishi hammamizga bog‘liq ekan. Agar har bir fuqaro ona tilimizdagi so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilsa, til birliklarini o‘z o‘rnida samarali ishlatsa, har xil o‘zlashtirilmagan yot so‘zlarning nutqimizdan o‘rin olishiga yo‘l qo‘ymasa va eng asosiysi, boy tilimizning mavjud so‘zlaridan unumli foydalansa, tilimiz nufuzini hamda mavqeini oshirishga hissa qo‘shgan bo‘ladi.
Tilimizning mavqeini oshirish uchun har bir millatdoshimiz kamarbasta bo‘lishi, ona tilimizni himoya qilishi, asrab-avaylashigina emas, uni takomiliga yetkazishga, eng boy, jozibador, ta’sirli tillar sirasiga kirishga, umrboqiyligini ta’minlashga hissa qo‘shishi kerak. Ona tilimizning nufuzi va mavqeini ko‘tarish har birimizning vazifamiz, burchimizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” e’lon qilindi. Unga ko‘ra, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari hamda yo‘l xaritasini tuzish masalalari belgilab olindi. Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi va keng qamrovda faoliyat olib bormoqda.
Shunday bo‘lsa-da, hali oldimizda tilimizning nufuzi va mavqeini oshirish, sofligini ta’minlash, lotin yozuviga ommaviy o‘tish, mukammal o‘zbek-lotin alifbosini yaratish bo‘yicha qilishimiz zarur bo‘lgan ishlar talaygina. Bu borada olimlar, ziyolilar tashabbus ko‘rsatishi kerak.
Oila tili – ona tilimizning poydevori
Ma’lumki, bola maktabga nutqiy ko‘nikma va gapiruv malakasi bilan keladi. Unda oilada to‘plagan so‘z zaxirasi, muayyan sheva asosida so‘zlash, so‘zlarni talaffuz qilish “malakasi” shakllangan bo‘ladi. Shuning uchun xorij davlatlaridagi kabi bizda ham ona tiliga o‘rgatishda “Oila tili” birlamchi bo‘lishi kerak: har qanday bola ilk “lisoniy saboq”larni oila muhitida olar ekan, demak, farzandlari nutqining sof bo‘lishida, ularning so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishida ota-onaning roli katta bo‘ladi. Axir biz o‘zimiz bolalarimizga “nanna” (non), “qaqqa” (qant), “ashsha” (ovqat), “bibip, didit” (mashina), “baba”(qo‘y), “bobov”(it) degan “erka” so‘zlarni o‘rgatamiz, shuningdek, bizning nutqimizdan andoza olib (Andijonda) “ashi” (ana shu), “mashi” (mana shu), “asher, ashet” (o‘sha yer) degan bolakay “ona so‘zi”dan bir umr qutula olmayapti, yillar davomida bu kabi so‘zlar andijonliklarning nutqiy atributiga aylanib qoladi.
Oiladagi ona tilimizning ilk “muallim”ining bilim darajasi, dunyoqarashi, so‘z zaxirasining boyligi, uning emotsional-ruhiy ta’sirchanligi, gapirish yo‘sinlari, mimik-ishoraviy holatlari o‘quvchiga – farzandga singadi. Oilaning boshqa a’zolari (ota, akalar, opalar va b.) ta’sirida bolaning tili shakllana boshlaydi va bu davr tilini inson tili uchun poydevor bo‘lgan – oila tili desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Axir bola idrok etishi, tafakkur qilishi, fikrlashi, tashqi axborotni qabul qilishi, uni qayta ishlashi, mantiqiy fikrlashi, mos ravishda aks ta’sir ko‘rsatishi kerak, yuzda xarakterni ko‘rsatadigan jihatlar (mimika, poza, ishora, diksiya, sukut va boshqalar) birinchi navbatda oilada shakllanadi, so‘ng ijtimoiy hayotda namoyon bo‘ladi. Professor N.Mahmudovning ta’biricha, “har qanday tarbiyaning, ayniqsa, til, ma’naviy komillik, milliy o‘zlik tarbiyasining bosh va betakror o‘chog‘i bolani doimiy o‘rab turgan ijtimoiy muhit, xususan, oiladir”.
Demak, mamlakatimizda ona tilining mavqei va nufuzini oshirishning tamal toshi oilada qo‘yilar ekan, bunda ota-onaga farzandining nutqiy takomilida mas’ulligi ta’kidlanishi lozim. Kerak bo‘lsa, bolaga oilada adabiy norma singdirilishi kerak, ota-onalar uchun uslubiy qo‘llanma tayyorlanib tarqatilishi maqsadga muvofiq.
Tilni g‘arblashtirish – g‘ariblashtirishdir
Har xil toifadagi odamlarning muloqotini eshitamiz. Agar ularning dialogidan ogoh bo‘lsangiz, tilimizning amaliyoti qanchalar g‘arib ekaniga guvoh bo‘lasiz. Shevaga mukkasidan ketish, noadabiy qatlam leksikasidan foydalanish, parazit (o‘rinsiz qaytariq) so‘zlarni ishlatish, varvar (boshqa tilning o‘zlashmagan so‘zi) so‘zlarni qo‘llash, dag‘al, qo‘pol, so‘kish so‘zlar bilan tilimizni bulg‘ash kabi holatlarni kundalik muloqotda tez-tez uchratib turishimiz tabiiy.
Ayniqsa, tilimizning g‘ariblashuvida eng avvalo g‘arbga taqlid, g‘arbona madaniyatga ergashuv va uning natijasida g‘arb tili so‘zlaridan foydalanish yotadi. Ya’ni ona tilimizda bir qancha sinonimlari (ma’nodoshlari) bo‘lsa-da, boshqa tilning o‘zlashmagan so‘zlaridan xuddi o‘zimiznikiday foydalanamiz. Biz yoshligidan bolalarga bosh kiyimni “shapka”, uyda kiyiladigan yengil oyoq kiyimini “tapochka”, shifokorni “duxtir”, kasalxonani “bolnitsa” deb o‘rgatib qo‘yamiz va ular tillarining varvarlashishiga yordam beramiz. “Shapkangni kiyib ol”, “Shapkang qani?” deb turganimizda, bola boshidagi kiyimi tumoqmi, qalpoqmi, telpakmi, do‘ppimi ekanini bilmay o‘sadi.
“Shippak” esa nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham tapochkaga aylanib bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, bola nutqining buzilishi oiladan, oila nutq muhitidan ekan.
Ma’lumki, “etik” degan so‘z zamirida askarlar, qishloq xo‘jalik xodimlari, dehqonlar kiyadigan poyabzal tushuniladi. “Nozikta’b” odamlarimiz ushbu so‘zni ishlatishga or qilib, uning rus tilidagi muqobilini qo‘llaydilar va natijada etik “sapog”ga aylanib qoldi.
Ommaviylashuv (globallashuv) jarayoni barcha jabhada o‘zining mavqeini namoyish etishi davomida tilimizga ham hamla qilib o‘zga tillardagi so‘z va atamalarni ona tilimizga so‘roqsiz ravishda varvarlarcha bostirib kirishiga yo‘l qo‘yib bermoqda. To‘g‘ri, yangilik, yangi tushuncha, yangi nom, yangi atama bilan ifoda etiladi. Qachonki, ikkinchi tilda uning muqobili bo‘lmasa yoki u rasmiy jihatdan o‘zlashtirilgan bo‘lsa.
Keyingi paytda ko‘chalarda “moyka” degan yozuv nihoyatda ko‘payib ketdi. Bu so‘z rus tilidan olingan bo‘lib, hali o‘zbek tiliga o‘zlashmagan. Mashina yuvish joyini bildiradigan ushbu reklama so‘z faollashib, hozirda o‘zbek tili gap strukturasiga ham kirib kelmoqda: “Moyka qilishim kerak”, “Moyka qildirishim kerak” kabi. Axir bu jarayonni o‘zbekcha ifodalasa bo‘ladi-ku: “Yuvishim kerak” yoki “yuvdirishim kerak” deyish mumkinmasmikin? Yana “Samo moyka” yozuvi paydo bo‘lmoqdaki, nahotki shuni o‘zbekcha yozish mumkin bo‘lmasa yoki o‘zbek tilida yozilsa, odamlar tushunmasmikin. Andijon – Toshkent avtomobil yo‘lining Farg‘ona hududida yo‘l bo‘yida “Yuving”, “Yuvdiring” degan reklama-yozuvlarni ko‘rib xursand bo‘ldik.
Og‘zaki nutqdagi pala-partish ishlatilgan chet tilining o‘zlashmagan so‘zlari muloqotimizda mustahkam o‘rin olib, odatiy holga aylanib bormoqda. Ona tilimizning shaffofligiga ko‘cha tilining, e’tiborsiz yondashilgan muloqot tilining, katta salbiy ta’siri kuzatilmoqda.
Misol uchun “razvorot qilmoq” degan jumla o‘rniga “qayrilmoq” degan so‘zni ishlatish mumkin. “Ostanovka” degan uzun so‘z o‘rniga o‘zbek tilida “bekat”degan qisqagina so‘z bor. “Medsestra” so‘zi esa “hamshira” so‘zi bilan almashtirilsa, ham jarangdor, ham qulaymasmi? Bunga o‘xshash misollar juda ham ko‘p.
Ko‘rinib turibdiki, ona tilimizni sof saqlash, uning jozibador va ta’sirchanligini ta’minlash o‘zimizga bog‘liq. Eng avvalo, o‘zimiz ona tilimizni “o‘rganib olishimiz” kerak bo‘ladi. Undan keyingina boshqalarga o‘rgatishimiz darkor. Bo‘lmasa, biz qanday qilib o‘zbek tilini ardoqlashni uqtira olamiz?
To‘g‘ri, hukumatimiz, turli mutasaddi tashkilotlar, ziyolilar, tilshunos olimlar, faol fuqarolik pozitsiyasidagi insonlar, millatparvar shaxslar tomonidan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha ishlar qilinmoqda. Lekin bu boradagi ishlar eng quyi qatlamga, ya’ni tilimizning egalari bo‘lmish undan foydalanuvchilarga yetib bormayapti, til amaliyotida o‘z ifodasini topmayapti.
Oilalarda, tashkilotlarda, muassasalarda, mahallalarda, bozor va ko‘cha-ko‘yda – hamma joyda ona tilimizning nutqiy buzilishini kuzatishimiz mumkin. Bu nuqson esa kattalardan kichiklarga o‘tib “muloqot tili”ga aylanyapti va tilimiz vayron bo‘lyapti.
“Bog‘lar” park, “ko‘prik” most, “teri” koja, “ombor” xranilisha, “hammom” banya, “dovon” pereval, “pakka” pitak bo‘lib ketgan.
Xuddi shuningdek, “yig‘ilish raisi” ni moderator deb atashni ma’qul ko‘ryapmiz, yig‘ilish orasida o‘zbekona “bir piyola choy” esa “kofe breyk” deb aytilmoqda. Bu kabi tilimizni g‘arblashtirish siyosati uni g‘ariblashtirishga olib kelmoqda.
Agar har birimiz o‘z nutqimizni sof saqlaydigan bo‘lsak, ona tilimiz taraqqiy etadi, komillik sari yo‘nalgan bo‘ladi.
Ma’murjon Saidxonov,
Andijon davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori.
O‘zA