Insonning qachonki, “tili chiqib” so‘zga o‘rgandi, u shu ondan boshlab, haqiqiy insonga aylandi. Ulug‘ shoir bobomiz Alisher Navoiy aytganlaridek, so‘z insonni hayvondin judo ayladi, ya’ni hayvon bo‘lishdan saqlab qoldi. Yillar, asrlar o‘tdi, tillar tobora shakllanib, takomillashib bordi. Shu jumladan turkiy tillar sirasiga kiruvchi bizning ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tili ham. O‘zbek tili shunday bir tilki, u nihoyatda fe’lga boy. Ma’lumki, qaysi bir tilda fe’l qancha ko‘p bo‘lsa, uning yashavchanligi shuncha uzoq bo‘ladi. Bizning ona tilimizda esa qariyb har bir jumlada, gapda fe’l ishlatiladi. Masalan, Men ishga bordim; Mehmonlarni kuzatib qo‘ydik; Kitobni berilib o‘qidim; Tabiat go‘zalligidan lol qoldim. Albatta bu kabi gaplarni yana xohlagancha davom ettirish mumkin. Bundan tashqari, tilimizda sinonimlar, ya’ni shakli har xil bo‘lib, ma’nosi bir xil so‘zlar (kuldi, jilmaydi, tabassum qildi, hoholadi, ishshaydi, irshaydi, qiqirladi) yoki aksincha, shakli bir xil, ammo ma’nosi har xil bo‘lgan so‘zlar, ya’ni omonimlar ko‘p uchraydi. Xalqimizning olamga mashhur baxshisi Ergash Jumanbul ijodida shunday tuyuq bor:
Qo‘lingdan kelsa, chiqar yaxshi ot,
Yaxshilik qil bolam, yomonlikni ot.
Nasihatim yod qilib ol, farzandim,
Yolg‘iz yursa, chang chiqarmas yaxshi ot.
Ko‘rayapsizmi, birgina “ot” so‘zi uch xil ma’noda kelayapti. Shuningdek, hech bir millatda askiya janri deyarli uchramaydi. Ammo bizda butun bir askiyachilar butun bir avlodi shakllangan. Bu ham o‘zbek tilining imkoniyatlari naqadar kengligidan darak beradi.
Tilimizning joziba, qudrati undagi mavjud sheva so‘zlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Qariyb barcha viloyatlarda bunday so‘zlar mavjud. Vaqt o‘tgan sari sheva so‘zlar ham adabiy so‘zlar qatoriga qo‘shilib boradi. Albatta bu jarayonda adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar katta rol o‘ynashi shubhasiz.
Bundan bir necha asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy ham o‘zining “Muhokamat-ul lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) nomli ilmiy asarida tilimizning naqadar go‘zal, yoqimli, imkoniyatlari cheksiz ekanligini uni fors tiliga solishtirish orqali isbotlab bergan. Albatta ushbu asar bejiz yozilmagan. Chunki o‘sha paytlarda turkiy til, ya’ni o‘zbek tilida yaxshi bir g‘azal, asar yaratib bo‘lmaydi, bu til qo‘pol va g‘aribdir degan kamsituvchi so‘zlar tarqalgan. Bunga javoban ulug‘ shoir ushbu asarini yozishga ahd qilgan. Ha, har bir yurtdoshimiz tilimizni asrab-avaylab,sof holda saqlashga xuddi Navoiy bobomiz kabi harakat qilsa, jasorat ko‘rsatsa, o‘zbek tilining obro‘, e’tibori hamisha yuksakda bo‘ladi. Bunga shak-shubha yo‘q.
Yurtimizda o‘tgan yetmish yil mobaynida juda ko‘p xorijiy filmlar o‘zbek tiliga tarjima ya’ni dublyaj qilindi. Ularga juda ko‘p taniqli aktyorlarimiz ovoz berishgan. Darhaqiqat, ular juda mashhur filmlar. Lekin shunga qaramay, bu filmlarning dublyaji juda boshqacha chiqqan. Agar ulardagi voqealardan bir hayratlanib, ta’sirlansangiz, uning dublyajidan o‘n bor ta’sirlanasiz, zavqlanasiz. Aynan shu dublyaji sabab bu filmlarni qayta-qayta ko‘rishdan erinmaysiz. Aksincha, har gal tomosha qilganda, ko‘rganda ularning yangi bir qirralarini kashf etganday bo‘lasiz. Bu ham tilimiz go‘zalligidan bir nishonadir. Yoki bo‘lmasa buyuk aktyorlarimiz Olim Xo‘jayev, Abror Hidoyatov, Razzoq Hamroyev, Hamza Umarovlarning tilimizda yangragan o‘ktam, jonbaxsh ovozlarini unutib bo‘ladimi? Xalqimizning sevimli xonandalari bo‘lgan Ma’murjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov, Faxriddin Umarov, Halima Nosirova, Kommuna Ismoilova, Olmaxon Hayitova, Ortiq Otajonov, Nuriddin Hamroqulov, Sherali Jo‘rayevlarning qo‘shiqlarini har tinglaganda esa ona tilimizning hech narsaga alishib bo‘lmaydigan sehr, jozibasini his qilamiz, yuragimiz, faxr-iftixorga to‘ladi. Shu o‘rinda yana bir narsani yoddan chiqarmasligimiz lozim. O‘rta asrlarda o‘z ilm, tafakkuri bilan dunyoni hayratga solgan, lol etgan Ali ibn Sino, Beruniy, Al Xorazmiy, Zamaxshariy, imom Buxoriy, Termiziy o‘z asarlarini boshqa tillarda yozganlar, lekin ular o‘z ona tillarida gapirishgan, fikr qilishgan. Bunga shubha yo‘q. Yo bo‘lmasa, buyuk sarkarda bobolarimiz Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur ham o‘z ona tillarida, ya’ni o‘zbek tilida so‘zlagan. Ayniqsa bugungi kunda respublikamizda yuzlab gazeta jurnallar, yuz minglab kitoblar o‘zbek tilida nashr qilinmoqda, radio, televideniyeda esa sanoqsiz eshittirish va ko‘rsatuvlar aynan ona tilimizda, davlat tilida yangramoqda, ko‘rsatilmoqda. Shular bilan bir qatorda ko‘ngillarni g‘ash qiluvchi ayrim salbiy holatlarga ham duch kelamiz. Ba’zida poytaxtimiz ko‘chalarini kezar ekanmiz, turli xil do‘konlardagi yozuvlarga ko‘zimiz tushadi. Ularning aksariyati rus yoki ingliz tillarida yozilgan. Axir biz O‘zbekistonda yashaymiz. Buning ustiga davlat tili ham o‘zbek tili hisoblanadi. Nega endi ayrim do‘kon egalari buni bila turib, o‘zlarini bilmaganga solishadi, qonunga amal qilishmaydi?! Eng qizig‘i shundaki, bu do‘konlarning asosiy xaridorlari ham aynan millatdoshlarimiz-ku. Ba’zilar esa ko‘pincha so‘zlaganda, boshqa tillardagi so‘zlarni ham qo‘shib gapirishadi. Bu birinchidan tilimizga behurmatlik bo‘lsa, ikkinchidan madaniyatsizlik hisoblanadi. Albatta kimdir buni shunchaki o‘rganib qolganlikda deb izohlashi mumkin. Lekin u bu hol ayniqsa yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olmaydi.
Bundan ancha vaqt oldin ota-bobolari yigirmanchi yillarda yurtimizdan xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lgan bir vatandoshimiz haqida gazeta uchun maqola yozishga to‘g‘ri keldi. Uning aytishicha, mustaqillikdan so‘ng u ilk marta O‘zbekistonga kelib, joylarga borganida, ko‘chalarda yurganida qarasa, hamma qariyb o‘zbek tilida gapirishmoqda. U bundan juda sevingan, ta’sirlangan, hayajonga tushgan. Chunki xorijda doimiy ravishda faqat boshqa tillarni eshitishga to‘g‘ri kelgan. Ha, chetga chiqqanimizda ona tilimiz qadri juda bilinadi. Shuning uchun vatanda yashar ekanmiz, o‘z tilimizni sevishimiz, uni doimiy ravishda asrab-avaylashimiz lozim. Gapirganda ham, yozganda ham sof o‘zbek tilida so‘zlaylik, yozaylik. Shundagina tilimiz hech qachon g‘ariblashmaydi, aksincha gullab, tobora yashnayveradi.
Men o‘z so‘zimni ona tilimizga bag‘ishlangan quyidagi she’r bilan yakunlamoqchiman.
Sen tug‘ilgan kuni qayta tug‘ildik,
Xalq nomini oldik sen sabab bo‘lib.
Qaytadan quvonchga, baxtga yo‘g‘rildik,
Ko‘ksimiz faxrga ketdik-ku to‘lib.
Oradan o‘tsa-da qancha asrlar,
Aslo eskirmading, bording yosharib.
Tutdayin to‘kildi sonsiz qasrlar,
Sen esa daryoday oqding jo‘sh urib.
Navoiy bobomiz minib g‘ayratga,
Anglatib qo‘ydi-ku sehru qudrating.
Uni o‘qiganlar qoldi hayratda,
Qoyaday yuksaldi obro‘, hurmating.
Ammo g‘animlaring edi sanoqsiz,
Yo‘lingni to‘sdilar qaroqchi misol.
Borliging ularga kelardi malol,
Bir-bir aytaversam, qayg‘ung adoqsiz.
Nihoyat sening ham kuldi omading,
Davlat tili bo‘lding – ushaldi armon.
Yovlaring qo‘lida xor bo‘p qolmading,
Elim dardlaringa bo‘loldi darmon.
Hali ham yo‘lingda uchrar noshukurlar,
Ular tanimaydi o‘z onasini.
O‘zga onalarga quchoq ochurlar,
Bir kun anglarmikan bu xatosini?!
Lek seni suyadi elim naqadar,
Sen uchun ayamas hatto jonini.
Axir bu dunyoda bo‘lmasang agar,
Kim ham bilar edi o‘zbek nomini!
Turob NIYOZ, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir