Ona tilimiz hamon himoyaga muhtoj...
1989 yilning 21 oktyabrida «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilindi va bu sana xalqimiz uchun unutilmas tarixiy voqeaga aylandi.
Eng muhimi, ushbu qonun Mustaqillik uchun qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi.
Til millatni millat, davlatni davlat sifatida tan oladigan eng asosiy omil sanaladi. Til sofligi millat sofligi, til xalqimizning milliy o‘zligi, davlatimiz timsoli, ma’naviy boylik, o‘lmas qadriyatidir.
O‘tgan yillar davomida «Davlat tili haqida»gi qonunga ko‘plab o‘zgarishlar kiritildi va qonun yanada takomillashtirildi. Chunki bu qonun har doim tahrirga muhtoj bo‘lib kelgan.
So‘nggi yillarda Ona tilimizning mavqeni oshirish bo‘yicha ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yildan boshlab 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami sifatida rasman keng nishonlanadigan bo‘ldi va bu haqda O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi.
Albatta, bu oxirgi nuqta emas. Tan olaylik, til borasidagi huquqiy hujjatlarimizni hamon joyiga qo‘yganimiz yo‘q. Joyiga qo‘yganlarining esa eplab ijrosini ta’minlay olmayapmiz. Ona tilimiz hamon himoyaga muhtoj.
Shoir Muhammad Yusuf aytganidek:
Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qachonlardir dunyo tillari soni 8 mingtani tashkil qilgan bo‘lsa, bugun atigi 6 mingtasi qolgan xolos. Ularning ham 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida. Olimlarning qayd etishicha, har ikki haftada bitta til yo‘qolyapti va bu o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning ham yo‘qolib borayotganidan dalolat.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir million kishi gaplashishi kerak. Ammo bunday tillar dunyoda atigi 250 ta ekan. O‘zbek tilining ham ushbu ro‘yxatda ekani quvonarli. Bugun Ona tilimizda dunyo bo‘yicha 30 milliondan ko‘proq odam so‘zlashmoqda. Ikkinchi til sifatida biladiganlar hisobiga bu son 50 milliondan ortadi.
Albatta, bu raqamlar xavotirlanmasligimizga asos bo‘la olmaydi. Yana 25 yildan so‘ng hozir muomalada bo‘lgan tillarning o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan. Demak, o‘z ona tilimizni nafaqat himoya qilishimiz, balki uni taraqqiy etgan tillar qatoriga qo‘shishimiz, ravnaqi va istiqboli haqida qayg‘urishimiz lozim.
Jahongir ZIYAEV, «Milliy tiklanish» deputati