Davr talabi
O‘zbek xalqiga havasim keladi. Sizlar buyuk shoir
Alisher Navoiyning vorislarisiz, ulug‘ millatning
farzandlarisiz, katta tilning egalarisiz. Bu bilan
faxrlanishingiz, xalqingiz va tilingiz kamoliga
xizmat qilishdan charchamasligingiz kerak.
Rasul HAMZATOV
Har bir avlodning xalqi va jamiyat oldidagi vazifasi bo‘ladi. Ulug‘ mutafakkir Mahmud Koshg‘ariyning 1070-1071 yillarda yozgan “Devonu lug‘otit turk” asari dunyodagi tilshunoslikka oid dastlabki ilmiy asarlardan biri hisoblanadi. Bu asarda 8 mingdan ziyod turkiy so‘zlarga izohlar berilgan. Hazrat Alisher Navoiyning 1483–1485 yillarda yozgan “Xamsa” asari turkiy tilga – o‘zbek tiliga qo‘yilgan bebaho haykal bo‘ldi. Buyuk shoirimiz 1499 yilda yozib tugallangan “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida o‘zbek tilining boyligini, qudratini aniq misollar orqali isbotlab berdi.
Yigirmanchi asr boshlarida mustabid tuzum qatag‘on qilichini qayrayotganini bilganlari holda jadidlarimiz “Najot – ilmda!” so‘zlarini o‘zlariga shior qilib, xalqimizni ilmu ma’rifatga chorladilar, yangi uslubda o‘qitadigan maktablar ochdilar, gazeta-jurnallar chiqardilar, ona tilimiz qadrini ko‘tarishga urindilar, xalqaro tillarga yaqinlashtirish maqsadida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etishga erishdilar. Afsuski, ma’rifatparvar jadidlarimizning orzulari ushalmadi. Ulardan bizga oydin orzular va ona tilimiz jilolangan o‘lmas asarlar qoldi.
Bundan o‘ttiz besh yil ilgari yurtimizda yashagan avlodning vazifasi o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishiga erishish edi. Ular zimmalaridagi vazifani sharaf bilan bajarishdi – 1989 yil 21 oktyabr kuni qonunan o‘zbek tili Davlat tili maqomini oldi! Bu vazifani bajarishda o‘zlarining jonkuyarliklari bilan bir qatorda ularga qardosh xalqlar shoirlarining ijod namunalari ko‘makka keldi, qo‘llab-quvvatladi. Axir, shoir butun dunyoga javobgar deya bejiz aytilmagan.
Mustabid tuzum xizmatchilari kam sonli millatlar ham qachondir davlat bo‘lish uchun bosh ko‘tarishini yaxshi bilishardi. Shu bois ular kam sonli millatlarning tili o‘ladi, bor kuchimizni mamlakatda yagona tilni, ya’ni rus tilini rivojlantirishga qaratishimiz kerak degan noinsoniy g‘oyani ilgari surishdi. Zamonasoz siyosatchilar, olimlar, safsatachilar ommaviy axborot vositalarida, yig‘ilishlarda “Kam sonli millatlarning tillari o‘ladi” deya ayyuhannos solishdi. Shukurki, o‘sha davrda taniqli bolqor shoiri Qaysin Quliyevga o‘xshash ona tili himoyasi uchun ko‘ksini qalqon qiladigan mardlar bor edi.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillari boshida mustabid tuzum topshirig‘iga ko‘ra Moskvadagi Fanlar akademiyasi yig‘ilishida mamlakatdagi kam sonli millatlar tillarini iste’moldan chiqarish, yagona tilni rivojlantirish masalasi muhokama etildi. Bu xabarni eshitgan Qaysin Quliyev darhol yig‘ilishga yetib bordi, deputat bo‘lgani uchun so‘z navbati olishga muvaffaq bo‘ldi va ta’sirchan nutq so‘zladi: “Hozir til haqida gapirganlar bilib qo‘ysinlar, Vatan uchun halok bo‘lgan qahramonlar so‘nggi bor ona tilida “Ozodlik!” deya hayqirganlar. Bu kitobiy gaplar emas, balki botirlarning qoni bilan yozilgan hayot falsafasi, achchiq haqiqatdir. Ayrimlar “Kam sonli millatlarning tillari o‘ladi” deya gapirayotganidan xabardorman. Buni olimlar emas, hayotning o‘zi hal qiladi”. Keyin she’ridagi “Agar til o‘lsa, halok bo‘lar misli qahramon” misrasini o‘qidi. Nutq va she’riy misra olimlarni ham, siyosatchilarni ham hushyorlikka undadi. Lekin Qaysin Quliyev keyingi 12 yil davomida deputatlikka saylanmadi. Shoir bunga e’tibor bermay ona tilini madh etaverdi va “Tilshunosga”, “Ona tilimga baxshida qo‘shiq” kabi o‘lmas she’rlarini yaratdi. Aynan uning “Ona tilimga baxshida qo‘shiq” she’ri 1989 yili ona tilimizga Davlat tili maqomini berishga bag‘ishlangan majlislarda, davra suhbatlarida ko‘p bor yangradi.
Ona tilim, buncha jozibadorsan,
Jozibang tufayli qatorda borsan.
Agar tirik turib ayrilsam sendan,
Dunyoda kimsa yo‘q, nodonroq mendan.
Sen mardlik timsoli, ozodlik va shon
Bo‘lib kelajakka borajak karvon.
Sen yorqin mayoqsan makoni baland,
Og‘ir zamonlarni qilmassan pisand.
Sen bilan oboddir xalqimning sayli,
Senda jaranglaydi jamiki mayli.
Senga xalqim sayli berar hamma vaqt,
Tog‘ daryosiga xos soflik va qudrat.
Senda jamuljamdir: mardlar merosi,
Quyoshning jilvasi, qushlarning rozi,
Shamolda tebrangan chinor shiviri,
Qizg‘aldoqqa to‘lgan qirlar tasviri,
Tog‘lar salobati, bahor jalasi,
Javzo kunlarining issiq pallasi,
Oshiq-ma’shuqlarning nozik ishvasi,
Oydin tun va kunning muqaddimasi,
Tog‘dagi otlarning duk-duk yurishi,
Tarvuz shirasining oqib turishi.
Sen Elburs qoriday boqiy va poksan,
Alvon ufqlarga yaqin hamrohsan.
Qish hatlab o‘tganda ostonamizni,
O‘t bo‘lib isitding boshpanamizni.
Senda roz aytadi yoz, qish va bahor,
Senga tog‘ qo‘yni tor ko‘rinmas zinhor.
Gap naqdi: xalq – uzuk, sen unga ko‘zsan,
Sen xalq taqdiriga yo‘lchi yulduzsan.
Ko‘tarilgan chog‘lar qop-qora to‘zon,
Jallodlar qo‘lidan sen chiqding omon.
Ona tilim doim sog‘-omon qolding,
Axir, sen tog‘larga munosib bo‘lding.
Himmati ulug‘san, xolis-beminnat
Kattayu kichikka qilyapsan xizmat.
Ona tilimdagi qo‘shiq-yallalar,
Yaratgan xalqiday abadiy yashar.
Bolalik chog‘imdan suygan tilimsan,
Xalqimning umidi, mening dilimsan.
Tunga nur bo‘lish va samandarga xos,
Xislat menga ona tilimdan meros.
Kerak bo‘lsa bir zum o‘ylamay aslo,
Sening shoning uchun bo‘lurman fido.
Men senga fidoman hayotim haqqi,
Mening ona tilim hamisha balqi.
Asrlardan asrga gulla va yashna,
Boshqa tillar bilan teng odim tashla.
Til she’riyatda, adabiyotda yashaydi, boyiydi, avloddan avlodga o‘tadi, o‘zini dunyoga tanitadi. Buni yaxshi tushungan Qaysin Quliyev rus tilini yaxshi bilgani holda faqat bolqor tilida ijod qildi( u urush davrida harbiy jurnalist vazifasini bajargani uchun rus tilida maqola va she’rlar yozgandi). Ona tili xazinasidan foydalangan holda yuksak badiiy asarlar yaratdi, ularni dunyo xalqlari sevib o‘qidi, o‘qimoqda va o‘qiyveradi. Shoir asarlari dunyoning 146 tiliga tarjima qilingani fikrimiz isbotidir.
Qaysin og‘aning ovoziga mashhur avar shoiri Rasul Hamzatovning fikrlari va she’rlari vobasta yangradi: “Men uchun dunyodagi tillar – osmondagi yulduzlar. Albatta, men barcha yulduzlar birlashib osmonning yarmini egallaydigan bitta katta yulduzga aylanishini istamayman. Buning uchun Quyosh bor. Mayli, barcha yulduzlar o‘z holicha charaqlasin. Mayli, har bir xalqning o‘z yulduzi bo‘lsin. Men o‘z yulduzimni – ona tilim avar tilini sevaman”. 1989 yili yurtimizda eng ko‘p o‘qilgan va tillarda eng ko‘p yangragan she’r Rasul Hamzatovning “Ona tilim” she’ri desak ayni haqiqatni ta’kidlaymiz.
Hamisha tushimga kirar har balo,
Bu tun o‘lgan kunim ko‘ribman ayon.
Dog‘iston jazira vodiysi aro,
Ko‘ksimdan o‘q teshib, yotibman bejon.
Yonginamda jilg‘a oqar jo‘sh urib,
Hech kimni o‘rtamas mening firog‘im.
O‘ylabman, tuproqqa aylanmay turib,
Mahkamroq quchayin ona tuprog‘im.
Men o‘lib yotibman, bilmaydi hech zot,
Hech zog‘ jasadimga kelmaydi yaqin.
Qaydadir burgutlar chekadi faryod,
Qaydadir kiyiklar ingraydi hazin.
Tepamda hech kishi yig‘lamaydi zor,
Bevaqt ketdi deya, esga olmaydi.
Qoshimda na onam, na do‘st-yorim bor,
Hattoki, yig‘ichi chuvvos solmaydi.
Men o‘lib yotibman, yotibman bejon,
Kimlardir kelmoqda vodiy yo‘lida.
So‘zlar qulog‘imga chalinar shu on,
Ular gaplashmoqda avar tilida.
Dog‘iston jazira vodiysi aro,
Men o‘lib yotibman, odamlar bo‘lsa,
So‘zlashar: Ali quv, gapga ja balo,
Hasan ham ayamas kim to‘g‘ri kelsa.
Ona tilimdagi so‘zlarni elas,
Eshitgan dam kirdi jasadimga jon.
Va bildimki, menga tabiblar emas,
Faqat ona tilim bag‘ishlar darmon.
Kimgadir o‘zga til darmon muqarrar,
Men u tilda qo‘shiq kuylashim gumon.
Ertan ona tilim yo‘qolsa agar,
Men bugun tayyorman bo‘lishga qurbon.
Aytsalar ham avar tili kambag‘al,
Menga ona tilim suyukdan suyuk.
Katta minbarlarda tegmasa ham gal,
Menga ona tilim buyukdan buyuk.
Nahot, Oshiq Mahmud otash she’rini,
Tarjimada o‘qir avarlik avlod?!
Nahot, avar tilga bergan mehrini,
So‘nggi shoirlardan biriman, nahot?!
Shukurki, men borman hayot yo‘lida,
Mamlakatim bo‘ylab oshufta kezdim.
Idrokim yetgancha avar tilida,
Hayot va yurtimning vasfini yozdim.
Yurtimdir – Boltiqdan Saxalin qadar,
Shu yurtga fidoman, bilib qo‘yinglar:
Qayda yurtim uchun jon bermay magar,
Dog‘istonga olib kelib ko‘minglar.
Ruhim shoddir, goho yo‘lovchi, avar,
Shu joydan o‘tganda nomim yodlasa.
Bir qur tosh lavhaga tashlasa nazar:
Bunda yotar Rasul Hamzat Sadasa.
O‘sha davrda kam sonli millatlarning tillari qashshoq deya kamsitadiganlar ko‘p edi. Ularning iddaolariga Rasul Hamzatov qat’iy javobini aytdi: “Mayli, boshqa birovlar mening kam sonli xalqimning tilini qashshoq deb aytishsa aytishar. Lekin men o‘z tuyg‘ularimni, fikrlarimni o‘z ona tilimda qanday xohlasam shunday ifodalay olaman, buning uchun men boshqa tilning yordamiga muhtoj emasman”. Chindan ham Rasul og‘a avar tilidagi so‘zlardan unumli foydalangan holda “Mening Dog‘istonim”, “Onalarni asrang” kabi umrboqiy asarlarini yaratdi. Uning bu asarlari jahon adabiyoti durdona asarlari qatoridan o‘rin oldi va dunyoning ko‘plab tillariga o‘girildi.
Millatlarning ona tili gullab yashnashi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan Qaysin Quliyev, Rasul Hamzatovga yelkadosh bo‘lgan shoirlardan yana biri qalmoq shoiri David Qug‘ultinovdir. U ham rus tilini yaxshi bilgani holda ona tili bo‘lgan qalmoq tilida ijod qildi va dunyoning buyuk shoirlari qatoridan o‘rin oldi. Albatta, o‘sha kam sonli millatlarni tilini asrash va yanada rivojlantirish bo‘yicha qizg‘in kurash ketayotgan vaqtda David Qug‘ultinov ham ona tiliga bag‘ishlangan she’rini yozdi.
Kim ona tilini suymasa jondan,
Iftixor etmasa ona tilidan
(Aslida bu tuyg‘u o‘tadi qondan),
U kimsa adashib ketgan yo‘lidan.
Bundaylarga la’nat yog‘ilar abad,
Chunki onasiga bermagan madad.
Kimki o‘z ismining jarangiga mast,
Kibr-havo otidan hech tushmasa past.
Kimki o‘z tiliga bo‘lib mahliyo,
Mensimasa o‘zga tillarni aslo.
Bundaylar so‘qirlar ichida so‘qir,
Burnidan narini ko‘rmaydi axir.
Unga qayta-qayta uqtir, tushuntir:
Barcha tillar bilan dunyo butundir.
Tillar aka-uka, o‘zaro yakdil,
O‘ziga xos go‘zal, boydir har bir til.
Tafakkurning oliy ixtirosi til,
Tole yo‘llarining nur-ziyosi til.
Kimki o‘ylamasdan achchiqma-achchiq,
O‘zgalar tiliga chaplasa balchiq.
Desa: mening tilim baridan ustun,
Qolgan tillar tursin oldida zabun.
Bunday ig‘volarga solmasmiz quloq,
Uni davramizdan haydaymiz shu choq.
Millatlar suyashib biri-birini,
Ulg‘aytirdi zamin tafakkurini.
Qo‘yganlari uchun tillarga ixlos,
Bizga qoldi shunday hamkorlik meros.
Pok niyatda uchdi fazoga odam,
Charog‘on kelajak unda mujassam.
Darhaqiqat, millatning yorqin istiqboli ona tilida mujassam. Shukurki, O‘zbekistonimiz mustaqil davlat, o‘zbek tilimiz davlat tili maqomiga ega, O‘zbek tili bayrami kuni nishonlanmoqda, yurtimizda uchinchi renessans davriga mustahkam poydevor qo‘yilmoqda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti(BMT) Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ona tilimizda nutq so‘zladilar!..
Hozirgacha BMT sessiyalarida faqat rasmiy tillari bo‘lgan ingliz, fransuz, rus, ispan, xitoy va arab tillarida nutq so‘zlanar edi. Birinchi marta dunyoning nufuzli tashkiloti minbarida o‘zbek tilimiz baralla yangradi. Bu barchamizga faxr-iftixor tuyg‘ulari bag‘ishlashi bilan birga zimmamizga katta mas’uliyat va ulug‘vor vazifalarni ham yukladi. Axir, yurtimizda uchinchi renessansga mustahkam poydevor qo‘yish va dadil qadamlar tashlash bizning zimmamizdagi sharafli vazifa hamda kelajak avlodlar oldidagi burchimiz hisoblanadi. Bunday xayrli ishlarni amalga oshirishda muhtaram Prezidentimizning quyidagi so‘zlari bizni istiqbol sari boshlaydi: “Bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”.
Til qachon kuch-qudratini to‘la namoyon etadi? Agar u xalqaro tillar qatoridan o‘rin olsa. Shu bois hozirgi avlodning til sohasidagi asosiy vazifasi o‘zbek tilimiz BMT yettinchi rasmiy tili sifatida e’tirof etilishiga erishishdir. Ona tilimiz BMT rasmiy tili sifatida e’tirof etilsa, Xalqaro o‘zbek tili kuni belgilanadi va bu sana butun dunyoda nishonlanadi. Bu o‘zbek tilimizning yanada ko‘proq kishilar o‘rganishiga zamin yaratadi, xalqaro miqyosda qo‘llanish chegaralarini kengaytiradi va bizning barcha sohalarda jahon xalqlari bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlaydi.
Oldimizda turgan shunday ulug‘vor vazifani bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamaldir. Farmonda ta’kidlanganiday, uning moddalarini bandma-band bajarish o‘zbek tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshiradi, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalaydi. Bu buyuk allomalar yurti bo‘lgan jonajon O‘zbekistonimizda zakiy ajdodlarimizga munosib voris bo‘lgan, ulkan ishlarga qodir zukko avlod voyaga yetadi deganidir. Imonim komil, hozirgi avlod ham zimmasidagi vazifani sharaf bilan bajaradi va o‘zbek tili BMT rasmiy tillari qatoridan o‘rin egallaydi.
Asror MO‘MIN,
shoir va tarjimon,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan jurnalist