Tanishlarimdan biri shunday deb qoldi: “O‘g‘lim sinf ishida “xarid” so‘zini “harid” tarzida yozgan ekan, ustozidan tanbeh eshitib, past baho olibdi. Men ham ustozining yonini olib, uni xato yozganlikda ayblabman. Lekin afsuski, Navoiy shahridagi 10-kichik tuman dehqon bozorida “Haridingiz uchun rahmat”, deb yozilgan shiorni ko‘rganimdan keyin o‘g‘limni nohaq ranjitganimni tushundim...”

Hech kimga sir emaski, bugungi kunda juda ko‘plab jamoat joylari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalarida e’tiborsizlik bilan (“savodsizlarcha!”) yozilgan turli tuman so‘zlarga duch kelamiz. Eng achinarlisi, endigina savodini chiqarayotgan farzandlarimiz o‘sha (qo‘shtirnoq ichida to‘g‘ri yozilgan!) yozuvlarni ko‘rib, to‘g‘ri qabul qiladi va dars jarayonida ham shunday yozishga odatlanadi.  

“Xarid” so‘zining “harid” shaklida yozilganini ko‘rish uchun bozorga bordim. Bozorni aylanarkanman, nafaqat “xarid” so‘zi, balki bir qator boshqa so‘zlar ham xato yozilganligiga guvoh bo‘ldim. Jumladan: “guruch” so‘zi “gurunch”, “xarid” so‘zi “harid”, ”mahsulot” so‘zi “maxsulot”, “shoxobcha” “shaxobcha”, “vaqt” “vakt” deb yozilgan. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilgan barcha so‘zlarda “o’”, “g’” harflari “o'”, “g'” shaklida tutuq belgisi (apostrof) bilan yozilgan. Bu ham imlo qoidalariga ziddir.  

Bunday xatolarni sanab, adog‘iga yetmaysan, kishi.  

Bozor jamoat joyi sanaladi. Katta yoshdagilar ham, yoshlar ham bu yerdagi har bir holatga e’tibor qaratadi. Va, albatta, yozuvlarga ham. Tanishim aytganday, farzandlarimiz imlo xatolari bilan yozilgan so‘zlarni to‘g‘ri deb qabul qiladi.

O‘ylanib qolasan,  kishi. Nahotki, “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinganiga 35 yil, 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga esa 31 yil bo‘lgan bo‘lsa-yu, hanuzgacha barcha joylarda xatoliklarga duch kelaveramiz?!

Bunday holatni faqatgina Navoiy shahridagi 10-kichik tuman dehqon bozorida emas, balki boshqa joylarda ham uchratishimiz mumkin. Shuningdek, bozor hududidagi do‘konlar atrofidagi paynet shoxobchalari, ko‘p qavatli uylar ostidagi do‘konlar, xizmat ko‘rsatish joylarida krill alifbosida yoki lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi aralash so‘zlar bilan yozilgan reklama yozuvlarini ko‘rib, ensangiz qotadi.  

Bugungi kunda barcha hokimlik, korxona, tashkilot va muassasalarda rahbarning davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari yoxud shu masala bo‘yicha mas’ul xodimlar faoliyat olib bormoqda. Xo‘sh, ular qayoqqa qaramoqda?! O‘sha shior yoki ko‘rgazmali vositalar tayyorlanayotganida ular bir bora bo‘lsa-da, ko‘z yugurtirganmikan? Agarda, ular ozgina mas’uliyatni his qilganida, bu yozuvlar farzandlarimizning savod chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini o‘ylab ko‘rganida, balki bu xatoliklar yuzaga kelmasmidi?!

To‘g‘ri, bugungi kunda Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning hududlardagi bo‘limlari tomonidan ishchi guruhlar tuzilgan holda “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi yuzasidan joylarda o‘rganishlar olib borilmoqda. Ammo bu sa’y-harakatlar yetarlicha bo‘lmayapti. Natijadorlikka erishish uchun barchamiz “bir yoqadan bosh chiqarib” harakat qilmog‘imiz kerak.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, aksariyat shiorlar, peshlavhalardagi xatoliklar bir xil. Bundan ko‘rinadiki, ushbu yozuvlarni buyurtmachilarga yetkazib berayotgan poligrafiya korxonalari – bosmaxonalar faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqish va bu xil xatoliklar yuzaga kelsa, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish lozim. Shuningdek, ularda davlat tilini yaxshi biladigan, savodli xodimni ishga olish yoxud buyurtmalarni ular o‘qib chiqib, xatosini tuzatishgandan keyingina bosishga ruxsat berish kerakligini belgilab qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.  

Xullas, tilimizning sofligi uchun birgalikda jon kuydiraylik. Bu, eng avvalo,to‘g‘ri yozish – imlo qoidalariga  amal qilishdan boshlanadi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ona tiliga hurmat imlo qoidalariga e’tibordan, to‘g‘ri yozishdan boshlanadi