Poytaxtimizda O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyev tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlab “Buyuk musavvir” deb nomlangan badiiy ko‘rgazma boshlandi.
Mazkur ko‘rgazma musavvir nomi bilan ataluvchi uy-muzeyida Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, ushbu muzey hamda Toshkent Fotosuratlar uyi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov, O‘rol Tansiqboyev nomidagi uy-muzey direktori Farhod Jalilov va boshqalar milliy tasviriy san’atimiz ravnaqida ustoz ijodkor, mohir mo‘yqalam sohibi O‘rol Tansiqboyevning munosib hissasi borligini e’tirof etdi.
Aytish kerakki, O‘rol Tansiqboyev ona-tabiatning betakror kuychisi bo‘lgan musavvir sifatida nainki mamlakatimiz, balki jahon miqyosida nom qozongan rassom edi. Mo‘yqalam sohibining “Mening qo‘shig‘im”, “Angren-Qo‘qon tog‘ yo‘li”, “Tog‘ manzarasi”, “Issiqko‘lda oqshom” va boshqa ko‘plab asarlari tasviriy san’at ixlosmandlariga yaxshi ma’lum. Uning asarlarida kenglik, go‘zallik, yurtning betakror manzaralari tomoshabinga o‘zgacha kayfiyat va ruh bag‘ishlaydi. Bu asarlar muxlislarni hayratga soladi, quvonch, hayajon zavq bag‘ishlaydi.
Aytish joizki, 2024 yilning 3-17 may kunlari O‘zbekiston Madaniy meros agentligi va Fransiyaning Milliy meros instituti (Institut National du Patrimoine) Toshkentdagi O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyida rassomning 18 ta asarini restavratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma dasturni amalga oshirdi.
Ushbu ko‘rgazmada rassomning 30 dan ziyod kartinasi namoyish etilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA