Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng.
5-iyun – Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng. Uning goʻzal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvlari har qanday kishini oʻziga maftun etadi. Mana shunday betakror goʻzallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish har birimizning unutilmas burchimizdir.
5-iyun – Xalqaro Atrof-muhitni muhofaza qilish kuni butun dunyo boʻylab har yili keng nishonlanadi. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1972-yil Stokgolmda boʻlib oʻtgan Insoniyat muhiti mavzuidagi konferensiyada joriy etilgan.
Oʻtgan yillar davomida mazkur kun 100 dan ortiq mamlakatda nishonlandi, hozirda ekologik muammolarni yechishga yordam beruvchi muhim bir zamin boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu kunda barcha xalqlar birlashib, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ona-yerimizni asrab qolishga oʻzining shaxsiy hissasini qoʻshish imkoniga ega boʻladi.
Mazkur sana munosabati bilan noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosiga boy boʻlgan Hisor davlat qoʻriqxonasiga tashrif buyurdik.
Aslida ushbu soʻlim maskan ajoyibotlari qoʻriqxona xududidan oqib oʻtuvchi daryo va irmoqlardan oqib kelib, ulkan ummonni tashkil qilgan Hisorak suv omboridan boshlanadi.
Qoʻriqxona tabiatini moʻtaʼdil boʻlishida undagi mavjud daryo va koʻllarning ahamiyati bekiyosdir. Uning hududi bilan chegaradosh Surxandaryo, Tojikiston va Holikdod soyining boshida joylashgan Ssvsrsev, Botirboy muzliklaridan bir qator suv manbalari boshlanadi. Ularning ichida eng yiriklari Oqsuv, Tanxoz va Qizildaryo daryolari hisoblanadi. Shu uch daryo suvining Shahrisabz tumani hududida koʻshilishi natijasida Qashkadaryo daryosi hosil boʻladi. Daryolar qor, muz, yer osti suvlari va yogʻinlardan toʻyinadi, ularni yuqoridan pastga qarab oqishi jarayonida katta-kichik sharsharalar hosil boʻladi.
Hisor davlat qoʻriqxonasi Oʻzbekistonning janubiy-sharkiy kismida, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabogʻ va Qamashi tumanlari xududida, Hisor togʻ tizmasining gʻarbiy yonbagʻirlarida, dengiz sathidan 1 ming 750 metrdan 4 ming 421 metrgacha balandlikda joylashgan boʻlib, u janubiy-sharqda Surxondaryo viloyati, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.
Mazkur qoʻriqxona 1983-yil Qashqadaryo viloyatidagi ikkita mustaqil Miraki va Qizilsuv qoʻriqxonalarining birlashtirilishi natijasida, Hisor togʻ tizmalarining janubiy-sharqiy qismidagi tabiiy komplekslarning tipik uchastkalarini asl holida muhofaza qilish, ulardagi tabiiy jarayonlarning borishini oʻrganish xamda shu xududda yoʻqolib borayotgan flora va fauna vakillarini saqlab kolish maqsadida tashkil kilingan.
– Hisor davlat koʻriqxonasining umumiy yer maydoni 80 ming 986,1 gektarni tashkil etadi, shundan 50 ming 892 gektari Shahrisabz tumani, 16 ming 200 gektari Yakkabogʻ tumani va 14 ming 92 gektari Qamashi tumanlari hududida joylashgan boʻlib, hudud jihatidan u Markaziy Osiyoda eng katta koʻriqxonadir, – deydi Hisor davlat qoʻriqxonasi ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Baxtiyor Oromov. – Qoʻriqxona umumiy yer maydonining 22 ming 276 gektari archazor va butasimon oʻrmonlar bilan qoplangan, yaylovlar 24 ming 258 gektarni, daryolar va koʻllar 107 gektarni, botqokliklar 461 gektarni, muzliklar 3 ming 155 gektarni, qoya va jarliklar 30 ming 258 gektarni tashkil etadi. Hisor davlat qoʻriqxonasining yer maydoni Gʻilon, Tanxozdaryo, Miraki va Qizilsuv boʻlimlariga boʻlingan. Hisor davlat qoʻriqxonasi Pomir-Oloy togʻ tizimiga kiradigan Hisor tizmasining shimoliy-gʻarbiy qismida joylashgan. Uning butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan gʻarbga 37 kilometr, shimoldan janubga 90 kiometrga choʻzilgan. Togʻ yotqiziqlari ichida paleozoy jinslari koʻp uchraydi. Choʻqqilarining balandligi 2 ming 500 metrdan 4 ming 421 metrgacha. Jumladan, Hazratsulton togʻi 4 ming 266 metr, Xoʻja-kirshavor 4 ming 303 metr, Toʻrtqoʻylik 4 ming 366 metr, Bibi-Oʻlmas 4 ming 349 metr. Oʻzbekistonning eng baland nuqtasi ham koʻriqxonaning Toʻrtqoʻylik togʻidagi dengiz sathidan 4 mi 421 metr balandlikda joylashgan nomsiz choʻqqidir. Qoʻriqxona hududida mezazoy-kaynazoy davri yotqiziqlarida karst jarayonlari keng tarkalgan va oʻralar, daralar, tokcha va gʻorlar koʻplab uchraydi. Ushbu togʻ daryolari va soylari chuqur daralarni hosil qiladi.
Oʻziga xos tabiatli Hisor davlat qoʻriqxonasiga Suv tushar sharsharasi oʻzgacha husn bagʻishlagan. Qoʻriqxona hududidan boshlanadigan va oqib oʻtadigan soylar, irmoklar, daryolar oʻzining suv oʻzanida turli shakl va koʻrinishdagi sharsharalar hosil qiladi. Ulardan eng yirigi Suvtushar sharsharasidir. Ushbu sharshara koʻriqxonaning Miraki boʻlimining Suvtushar soyining boshlanish kismida, dengiz sathidan 2 ming 100 metr balandlikda joylashgan. Sharsharaning balandligi 84 metr boʻlib, katta qoya toshlar va archazorlar orasida joylashganligi bilan tabiat shaydolarini oʻziga maftun etadi. Ushbu sharshara Hisor togʻ tizmasining 4 metr balandlikdagi Osmontalash qorli qoyalaridan paydo boʻlgan suvlar hisobiga hosil boʻladi. Oʻziga xos ajib bir kuyni chalib, sohibjamolning uzun yoyilgan kokillarini eslatuvchi suvning shiddatli oqimi ushbu sharshara suvini koʻpirtirib, oppoq holatga olib keladi. Shuning uchun maxalliy aholi orasida gohida uni Suttushar sharsharasi ham, deb atashadi.
Tanxozdaryo boʻlimining dengiz sathidan 3 ming 200 metr balandlikda joylashgan Sarituz kengliklaridan boshlanadigan Sarituz soyining eng yuqori qismida, dengiz sathidan 3 ming 200 metr balandlikda, uzunligi 1000 metrdan ortiq boʻlgan, faqat bahor oylarida erigan qor, yomgʻir, buloq suvlaridan paydo boʻladigan Oq kamar sharsharasi mavjud. Sharshara Sarituz soyining serqoya kesik toshlari orasidan ilon izi yoʻnalishi boʻylab, oʻynoqi harakatlari bilan pastga qarab oqishi qoʻriqxona tabiatiga ajoyib koʻrinish kasb etadi. Toshdan toshga urilib oqayotgan oʻz oʻljasiga hamla qilmoqchi boʻlgan ilonni eslatuvchi tez oqar suv zarralari mazkur yerda oʻsadigan endemik oʻsimliklarni namlik bilan taminlaydi.
– Ona tabiat. Uning sofligi, tabiiyligini asrab-avaylash va kelajak avlodga butunligicha yetkazish uchun barchamiz masʼulmiz, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Gʻanisher Ibragimov. – Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida jami 490 ta reyd tadbirlari oʻtkazildi. Oʻtkazilgan reyd davomida Oʻzbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga oid qonun, qonunosti hujjutlari talablarini buzgan 516 nafar fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan maʼmuriy jarimalar qoʻllanilgan.
Tabiatning oʻzi zargarga oʻxshaydi. Uning bagʻridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, oʻrmonlar, hayvonot olami oʻziga xos bir olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilinishining oldini olish, muhofaza qilish faqat shu soha xodimlarining ishi emas, balki barchaning burchidir. Chunki, biz yashayotgan hudud musaffoligi, ekologik muvozanat barchamizga birday daxldordir. Muxtasar qilib aytganda, ona tabiatga mehr-muhabbatli boʻlaylik. Oilalarda, mahalla va qishloqlarda ekologik tarbiyani kuchaytiraylik. Orastalikka rioya qilishimiz, gulu giyohlar maskani va daraxtzorlarni avaylab parvarishlashimiz zarur. Agar biz tabiiy goʻzalliklarga ziyon yetkazmaslikni odat qilsak, avlodlar kelajagi va xayotning davomiyligi uchun shunchalik koʻp qaygʻurgan boʻlamiz.