O‘n kunda 180 dan ziyod migrant yo‘qoldi
So‘nggi 10 kun ichida O‘rta yer dengizida 180 dan ortiq migrant halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Bu haqda “International Organization for Migration” xabar berdi. 2026-yil boshidan beri esa qurbonlar soni qariyb 1000 nafarga yetgan. Mutaxassislar hozirgi vaziyatni so‘nggi yillardagi eng og‘ir sinovlardan biri deb baholamoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi fojia Liviyadan 120 kishini olib chiqqan qayiq bilan bog‘liq. O‘sha baxtsiz hodisa yuz bergan kuni qayiq o‘ta noqulay ob-havo ta’sirida ag‘darilib ketgan. 32 nafar inson qutqarib qolingan va Italiyaning Lampeduza oroliga yetkazilgan. 80 dan ortiq muhojirning taqdiri esa noma’lum. Afsuski, yana ko‘plab halokatlar ham qayd etilgan.
Halokatli voqealarning asosiy sababi sifatida texnik nosozlik, yonilg‘i yetishmasligi va og‘ir sharoit ko‘rsatilmoqda. Ko‘pincha odamlar qutqaruvchilar kelguncha sovuq yoki ochlikdan vafot etadi. Umuman, O‘rta yer dengizi hanuz dunyodagi eng xavfli migratsiya yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hudud bo‘ylab safar minglab odamlar hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.
BMT vakillari vaziyatni yaxshilash uchun xalqaro hamjamiyatni tezkor choralar ko‘rishga chaqirmoqda. Jumladan, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi kurashni kuchaytirish kerakligi ta’kidlanmoqda. Qolaversa, qonuniy va xavfsiz migratsiya tizimini takomillashtirish muhimligi aytilyapti. Aks holda, bunday fojialar davom etaveradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA