Omonxona turizm qishlogʻiga aylanmoqda
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlogʻida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Oʻz oʻlkangni kashf et” loyihasi doirasida “Turizm qishlogʻi” maqomini berish masalalariga bagʻishlangan targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlogʻida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Oʻz oʻlkangni kashf et” loyihasi doirasida “Turizm qishlogʻi” maqomini berish masalalariga bagʻishlangan targʻibot tadbiri boʻlib oʻtdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi tashkil etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini yana-da oshirishga qaratilayotgan eʼtibor yurtimizni dunyoga keng tarannum etib, milliy iqtisodiyotimizni yana-da yuksaltirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. “Turizm qishlogʻi” maqomini olgan hududlarda yaratiladigan sharoit va qulayliklar haqida fikr almashildi.

Prezidentimizning 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq “Turizm qishlogʻi” maqomi berilgan hududlarda zamonaviy infratuzilma rivojlantirilib, obod maskanga aylantiriladi. Keng, ravon yoʻllar barpo etilib, elektr energiyasi, gaz, suv, kanalizatsiya tizimi yaxshilanib, bir maromda ishlashi taʼminlanadi. Mobil aloqa va internet tarmogʻi sifati oshirilib, aholi va sayyohlarga zamonaviy xizmatlar koʻrsatish rivojlanadi.
Atrofi soʻlim togʻlar va qir-adirlarga tutash Omonxona qishlogʻi viloyat markazidan 158, tuman markazidan 16 kilometr uzoqda joylashgan. Qishloqdagi 220 ta xoʻjalikda 1 ming120 kishi istiqomat qiladi.

Ayni paytda shifobaxsh buloq suvi, goʻzal tabiat manzaralari, muqaddas ziyoratgohlari bilan jahonga tanilgan qishloq tibbiyot, eko va ziyorat turizmi shaydolarini oʻz bagʻriga chorlayotir. Shunga mos ravishda dunyoning turli davlatlaridan kelayotgan sayyohlar soni ham yildan-yilga oʻsib bormoqda.
– Omonxona ¬jannatmonand yurtimizdagi moʻjizakor maskanlardan biridir, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Z.Namozov.

– Qadimiy bu goʻshaning bitta moʻjizasi shundaki, shu yerlik oqsaqollarning aytishicha, shifobaxsh buloq suvidan isteʼmol qiladigan qishloq aholisidan biron kishi hozirgacha oʻtkir yuqumli kasalliklardan aziyat chekmagan. Virusli gepatit yoki oshqozon-ichak kasalligiga chalinmagan. Aksincha, virusli gepatit, jigar serrozi kabi kasallikka duchor boʻlgan kishilar qishloqqa kelib buloq suvidan bahramand boʻlgach, shifo topib ketayotir. Endilikda bu yerga keluvchi xorijlik va mahalliy sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda.
Qishloqdagi Hazrati Xoʻja Sultoni Vali Balogardon ziyoratgohi oʻtmishda vohada yashagan yetti buyuk Valining buzrukvori makon topgan muqaddas joy sanaladi. Tarixiy manbalarda Xoʻja Sultoni Vali hazratlari Termizda mashhur muhaddis olim Hakim Termiziy bilan uchrashgani ham aytiladi.

Shu paytgacha qishloq aholisi chorvachilik bilan shugʻullanib, daromad koʻrgan. Soʻnggi yillarda turizmning rivojlanib borayotgani aholining daromad manbaini kengaytirib, turmush darajasini ham yuksaltirmoqda. Tadbirkorlik bilan shugʻullanib, savdo, maishiy, mehmonxona xoʻjaligi va boshqa xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻymoqda.
Jumladan, soʻlim goʻshada Oʻzbekiston temir yoʻllari aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli zamonaviy “Omonxona” davolash maskani, bitta zamonaviy mehmonxona, shifobaxsh suvni qadoqlash korxonasi, 9 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat yuritmoqda.

Yana 20 tadan ortiq xonadon sohiblari oilaviy mehmon uylari tashkil etib, mehmonlarga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha taklif bergan. Shu kunlarda yangidan tashkil etilayotgan mehmon uylariga sertifikatlarni topshirishga hozirlik koʻrilmoqda.
Boy turistik salohiyatga ega viloyatning Sherobod tumani Chorbogʻ mahallasidagi Tuzkon majmuasi, Boysun tumanidagi Sayrob, Sariosiyo tumanidagi Sangardak va Oltinsoy tumanidagi Xoʻjaipok qishloqlari aholisi ham “Turizm qishlogʻi” tashkil etishga harakat qilmoqda.