Prezident topshirig‘idan so‘ng
Prezidentimiz raisligida joriy yil 7 iyun kuni xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohaning barcha tarmoqlari chuqur tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Galdagi vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgani joylarda zamonaviy servis va xizmat ko‘rsatishni yuksaltirishning eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda bu borada hududlarda bajarilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘ida ham yo‘l infratuzilmasi yaxshilansa, yo‘l bo‘yida 200 dan ziyod servis ob’ektlari barpo etish va kamida ming ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘lishi misol sifatida ko‘rsatib o‘tildi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm yangi bosqichda rivojlanib, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Sohada ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Odamlarning daromad manbai o‘smoqda.
Jumladan, so‘lim tog‘lar qo‘ynidagi "Omonxona" qishlog‘i ham tibbiyot va ekoturizm salohiyati bilan mahalliy hamda xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otayotir. Davlatimiz rahbarining Omonxona hududida yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan bergan takliflarida chuqur ma’no bor. Haqiqatan ham bu maskan hamisha uzoq-yaqindan kelayotgan mehmonlar bilan gavjum bo‘ladi. Yig‘ilishda bildirilgan tanqidiy fikrdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hududning bu imkoniyatlarini qayta o‘rganib chiqdik.

Inkobod mahallasidagi mashhur qishloqda 190 xonadon mavjud. Mazkur xonadonlarning barchasi yilning besh oyida “Omonxona” shifobaxsh suvidan ichib, davolanishga, bu yerning boy tabiati bilan tanishishga kelgan mehmonlarni qabul qiladi. Ya’ni, 190 xonadonni bir vaqtning o‘zida 1 ming 500 dan ikki mingtagacha, o‘rtacha bitta xonadonni 10 nafar boshqa hududdan kelgan fuqarolar ijaraga olib, yashaydi. Kunlik kelib ketuvchilar ham hisobga olinsa, bir yilda 120 mingdan ortiq fuqaro Omonxonaga keladi.
Qishloqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 160 o‘rinli sanatoriysi mavjud. 2021 yil 1 ta 60 o‘rinli, joriy yilda 1 ta 100 va 1 ta 60 o‘rinli mehmonxona qurib, foydalanishga topshirildi. Bir kishining “Omonxona” shifobaxsh suvidan ichib, davolanish davri o‘rtacha 7-10 kunni tashkil etayotganini hisobga olsak, bir oyda 5-6 ming kishi, yiliga 22-25 ming kishi bu go‘shaga kelayotgani ma’lum bo‘ladi.
Qishloqning infrastrukturasini rivojlantirish hisobiga bu hududga keluvchilar sonini yanada oshirish mumkin. Masalan, mahallaga tadbirkor ayol Nodira Boyqobilova hokim yordamchisi etib tayinlangan. U o‘z uyida 12 ta xonadan iborat uy mehmonxona tashkil etgan. Uning har birida 4 nafardan, 12 ta xonada 48 mehmon bir kunga 25 ming so‘mdan ijara haqi to‘lab foydalanadi.
Tadbirkor ayol mehmonlarga ko‘rsatilgan xizmatlardan kuniga 1 million 200 ming so‘m, oyiga 36 million so‘m, yilning 5 oyida 180 million so‘m daromad oladi.

Tahlillarimizga ko‘ra, bir oyda o‘rtacha 4 ming 400 mehmon 30 kun ijara uchun to‘lovlarni amalga oshirsa, xonadonlarga bir oyda 3,3 milliard, 5 oyda 16,5 milliard so‘m faqat ijara to‘lovlaridan daromad topadi. Bundan tashqari, ovqatlanish, savdo va boshqa sohalardan ham daromad keladi. Hokim yordamchisi joriy yilda bu xizmat turini yanada kengaytirish uchun mahallada qo‘shimcha 134 ta xonadonda uy mehmonxona tashkil etish bo‘yicha tashabbuskorlar ro‘yxatini shakllantirgan. Biroq, bu yerda yashovchilarning muqim ish joyi, daromad manbai yo‘qligi sababli uy-joyini rekonstruksiya qilish uchun kredit olish muammosi yuzaga kelmoqda.
Ikkinchidan, sayyohlar oqimini yanada kengaytirish uchun infratuzilmani rivojlantirish kerak. Buning uchun 18 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortish, lokal oqova suv inshootlari qurish, aloqa xizmatini yaxshilash lozim. Bu ishni amalga oshirish uchun 19 milliard so‘m mablag‘ ketishi ham hisoblab chiqildi.
Shifobaxsh suvga olib boruvchi 21 kilometr avtomobil yo‘lini ta’mirlashga 59,3 milliard so‘m, 15 kilometr elektr energiya tarmog‘ini yangidan qurishga ikki milliard so‘m mablag‘ talab etilishi hisob-kitob qilindi. Albatta, bu ishlarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyat bor. Shu va belgilab olgan boshqa vazifalarni ro‘yobga chiqarish evaziga so‘lim qishloqning turistik jozibadorligi yanada oshadi. Mavridi kelganda yana bir narsani aytish kerakki, Prezidentimizning 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq Boysun tumanida ham mehmonxona, savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etildi.
Unga ko‘ra, joriy yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvargacha tumandagi Inkobod, Dashtig‘oz, Mustaqillik, Bibishirin, Tuzbozor, Temir darvoza mahallalarida belgilanadigan turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz, mazkur hududlardagi ob’ektlar va ular egallagan yer uchastkasi bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilandi.

Endilikda bu imtiyoz ham Omonxona hududiga keluvchilarga xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar uchun katta imkoniyatdir. Xullas, hududning yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirsak, mehmonlarga zamonaviy servis va xizmat ko‘rsatish darajasi o‘sadi. Tog‘li hududdagi aholi bandligi ta’minlanib, odamlar real daromad manbaiga ega bo‘ladi. Omonxonaning boy sayyohlik salohiyatidan oqilona foydalanilib, xorijiy va mahalliy turistlar bilan yanada gavjum maskanga aylanadi.
Jo‘rabek To‘rayev,
Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari.
O‘zA