BMT Turizm tashkiloti tomonidan navbatdagi “Eng yaxshi turizm qishloqlari” loyihasi g‘oliblari e’lon qilindi. Ular orasida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘i ham bor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etish joiz, BMT Turizm tashkilotining “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” tanlovi 2021 yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu maqom ekologik va agroturizm sohasida nufuzli ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, shu jumladan madaniy va tabiat qadriyatlarini, organik oziq-ovqat mahsulotlari va hayot tarzini saqlab qolgan qishloqlarga beriladi va dunyo bo‘ylab eng yaxshi turizm qishlog‘i deb tan olinadi.

Joriy yil mazkur tanlovga Afrika, Amerika, Osiyo va Yevropa mintaqalaridagi 65 ta mamlakatdan 270 dan ortiq nomzodlar qabul qilingan. Jumladan, Boysun tumanining tog‘li hududida joylashgan, o‘zining tabiiy manzaralari, shifobaxsh buloqlari, tarixiy yodgorliklari, nomoddiy madaniy merosi hamda mehmondo‘st aholisi bilan mashhur bo‘lgan Omonxona qishlog‘i nomzodnomasi ham tanlov g‘oliblaridan deb topildi hamda loyihaning “Rivojlantirish dasturi”ga kiritildi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, 2024 yil Omonxona qishlog‘iga O‘zbekistonning turizm qishlog‘i maqomi berilgan edi. Endilikda qishloqning BMT dasturiga kiritilishi uning xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolat. Qolaversa, O‘zbekistonning qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish, turizm ravnaqiga e’tibor va yangi turizm markazlarini shakllantirish yo‘lidagi izchil siyosatining natijasi.
BMT Turizmning “Rivojlantirish dasturi”ga dunyoning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan nufuzli qishloqlari tanlov asosida kiritiladi. Ushbu dastur mutaxassislar ko‘magi, o‘quv dasturlar va texnik maslahatlar bilan qo‘llab-quvvatlash natijasida qishloq salohiyatini yanada ko‘tarish va sayyohlar e’tiboriga havola qilishni maqsad qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA