O‘mon nashri: O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi
“O‘mon sadosi” nashrida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev bilan intervyu e’lon qilindi.
Maqolada mamlakatimiz tashqi turizmini rivojlantirish, ayni yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi faol siyosat doirasida joriy yil 6-10 iyul kunlari arab davlatlarida qator yirik tadbirlar tashkil etilayotganiga urg‘u berilgan.
O‘mon, Kuvayt, Bahrayn va Qatarda bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi” sayyohlik forumi alohida ta’kidlangan.

– Bugun O‘zbekiston o‘z oldiga respublikani nafaqat xorijlik sayyohlar uchun noyob yo‘nalish sifatida tanitish, balki xorijdagi yetakchi turoperator, investor va davlat sektori vakillari bilan barqaror, samarali aloqa o‘rnatishdek ulkan maqsadlarni qo‘ygan, – deydi mulozim. – “Road Show” ko‘rgazmasi mamlakatning sayyohlik salohiyatini, jumladan B2B – Бизнесдан biznesga va G2B – Hukumatdan biznesga formatlarini targ‘ib qilishga qaratilgan qator taqdimotlar, biznes anjumanlari tashkil etish uchun strategik vosita hisoblanadi. Tadbirlarning ilk bekati sifatida O‘mon tanlangani bejiz emas. Zero, Sultonlik boy madaniyat, an’analarga chuqur hurmat va modernizatsiyaga tinimsiz intilish yo‘lini tanlagan. Mamlakatni Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga ma’rifiy, ma’naviy va tibbiy turizm yo‘nalishi sifatida jalb etish doimiy qiziqish uyg‘otadi. Ishonchimiz komilki, O‘zbekiston– O‘mon turizm hamkorligi madaniyatlar va iqtisodiyotlar samarali integratsiyasi uchun namuna bo‘la oladi. Forum dasturiga muvofiq nazarda tutilgan tadbirlar bir necha asosiy mavzu va yo‘nalishlarni qamrab oladi. Asosiysi, YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar, ma’naviyat va madaniy yo‘llar, pazandalik sayohati, ekologik va tog‘li yo‘nalishlar diyorimizning noyob manzillarini namoyish etadi. Qisqasi, O‘zbekistonning sayyohlik takliflari taqdimoti sayyohlar e’tiboriga to‘laqonli havola etiladi. Shuningdek, turizm infratuzilmasi va qulay iqtisodiy muhitning sarmoyaviy imkoniyatiga alohida to‘xtalib o‘tiladi. O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan faol islohotlar bugun xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Xususan, mamlakatimizda xorijlik hamkorlar uchun, ayniqsa, mehmonxona majmualari barpo etish, sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish, turizm sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qulay va shaffof sharoitlar yaratilgan. B2B formatidagi uchrashuvlar davomida O‘zbekistonning yetakchi turoperatorlari, mehmonxona korxonalari va aviakompaniya vakillari o‘monlik hamkasblari bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazadi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va o‘monlik sayyohlar intilishiga javob beradigan qo‘shma turistik paketlar ishlab chiqish imkonini beradi. G2B uchrashuvlari viza tartibini soddalashtirishdan tortib, qo‘shma turizm dasturlari ishlab chiqishgacha, davlat idoralari va xususiy sektor uchun umumiy manfaatdor masalalarni muhokama qilish uchun maydon yaratadi. “Road Show” modeli O‘zbekistonning ochiq, mehmondo‘st, zamonaviy va xavfsiz mamlakat sifatidagi ijobiy imijini milliy va mintaqaviy ommaviy axborot vositalari orqali O‘mon Sultonligidagi keng auditoriyaga yetkazadi. Ishonchimiz komilki, turistik yo‘nalish imijini shakllantirishda puxta o‘ylangan media strategiya muhim ahamiyat kasb etadi. O‘mon Sultonligida bo‘lajak tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida turizm oqimini tezlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA