Xotira
2020 yilning 29 oktyabri erta tongda telefonim jiringladi... Uning tugmachasini bosdim. Telefondan Omon Matjonning katta o‘g‘li Diyorbekning salomlashgan ovozi keldi.
Keyin bir fursat oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. Noxush sassiz holatdan so‘ng “Kecha tunda adamni Ollohning panohiga topshirdik”, degan so‘zlari eshitildi. Quloqlarimga ishonmadim. Ishonish ham qiyin edi. Axir yaqinda telefonlashgan, uchrashgan, dildan suhbatlashgan odamning endi oramizda yo‘qligini dabdurustdan tasavvur qilish qiyin edi. Lekin Haqning ishiga chora yo‘q. Undan ko‘ngil so‘radim. Shu kuni mehridaryo inson, nihoyatda yaqin akam, atoqli ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon Toshkentning sharqiy ufqida joylashgan Olmos ota qabristoniga hayotda umr yo‘ldoshi bo‘lgan Mas’uda Matjonova yoniga dafn qilindi.
Sir emas, o‘tgan yil insoniyat hayotida og‘ir yil sifatida tarixga muhrlandi. Tojdor virus deb atalgan ko‘zga ko‘rinmas yov yer yuzida millionlab odamlarning yostig‘ini quritdi. Mamlakatimiz aholisi ham ana shu pandemiya azoblarini boshidan kechirdi. Xalqimiz orasidan yetuk davlat va jamoat arboblari, atoqli ijodkorlar, san’atkorlar, olimlar, ziyolilardan ba’zilari va boshqa yana qancha insonlar ana shu kasallik tufayli hayot bilan vidolashdilar.
Matjonovlar oilasi uchun ham 2020 yilning kuzi og‘ir keldi. Oktyabr oyining boshlarida Omon akaning Samarqand shahrida yashaydigan akasi, san’atkor va umrini ilmu ma’rifatga bag‘ishlagan ziyoli inson Zarif Matjonov salkam 90 yoshida vafot etdi. O‘sha paytlarda Omon aka Toshkentdagi ikkinchi statsionarda tojdor virus va boshqa kasalliklar keltirib chiqargan xastalikdan davolanayotgan edi. Shuning uchun yaqinlari akaning o‘limini ukaga bildirishmaydi. O‘sha kunlarning birida kasalxonaga kirish, ko‘rishish taqiqlangani uchun Omon akaga telefon qilib ahvol so‘radim. Ovozi xiyla past, dardchil edi. Ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilib, hali sog‘ayib ketasiz, deb dalda berdim.
U so‘zimni eshitib bo‘lgach, hazin ohangda “Yaqinda tush ko‘rdim, tushimda onam bilan birga yurganmishman (U kishining onasi yoshligida vafot etgan). Bu nimaning alomati ekan, bilmadim. Sendan bir iltimos, negadir akam telefon ham qilmaydi, telefonimga ham javob bermaydi. U kishi bilan bir bog‘langin, salomatligini bilib, salomimni yetkazgin,” dedi. Men uning bu iltimosini bajara olmadim.
Ikkinchi statsionarda Omon aka birinchi qavatda, uning turmush o‘rtog‘i Mas’uda opa ikkinchi qavatda tojdor virusdan davolanayotgan edi. 23 oktyabrda doktorlar u kishi sog‘ayganligi uchun uyiga qaytishga ruxsat berishadi. Ammo u kishi uyga kelgach, bir kundan keyin virus asorati tufayli vafot etadi. Tabiiyki, farzandlar onasining o‘limi haqidagi xabarni Omon akaning xastaligi yanada kuchaymasin, degan niyatda bildirishmaydi. Omon aka Qur’oni karimni va undagi “Yosin” surasini imom-xatiblarga, qorilarga o‘qitib tinglashni nihoyatda xush ko‘rardi. O‘limidan uch-to‘rt kun oldin farzandlaridan imom-xatiblardan birini oldirib, huzurida “Yosin” o‘qitishni iltimos qiladi. “Yosin” o‘qilgach, imom-xatibdan bu surani ikkinchi qavatda yotgan turmush o‘rtog‘i Mas’uda opa huzurida ham o‘qishni so‘raydi. Bu gal “Yosin”ni eshitish Mas’uda opaga nasib qilmaydi...
Shu voqealarni bo‘lib o‘tganiga ham, mana, bir yil bo‘libdi. Omon akaning oramizda yo‘qligiga hamon ko‘nikolmayman. U go‘yo biz bilan hamnafas yurgandek, yonimizda turib “Qalay, dunyo tinchmi, do‘stlar salomatmi?” deb turgandek tuyulaveradi. Bunday paytda u bilan bog‘liq voqealarni xotiraga aylantirish, diltortar suhbatlarimizni “bo‘lgan edi” deb eslash oson kechmaydi. Lekin nachora? Axir o‘tganlarni eslamoq, xotiralarini yodga olmoqdan boshqa choramiz bormi?! Bizning vazifamiz safdoshlarimizni unutmoq emas, xotiralari bilan yashamoq emasmi?!
Omon Matjon nozik didli, hayotning har bir lahzasidan chuqur falsafiy xulosalar chiqara oladigan, voqelikni teran anglaydigan hassos shoir edi. U hayotda hamma narsani bekamu ko‘st ko‘rishga intilardi, go‘zallikni, adolatni, haqiqatni ulug‘lardi. Inson bu cheksiz olamda kechadigan lahzalik hayotida o‘zidan ezgu ishlarni, ezgu amallarni meros qoldirib ketishi kerak, degan g‘oya bilan yashardi. Shuning uchun she’riyatida ezguliklarni ulug‘lash g‘oyasi hamisha ustuvor bo‘lib kelgan.
Uning qalbida doimo tariximizga buyuk oshuftalik bor edi. Tarixni o‘rganmasdan turib bugungi anglab bo‘lmaydi, bugunsiz esa kelajak yo‘q, degan fikr har bir asarining markazida turardi. U uchliklaridan birida
Uchrashuvimizga yaqin qoldi,
O‘tmish, bugun bilan yuzma-yuz
Shundoq kelajakning yonginasida,
deb yozishi ham bejiz emasdi.
Shoirning qalbidagi barcha orzular, o‘ylar, ezgu maqsadlar, armonlar, tug‘yonlar “Ochiq derazalar”, “Karvon qo‘ng‘irog‘i”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Quyosh soati”, “Haqqush qichqirig‘i”, “Seni yaxshi ko‘raman”, “El birla bo‘l”, “Diydor aziz” kitoblarida, “To‘g‘on”, “Pahlavon Mahmud”, “Abu Rayhon Beruniy” dramatik dostonlarida, “Shayx Najmiddin Kubro” tarixiy fojiasi, “To‘rabekxonim” qissasi, “Ming bir yog‘du” deb atalgan Alisher Navoiyning “Xamsa”si asosida yaratilgan bitiklarida, xorijiy ko‘plab ijodkorlar asarlaridan tarjimalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Omon aka nafaqat adabiy-badiiy jarayonda, balki ijtimoiy hayotda ham faol edi. Uning shoirona qalbidagi ezguliklar hayotiy a’mollarida ham bo‘y ko‘rsatib turardi. Endilikda xotira bahona shoirning ana shu ezgu ishlaridan ba’zilarini eslab o‘tishni niyat qildim.
Omon Matjon Samarqand Davlat universitetini tugatgach o‘tgan asrning 70-yillari boshida Toshkentdagi G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida nazm bo‘limida faoliyatini boshladi. Keyin shu bo‘limga mudir bo‘ldi. Aynan o‘sha yillarda uning tashabbusi bilan nashriyotda “Shoirning birinchi kitobi” degan turkum tashkil etildi. Bunday turkumni tashkil etish oson bo‘lmaydi. Nashriyotda “Shoirlarning kitoblarini nashr etish ko‘payib ketdi”, degan bahona bilan bu ishga to‘sqinlik qiluvchilar ham bo‘ladi. Shu turkumda yaxshi kitoblar chiqsa, maqtov nashriyot sha’niga aytiladi, o‘rtamiyona kitoblarning tanqidi esa Omon Matjonga tegadi. Eng muhimi, shu turkumda o‘sha yillari bir necha o‘nlab shoirlarning ilk she’riy to‘plamlari kitobxonlar qo‘liga yetib boradi. Yosh ijodkorlarga ijod yo‘li ochiladi. Boshlangan xayrli ish o‘z mevasini berdi: ana shu turkumda she’rlari chiqqan shoirlarning deyarli hammasi endilikda adabiyotimizning yetuk vakillariga aylandi. Lekin Omon akadan biror davrada “Men ana shu ishni qilganman”, degan so‘zni eshitgan emasman.
O‘sha yillari G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida yana bir xayrli ish amalga oshirildi. Buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning ko‘p jildliklarini nashr etish yo‘lga qo‘yildi. Bu jildliklarni tayyorlash uchun ko‘plab navoiyshunos olimlar ishga jalb qilindi. Yana bir navoiyshunos olim nashriyotning o‘ziga ham kerak edi. Omon aka bu ishga Samarqand Davlat universitetida faoliyat yuritayotgan adabiyotshunos olim Asqarali Sharopovni taklif qildi. Asqarali Sharopov o‘z ishiga puxta, Alisher Navoiy asarlari matnini yaxshi biladigan olim edi.
Ulug‘ shoir asarlari to‘la nashr etildi. Shoirning tashabbusi bilan “Xamsa”dagi dostonlarning nasriy bayoni ham chop qilindi. Ayni paytda, Alisher Navoiyning boshqa asarlarining ham nasriy talqini nashr etilishi rejalashtirildi. Ammo Asqarali Sharopovning vafoti, Omon Matjonning boshqa ishga o‘tkazilishi munosabati bilan bu reja amalga oshmadi. Omon aka bu ishning amalga oshmaganidan keyinchalik ko‘p o‘kindi. Lekin o‘sha yillarda Alisher Navoiy asarlarini chop qilish asnosida tug‘ilgan fikr-mulohazalar, undan o‘rganishlar asosida keyinchalik “Ming bir yog‘du” deb nomlangan asari paydo bo‘ldi. “Ming bir yog‘du” Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asarini o‘qish, o‘rganish davomida Omon Matjon qalbidagi hayratlar, hayajonlar va bu hayajonlar, hayratlarning shoir dilidagi nazmiy ifodasi edi. “Hayrat ul-abror” butun insoniyat uchun barcha zamonlarda xizmat qiladigan hayot falsafasining betimsol ifodasidir”, derdi shoir. Shu sababli “Hayrat ul-abror” uning doimiy hamrohiga aylangandi.
Omon Matjon muharrir sifatida yangiliklar yaratishni “Cho‘lpon” nashriyotiga rahbar bo‘lib kelganidan keyin ham davom ettirdi. Bir guruh ijodkorlarni, tarixchilarni, olimlarni yig‘ib, xalqimizning va turkiy ellarning qadim ma’naviy boyliklari bo‘lgan “Avesto”, “Qo‘rqut ota”, “Go‘ro‘g‘li”, “Alpomish”, “Manas” kabi ko‘plab asarlar haqida ham kattalarbop, ham bolalarbop tarixiy hikoyalar yaratish, qadim shaharlar kechmishi va bunyodkorligi bilan bog‘liq adabiy-badiiy risolalar bitish, milliy qahramonlarimiz, buyuk shaxslar hayoti, faoliyati xususida kichik hajmda, lekin qiziqarli ilmiy-ommabop tadqiqotlar yozish masalalarini o‘rtaga qo‘ydi. Bular bolalar uchun chinakam tarix va tarix saboqlari bo‘lishi kerak edi.
Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. “Cho‘lpon” nashriyotida yuqorida aytilgan yo‘nalishlarda “Qiziqarli tarix” turkumida kitoblar nashr etildi. Shu kitoblardan bittasi haqida to‘xtalsak, ko‘zlangan maqsad ko‘lami ulug‘vorligi yaqqol namoyon bo‘ladi. Nashriyotda tarixchi olim Tohir Karimovning “Muqaddas “Avesto” izidan” deb atalgan kitobi chop qilindi. Ma’lumki, xalqimiz tarixining va kitobot san’atining ilk namunasi hisoblangan “Avesto” asari haqida mustaqillikdan ilgari deyarli ma’lumot berilmas edi. Istiqloldan keyin bu asar xususida, uning tarixi haqida ilmiy jamoatchilik orasida so‘z yuritila boshlandi. Asarning o‘zbek tiliga tarjimasi paydo bo‘ldi. 2001 yilda “Avesto” asari yaratilganligining 2700 yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi va Urganch shahrida maydon tashkil etilib, mahobatli yodgorlik o‘rnatildi. Bularning hammasi ushbu kitob xususida, uning tarixi, ahamiyati, meros sifatida qadr-qimmati to‘g‘risida xalqimiz, xususan, yoshlar, bolalar uchun qiziqarli kitob yaratishni hayotiy zaruratga aylantirdi. Haqiqatan ham, kitob nihoyatda qiziqarli yo‘sinda, aniq ma’lumotlar asosida bitilgan. U hammabop bo‘lishi uchun ham kirill, ham lotin alifbolarida nashr qilingan. Umuman aytganda, Omon Matjon boshlab bergan tashabbus o‘zini oqladi. Shu sababli kitob muallifi asarning yozilishi g‘oyasidan tortib,uning kitobxonlar qo‘liga yetib borishigacha barcha tashkiliy ishlari uchun Omon Matjonga, “Cho‘lpon” nashriyoti jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiradi. O‘sha paytda nashriyotda uning imzosi bilan chiqarilgan har bir kitob ana shunday tarixiy zaruratlar natijasida, kitobxonlar talablari asosida chop etilgan.
Tashqaridan qaraganda juda sokin, muloyim, dunyoda tashvishi yo‘q odamday ko‘rinadigan Omon aka yurt uchun, xalq uchun astoydil jon kuydiradigan insonlar toifasidan edi. U hayotda ro‘y bergan biror voqeaga befarq qaramasdi, yutuq va kamchiliklar yonidan befarq o‘tib ketmasdi, ketolmasdi. Uning bolalik, yoshlik davri Xorazm viloyati, Yangibozor tumanidagi Bog‘olon qishlog‘ida o‘tgan. Men u bilan qishloqdoshman. U qachon qishloqqa borsa, yutuqlardan quvonib, kamchiliklardan esa ranjib qaytardi. Bu quvonch va ranjishlar payti kelib, umumlashgan holda she’rlarida aksini topardi.
Qishlog‘imizda bog‘lar ko‘p bo‘lgani uchun shunday atalgan. Lekin o‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida sho‘rolar rahnamolari buyrug‘i bilan bog‘lar yo‘q qilinib, o‘rniga paxta ekildi. Omon aka bir gal qishloqqa borib, xafa bo‘lib qaytdi. Qishloqdan kelgach undan xol so‘rash uchun uyiga bordim.
— Qishloq nomini o‘zgartiramiz, — dedi u dabdurustdan.
— Nimaga? — hayron bo‘ldim.
— Bog‘i yo‘q qishloqni Bog‘olon deb atab bo‘lmaydi, shuning uchun nomini “Paxtazor” qo‘yamiz...
Bu xususda boshqa gaplashmadik. Oradan bir yil o‘tganidan keyin qishlog‘imiz hududidagi kolxozga Omon akaning sinfdosh do‘sti Soliy Hayitboyev rais qilib saylandi.
Omon aka qishloqqa yana bir marta borib keldi. Bu gal shashti boshqacharoq, dadilroq edi. Erta bahorda rais do‘sti bilan Andijonga yo‘l oldi. Andijondan bir million tupdan ortiq sarxil meva qiladigan daraxt ko‘chatlarini Bog‘olonga olib kelishdi. Salkam 100 gektar yerda bog‘ yaratishdi. Qolgan ko‘chatlarni bog‘olonliklarga tarqatishdi. Oradan ikki yil o‘tib, yana shunday bir bog‘ barpo etildi. Bog‘olon o‘z nomiga munosib bo‘la boshladi.
O‘sha paytlarda sho‘rolar davlatining markazi O‘zbekistondan faqat paxta talab qilib turgan jarayonda paxtazor o‘rniga bog‘ barpo etish nihoyatda qiyin ish edi. Bu ishni rais ham, shoir ham hayotlarini o‘rtaga qo‘yib amalga oshirgan edilar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Oradan 4-5 yil o‘tib Xorazmda bog‘lar barpo etishga astoydil kirishildi. Har bir tumanda o‘nlab bog‘lar yaratildi. Bular aslida Omon aka va Soliy aka boshlab bergan tashabbusning davomi edi.
Endilikda o‘sha bog‘ yana ham kengayib, yana ham ulg‘ayib go‘zal maskanga aylandi. Bu yerda bog‘olonliklarning yuzlab oila vakillari tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, oila tebratishmoqda. O‘sha paytda bog‘ning nomini “Yoshlik” deb atashgan edi. Lekin bog‘olonliklar unga haqiqiy nomni berishdi. U “Omon Matjon bog‘i” deb yuritiladi.
Omon aka bilan tug‘ilib o‘sgan yurtimiz Xorazmga ko‘p marta birga borganmiz. Goh to‘y, maraka, goh anjuman, yig‘ilish degandek. Eslasam, shoir bilan oxirgi safarimiz 2019 yilda bo‘lgan ekan. Dastlab ziyoratgohlarga bordik, do‘stlarni, yaqinlarni yo‘qladik. Keyin Urganch shahrini aylandik.
Shaharning yangi bunyod etilgan dahalarini, ko‘chalarini, xiyobonlari, maydonlarini ko‘rdik. Muhammad Muso al-Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi, Abulg‘ozi Bahodirxon, Muhammad Rizo Ogahiy haykallarini ziyorat qildik. Urganch Davlat universitetining yangi binolaridan ko‘zimiz yayradi. Shahar bo‘ylab sayrimiz aeroport yaqinidagi Muhammad Muso al-Xorazmiy va Abu Rayhon Beruniy bog‘larida yakuniga yetdi.
— Xorazm ilmu ma’rifat, ijod ahli o‘lkasi. Bu yerda qancha allomalar o‘tgan, qancha shoirlar qalam tebratgan. San’atkorlar bu yurtning dovrug‘ini olamga taratgan. Mana, birgina Urganch shahrining o‘zida ulardan qanchasi ulug‘lanib, ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlarga nomlari qo‘yilgan. Bu ulug‘ ish. Lekin mening bir armonim, orzuim bor. Qani, endi shaharning mana shu al-Xorazmiy bog‘ida nihoyatda muhtasham qilib ilm-fan, adabiyot va san’at muzeyi ochilsa, unga barcha xorazmiylar, xivaqiylar, gurganjiylar, kotiylar, xazoraspiylar, ma’muniylar, zamaxshariylar va yana ming-minglab ulug‘ insonlarning nomlari bitilsa, asarlari qo‘yilsa, bu yurtga kelgan har qanday odam ular haqidagi hikoyalarni tinglabgina qolmay, tarix bilan yuzlashsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi!..
Omon Matjonning bunday orzulari, armonlari ko‘p edi. Muzey barpo etish haqidagi orzusi shulardan biri edi.
Ha, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjonning oramizdan ketganiga bir yil bo‘libdi. Bir yilda hayotimizda qancha o‘zgarishlar, qancha yangilanishlar ro‘y berdi. Shaharlar, qishloqlar qiyofalari o‘zgardi, katta bunyodkorliklar amalga oshirildi. Xalqimiz, millatimiz qalbida yangilanishlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Bularning hammasi minglab, millionlab nigohlar ko‘z o‘ngida amalga oshirilmoqda., ular haqida aytilmoqda, yozilmoqda. Lekin, mening nazarimda, ana shu nigohlar orasida yana bir nigoh — Omon Matjon nigohi, atoqli shoir qalbi va so‘zi yetishmayotgandek. Agar u hayot bo‘lganida yana qancha ishlarni amalga oshiradi, yana qancha she’rlar kitoblar sahifalariga bitilardi... Armonlarning cheki yo‘q. Nima bo‘lmasin, u xalqi uchun o‘zidan yaxshi nom qoldirib ketdi.
Shoirning “Quyosh soati” kitobida shunday so‘zlar bor: “Xorazmda tog‘lar yo‘q emas, bor. Xorazm tog‘lari vohani tongda quyoshdan to‘sib qo‘ymaslik uchun odamlar qiyofasida yashashadi!
— Xorazmiy, Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, Hojixon...” Mening nazarimda, ular yonida odam qiyofasidagi yana bir tog‘ paydo bo‘ldi — uning nomi Omon Matjondir!
Kamol Matyoqubov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist