O‘mon diplomatlari yurtimizda malaka oshiryapti
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatiya akademiyasida O‘mon Sultonligi Tashqi ishlar vazirligi yosh diplomatlari uchun malaka oshirish kursi ochildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi TIV, JIDU va Akademiya rahbariyati, shuningdek O‘mon vakillari, ushbu arab davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir Al-Busaidiy ishtirok etdi.
Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov so‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqa izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.

Umuman, mazkur kurs o‘zaro diplomatik munosabat tarixida yangi sahifa ochishi barobarida o‘monlik yosh diplomatlarga xalqaro maydonda samarali faoliyat yuritish, Markaziy Osiyo va O‘zbekiston haqida chuqur bilim, amaliy ko‘nikma egallash imkonini yaratadi.
– Belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida muvaffaqiyatli hamkorlik qilishimizga ishonaman, – deydi A.Umarov.

O‘mon elchisi o‘z chiqishida aloqalar mustahkamlanishi diplomatlar uchun cheksiz ilhom manbai ekanini ta’kidladi:
– Diplomatik almashinuv dasturi ishlab chiqilishi xalqaro munosabatlar istiqboliga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omildir.
O‘mon TIV Fors ko‘rfazi davlatlari va mintaqaviy qo‘shnichilik ishlari departamenti rahbari Ahmad Hoshil Rashid Al Maskariy ishtirokchilarni qutlarkan, bunday loyihalar yosh diplomatlar uchun muhim ahamiyat kasb etishi, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
17 mayga qadar davom etadigan mashg‘ulotlarga universitet va akademiyaning yetakchi professor-o‘qituvchilari jalb etilgan. Kurs yakunida O‘zbekiston – O‘mon munosabatlari istiqboli mavzusida davra suhbati uyushtiriladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA