Ommaviy sportni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Professional sportda yuksak natijalarga erishishda ommaviy sportni rivojlantirish, joylarda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish muhim omil hisoblanadi.
Sport vazirligi majlislar zalida aholini ommaviy sportga jalb qilish tizimini kengaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.

Sport vaziri Adham Ikromov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat, tuman va shahar shtab a’zolari hamda ommaviy sportni rivojlantirishga mas’ul vazirlik va idoralarning mutasaddilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ommaviy sportni rivojlantirish borasidagi ishlar holati hamda bu borada joylardagi tizim tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining mas’uliyati, "Besh tashabbus olimpiadasi", "Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi" sport musobaqalarining o‘tkazilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar jarayonida mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari va unda yoshlarning qamrovi, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida umumta’lim maktab o‘quvchilari, idora va tashkilotlar xodimlari hamda Oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etiladigan sport musobaqalari to‘g‘risida mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Yig‘ilish yakunida har bir hududda, mahallalarda aholining jismoniy faolligini oshirish borasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan mutasaddilarga tegishli vazifalar belgilandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA