Ommaviy qabullar: har bir murojaat yechim topadi
Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan ezgu tamoyil bugun barcha darajadagi rahbarlarning asosiy vazifasiga aylandi.
Jonli muloqotlar va sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilgani odamlarni qiynayotgan muammolarini hal qilish imkonini bermoqda. Farg‘ona viloyatida ayni kunlarda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi faoliyat olib boryapti. Farg‘ona shahridagi og‘ir hudud hisoblangan “Oqariq” mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Respublika ishchi guruhi vakili Alisher Usmonov, adliya vaziri o‘rinbosari Murtazo Ikromov, Oliy sud raisi o‘rinbosari Xalilillo To‘raxo‘jayev hamda Farg‘ona shahar sektorlari rahbarlari ishtirokida ommaviy qabullar o‘tkazildi.
Unda “Oqariq” dan tashqari “Nafosat”, “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ham o‘z taklif-muammolari yuzasidan mas’ullar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Qabulda Nafosat mahallasida yashovchi Yo‘lchi Jamolov bir paytlar Qarqarqishloq qabristoniga qarashli bo‘lgan, lekin shahar hokimligi zaxirasiga olingan 70 sotix yer maydonini mahalla qabristoniga qaytarish bo‘yicha murojaati tinglandi. Buning ijrosini ta’minlash uchun mutasaddilarga topshiriq berildi. Shu mahallada yashovchi Oygul Abdullayevaning bir asrlik umr dovoniga yaqinlashayotgan onasi Zulfiya Abdullayevaga nogironlik aravasi ajratish haqidagi murojaati ham shu yerning o‘zida hal etildi.
– Oilamizda moddiy yetishmovchilik borligi sabab ko‘zimda jarrohlik amaliyotini o‘tkaza olmayotgan edik, – deydi Farg‘ona shahrining “Sohibkor” mahallasidan Tamara Boboyeva. – Murojaatim mutasaddilar ishtirokida o‘rganildi va operatsiya uchun kerakli mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. “Oqariq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi S.Abdullayevaning xonadonida issiqxona tashkil etishi uchun imtiyozli kredit olish masalasidagi murojaati sektor rahbarlari tomonidan qabul qilinib, imtiyozli kredit ajratilishi belgilandi. A.G‘ulomqodirov Oliy sud raisi o‘rinbosariga ariza bilan murojaat qilib, doimiy ro‘yxatga qayd etilmaganligi sababli IIBga fuqarolik pasportini olish masalasida murojaat qilgani, murojaati nizoli bo‘lganligi sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilganligi yuzasidan sudga da’vo ariza kiritish masalasida tushuntirish berishni so‘radi.
Shu kunni o‘zida uni da’vo arizasi qabul qilinib. tegishli tartibda hal qilish uchun fuqarolik sudiga taqdim qilindi. Ommaviy qabullar jarayonida fuqarolardan 69 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 9 tasi sud-huquq masalalariga, 60 tasi ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarga taalluqlidir. Kelib tushgan murojaatlarning 21 tasi joyida ijobiy hal etildi, 12 ta murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 36 ta murojaat qo‘shimcha o‘rganish uchun vaqt talab etilganligi sababli nazoratga olindi.
[gallery-5845]
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat) O‘zA