“Ommaviy diktant” aksiyasi o‘tkazildi
Yoshlar orasida yozma savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish, uning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash maqsadida Guliston davlat universiteti, Guliston davlat pedagogika instituti hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining 35 yilligi munosabati bilan “Ommaviy diktant” aksiyasi o‘tkazildi.
–Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, uning 2024 yil II yarim yillik ish rejasida belgilab qo‘yilgan vazifalar ijrosi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashabbusi bilan tilbilig.uz o‘zbek tili ta’limini takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy platforma yaratildi,–deydi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Hamid Yodgorov.–Siz istalgan paytda platformada ro‘yxatdan o‘tishingiz va diktant yozish orqali savodxonligingizni tekshirishingiz mumkin. Sirdaryoda talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Ommaviy diktant” yozish aksiyasidan ko‘zlangan maqsad millat farzandlarining yozma savodxonlik darajasini, o‘zbek adabiy tili me’yorlari, o‘zbek tilining tuzilishi bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratini tizimli oshirib borish hamda o‘zbek tiliga nisbatan milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.
Ushbu o‘tkazilgan aksiyada mazkur universitet, institut talabalari ishtirok etib, diktant yozish orqali o‘z savodxonligini sinovdan o‘tkazdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri