Omilkorlik – muvaffaqiyat asosi
Joriy yilda Surxondaryo viloyatidagi uch mingdan ortiq fermer xo‘jaligi paxtakorlari 119 ming 600 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar va serhosil “Buxoro-102”, “Namangan-77”, “Sulton”, “Porloq-1”, “Besh qahramon” navli g‘o‘za nihollarini parvarishlamoqda.
Joriy yilda Surxondaryo viloyatidagi uch mingdan ortiq fermer xo‘jaligi paxtakorlari 119 ming 600 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar va serhosil “Buxoro-102”, “Namangan-77”, “Sulton”, “Porloq-1”, “Besh qahramon” navli g‘o‘za nihollarini parvarishlamoqda.Buning uchun mirishkorlar hosil to‘plashda mas’uliyatli palla – avgust oyida barcha agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda tez va sifatli amalga oshirishga alohida e’tibor qaratayotir.
Yoz faslida havo haroratining keskin ko‘tarilishi kuzatilgan bu yilgi sharoitda g‘o‘za nihollarini sharbat usulida tungi sug‘orish, chopiq va begona o‘tlardan tozalashga alohida e’tibor qaratilgani, kultivatsiyani obi-tobida o‘tkazib, tuproqdagi namgarchilikni saqlab turishga ahamiyat berilgani yutuqlar omili bo‘layotir.
Denov tumanida 348 fermer xo‘jaligi 12 ming gektar maydonda paxta yetishtirmoqda. Tuman fermerlar kengashi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayevning ta’kidlashicha, avgust oyida hosil cho‘g‘ini yanada ko‘tarish uchun paxtakorlar mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishga harakat qilmoqda. Buning uchun egatlarni ko‘llatmasdan sug‘orish, qator oralariga qayta ishlov berish, g‘o‘za g‘ovlab ketishining oldini olish, begona o‘tlardan tozalash yumushlarini sifatli amalga oshirishga e’tibor yanada kuchaytirildi. Suvchi, mexanizator va dala ishchilarining o‘z vazifasiga mas’uliyati oshirildi.
Xalqimizda dehqon uchun asad oyining bir kuni yilga tatiydi, degan gap bor. Zero, mas’uliyatli bu oyda bajariladigan muhim agrotexnik tadbirlar kuzda olinadigan hosil taqdirini hal qiladi. Aksincha, ozgina e’tiborsizlik qilinsa, hosilning bir qismi to‘kilib ketishi hech gap emas. Belgilangan muddatda sug‘orilmagan maydonlarda suvdan chanqagan ko‘saklar muddatidan oldin ochilib, paxta salmog‘i va sifatiga ta’sir etadi. Ko‘llatib sug‘orilsa, nihollar g‘ovlab, hosil to‘kilishiga olib keladi. Viloyatda bunday holatlarning oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbir belgilanib, barcha dala yumushlari shu asosda olib borilmoqda. G‘o‘za nihollarini chanqatib qo‘ymaslik uchun dalalarni sug‘orish grafigi tuzilgan. Sharbat usulida tungi sug‘orish davom ettirilmoqda. Suvchi va mexanizatorlarga yetarli sharoit yaratilib, obi-tobiga kelgan maydonlarni me’yorida kultivatsiya qilish va tuproqdagi namlikni saqlab turish yo‘lga qo‘yilgan.
– Dehqonchilikda oson yilning o‘zi bo‘lmaydi, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Azim-Surxon” fermer xo‘jaligi rahbari Omon Ahadov. – Paxtachilik uchun qulay kelgan bu yilgi sharoitda 62 gektar maydonda “Buxoro-102” navli g‘o‘za nihollarini parvarishlab, mo‘ljaldagi hosilni to‘plash taraddudidamiz. O‘tgan oydagi issiq harorat hosil cho‘g‘iga o‘z ta’sirini o‘tkazishidan xavotirlangan edik. Hosilni saqlab qolish uchun mirishkorlarimiz omilkorlik bilan ish tutdi. G‘o‘zani tunda, nihollar tomiri sovigach, sharbat usulida sug‘orishni joriy etib, kultivatsiya sifatiga e’tibor kuchaytirildi. Tungi sharbat suvidan bahra olgan nihollar bo‘liq rivojlanib, kam shona tashladi. Hozirgi kunda sharbat usulida tungi sug‘orish, nihollar g‘ovlab ketishining oldini olish, kultivatsiyani o‘z vaqtida sifatli o‘tkazish kabi muhim tadbirlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotgani hosilga hosil qo‘shmoqda. Bu yil har gektar maydondan o‘rtacha ellik sentnerdan xomashyo olishni mo‘ljallayapmiz.
Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, g‘o‘za chekankasi sifatli yakunlandi. Sharbat usulida tungi sug‘orish belgilangan grafik asosida qizg‘in davom etmoqda. Qator oralari me’yorida kultivatsiya qilinib, egatlar begona o‘tlardan tozalanayotir. Suv resurslaridan oqilona foydalanilmoqda. Bu ishlarning barchasi shonani gulga, gulni ko‘sakka aylantirib, mo‘l hosilga puxta zamin hozirlamoqda.