Ombudsmanning vakolatlari kengaytirildi (+video)
Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririga ko‘ra, ombudsman lavozimi uchun yosh chegarasi 25 yoshdan 30 yoshga oshirildi. Shuningdek, ayni bir shaxs surunkasiga ikki martadan ortiq ombudsman lavozimiga saylanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi qonunda ombudsmanning ta’sir choralari hamda vakolatlari ham kengaytirilgan.
Jumladan:
- ombudsman endilikda ta’sir choralari sifatida ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnomadan foydalanishi mumkin (bungacha u shikoyatni qabul qilishi, muammo holati bilan tanishishi, shikoyat asosida tergov boshlashi hamda buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan xulosa chiqarishi mumkin edi);
- ombudsman, uning o‘rinbosari va mintaqaviy vakillari har qanday vaqtda, hech qanday to‘siqlarsiz va ogohlantirishsiz mahkumlar saqlanadigan joylarga tashrif buyurishi mumkin;
- ombudsman huzurida qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo turlarining oldini olish maqsadida jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi;
- ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasalaridagi ombudsman qutilari orqali murojaat yo‘llashlari mumkinligi belgilandi.
Qonun 15 noyabr kuni e’lon qilindi va shu kundan kuchga kirdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/bYyF1e2hzk8?si=8l_BhJuvFhGm5Znq" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev O‘zA