Ombudsmanga qanday murojaatlar kelmoqda va ular qanday hal etilmoqda?
Fuqarolar, ayniqsa, mahkumlarning Ombudsmanga murojaatlari ko‘paymoqda. Sababi, mazkur tuzilmaning joylarda ham mintaqaviy vakillari faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid farmonida Ombudsmanga aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish topshirilgan.
Ombudsman bu yo‘nalishda izchil amaliy faoliyat yuritmoqda. Chunki Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan odamlarni xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun chekka hududlardagi mahallalar kesimida aholining huquqiy savodxonligini hamda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan xabardorligini oshirishga qaratilgan "Ombudsman maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Tojikiston bilan chegaradosh va markazdan uzoqda joylashgan Urgut tumani "Mirzabag‘lon" hamda "Chen" mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashuv tashkil etildi. Fuqarolar qabuli davomida 41 nafar fuqaroning murojaati nazoratga olindi.
Soliq boshqarmasi tomonidan kontrakt asosida o‘qiydigan 37 nafar talabaga 12 foizlik daromad solig‘ini qaytarib olish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi hamda adliya boshqarmasining davlat xizmatlari vakillari tomonidan 38 nafar fuqaroga mobil davlat xizmati ko‘rsatildi.
Tadbirga "Hududgaz" aksiyadorlik jamiyati jalb etilib, fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar joyida hal etildi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan 14 nafar nogironligi bor fuqaroga 5 ta nogironlik aravachasi, 6 ta qo‘ltiq tayoq va 3 ta quloq uchun ovoz kuchaytirgich moslamalari berildi.
Shuningdek, fuqarolar uchun tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan holda, 565 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga muhtoj 10 nafar fuqaroga kam ta’minlanganligi uchun bepul operatsiya qilish choralarini ko‘rish belgilandi.
Ombudsmanga 21-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkuma A.R. farzandlaridan xavotirda ekani bo‘yicha murojaat qildi.
Murojaatchining yozishicha, uning 5 nafar voyaga yetmagan farzandlari 2 yildan buyon akasi B.L. qaramog‘ida bo‘lgan. Lekin mahkuma va akasining farzandlari o‘rtasida turli kelishmovchiliklar bo‘lib kelgan. Hattoki, bolalar uchun davlat tomonidan ajratilgan nafaqa pullari hamda noutbuk, tikuv mashinasi va mebel jihozlarini mahkumaning farzandlariga bermay, sotib yuborilgani ma’lum qilingan.
Mazkur murojaat nazoratga olinib, holatni joyiga chiqib o‘rganish uchun Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga yuborildi. Holat “Inson” ijtimoiy markazi vakillari bilan hamkorlikda o‘rganildi.
Aniqlanishicha, mahkumaning farzandlari hozirda uning marhum turmush o‘rtog‘ining akasi N.K. tomonidan vasiylikka olingan. O‘rganish jarayonida bolalar bilan suhbatlashildi va ularning sharoitlari o‘rganildi.
Davlat tomonidan ajratilgan noutbuk, divan va tikuv mashinasi mahkumaning voyaga yetmagan farzandlariga qaytarilishi ta’minlandi.
Aytib o‘tish kerakki, 2023 yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 18 ming 622 tani tashkil etgan.
Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 170 ta’sir chorasi shaklidagi hujjatlar, jumladan, 35 taqdimnoma, 37 xulosa va 98 ariza va da’vo arizalar kiritilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 28 foiz, 2021 yilga nisbatan 81 foizga ko‘paygan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish va ta’sir choralarini qo‘llash natijasida 38 nafar fuqaro ishga tiklangan, 23 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan, Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 da’vo arizasi kiritilgan. Fuqarolar hamda mahkum (mahbus) va ularning yaqinlari manfaati uchun jami 2 milliard 130 million so‘m undirilgan.
Norgul Abduraimova, O‘zA