O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etilishini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga bu xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning bosh mezonidir.
Mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. 2023 yilda qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga ko‘paytirilib, yangi normalarda o‘z ifodasini topdi.
Xususan, unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati sifatida belgilandi. Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilandi.

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida ishlab chiqilgan va 2024 yil 15 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning yana bir muhim kafolati sifatida namoyon bo‘ldi, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov. – Qonunda mintaqaviy vakillar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilishi hamda ko‘rib chiqishi, ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda ko‘maklashishi, inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi monitoringini tashkil etishi va o‘tkazishi, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar bilan uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazishi va boshqa vazifalarni bajarishi belgilab qo‘yilgan.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Ombudsman huzurida tashkil etilgan qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari bilan hamkorlikda fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilgan holda jazoni ijro etish muassasalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, ruhiy kasalliklar shifoxonasi, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda. Birgina o‘tgan yil 103 marta shunday o‘rganishlar olib borildi.
Payariq, Ishtixon, Nurobod, Toyloq tumanlari hamda Samarqand shahridagi vaqtincha saqlash hibsxonasi, ma’muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun maxsus qabulxonalarda amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida 800 ga yaqin mahkum bilan jamoaviy hamda 285 nafar mahkum va mahkumalar bilan yakka tartibda uchrashuvlar o‘tkazilib, murojaatlar qabul qilingan.

– Monitoring tashriflari davomida vaqtincha saqlash hibsxonalarida bir qator salbiy holatlar aniqlandi va ularni bartaraf etish yuzasidan ichki ishlar organlari rahbariyatiga murojaatlarimiz asosida kamchiliklar tuzatildi, – deydi Otabek Toshniyozov. – Jumladan, ma’muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan 60 o‘rinli maxsus qabulxonada 100 nafarga yaqin shaxs saqlanayotgani kuzatildi va bu holat ham bartaraf etildi. Bundan tashqari, 37 va 38-jazoni ijro etish koloniyasida hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 7-sonli tergov hibsxonasida sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda 16 nafar shifokordan iborat guruh hamda 2 ta maxsus ko‘chma tibbiyot uskunasi o‘rnatilgan avtobusda 950 nafar mahkum va mahkumalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Umuman, o‘tgan yil va joriy yil boshidan buyon viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalari va vaqtincha saqlash hibsxonalarida o‘tkazilgan monitoringlar natijalari yuzasidan yaqinda Xalq detutatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida axborot berdik. Aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari hamda deputatlar ishtirokida muhokama qilindi. Ayrim masalalar yechimida viloyat Kengashi, deputatlar yordam berishi aytildi.
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, murojaatlar bilan ishlash borasida ham mintaqaviy vakil tomonidan muntazam tadbirlar, sayyor qabullar uyushtirilmoqda. Jumladan, viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida chekka hududlarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida davlat organlarining faoliyati, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, aholiga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar xususida huquqiy tushuntirish berilmoqda. Ishtixon tumanida o‘tkazilgan shunday tadbirda fuqarolarning murojaatlari ham eshitilib, o‘nga yaqin masalaga shu yerning o‘zida yechim topildi.
Oqdaryo tumanida mintaqaviy vakilning Oliy Majlis Senati a’zosi M.Niyozova hamda Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputatlari N.Kenjayeva va N.Abdullayeva ishtirokida o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng sayyor qabul tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari eshitildi.
Xususan, tadbirkor N.Sa’dullayev tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibiga asosan Payariq tumani Bunyodkor va Tomoyrot mahallalari hududidan onlayn auksion savdolarida sotuvga chiqqan yer uchastkalarini 2024 yilda sotib olganligini ma’lum qildi. Ammo Payariq tumani hokimligi qarzdorligi sababli MIB tuman bo‘limi tomonidan hokimlik zaxirasidagi yer uchastkalariga taqiq qo‘yilgan. Ushbu yer uchastkalari xozirgi vaqtga qadar auksion bayonnomalariga asosan uning nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilmayotgani va bu uning tadbirkorlik faoliyatiga sun’iy to‘siq bo‘layotganini bildirib, yordam so‘radi.
Mazkur murojaat belgilangan tartib asosida o‘rganilib, yer uchastkalariga MIB tomonidan qo‘yilgan barcha taqiqlar mintaqaviy vakil aralashuvi bilan oldirildi va masala ijobiy hal qilindi.
Payariq tumanida yashovchi D.Maxamatovaning nogironlik belgilanishi masalasida tumandagi tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasi xodimlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, yo‘llagan murojaati ham ko‘rib chiqildi. Natijada nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma tasdiqlandi va fuqaroga 2025 yil 31 oktyabrgacha II guruh mehnatdan mayib bo‘lganlik nogironligi belgilandi.
Bugun fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi, murojaatlarini eshituvchi tashkilotlar ko‘p bo‘lsa-da, yurtdoshlarimiz faoliyati bevosita ushbu maqsadlarga qaratilgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilayotgani unga bo‘lgan ishonchdan, vakilning esa o‘z zimmasidagi vazifalarni to‘la-to‘kis ado etayotganidan dalolat beradi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri