Ombudsman vakillari mahkumlar bilan uchrashdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) boshchiligida uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi a’zolari Toshkent viloyatidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.
Mazkur jarayonda mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlari, ular uchun yaratilgan yashash va maishiy sharoitlar, tibbiy xizmat, oziq-ovqat ta’minoti, mehnat qilish hamda yaqinlari bilan uchrashish imkoniyatlari o‘rganildi. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan mahkumlarga “Ikkinchi imkoniyat” berish tashabbusi doirasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahkumlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularni jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin jamiyatga moslashtirish va mustaqil hayot boshlashiga ko‘maklashishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozirda mahkumlarning 95 foizi ish bilan ta’minlangan, joylardagi ishlab chiqarish korxonalarida ishlab, tajriba oshiryapti. Ularga mehnati uchun ish haqi o‘z vaqtida va belgilangan tartibda berilmoqda. Shu bilan birga, UZINFOCOM mutaxassislari tomonidan maktab dasturi asosida maxsus test sinovlaridan saralangan 30 nafar mahkumga kompyuter dasturlash va ingliz tili bo‘yicha o‘qitilmoqda. Mahkumlar kelgusida ozodlikka chiqqanidan so‘ng mazkur yo‘nalishlarda bandligi ta’minlanishi choralari ko‘riladi.
Tashrif doirasida muassasada o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, ular orqali kelib tushgan murojaatlar qabul qilindi. Mahkumlar bilan yakka tartibda va xoli suhbatlar o‘tkazildi. Monitoring davomida aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga tavsiyalar kiritilishi belgilandi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 521 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davrida 491 tani, 2024-yilning birinchi yarmida esa 452 tani tashkil etgan.
[gallery-30562]
Monitoringlar doirasida qariyb 4 ming nafar shaxs bilan jamoaviy hamda 1 ming 751 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Tashriflar davomida shaxslarni saqlash sharoitlari, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda boshqa masalalar o‘rganildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taqdimnoma, talabnoma va xulosa shaklidagi jami 23 ta ta’sir chorasi kiritilgan. E’tiborlisi, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.
A. Musayev, A.Alijonov, O‘zA muxbirlari