2025 yilning mart oyida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili - Ombudsman Izboskan tumani Ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasidagi sharoitlarni o‘rganib, qator kamchiliklarni aniqlagan.
Jumladan, hibsxonada sanitariya-gigiyena va moddiy-texnik ta’minotga oid jiddiy kamchiliklar, kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq muammolar borligi va ayrim mahbuslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari qayd etilgan.
Ombudsman tomonidan ushbu holatlar bo‘yicha Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga kamchiliklarni bartaraf etish va shu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun tegishli choralar ko‘rilishi so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, monitoring yakunlariga ko‘ra, 6 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan va ularga intizomiy choralar qo‘llanilgan.
Jumladan, 1 nafar xodim intizomiy kengash muhokamasiga qo‘yilgan, 2 nafar xodimga tanbeh, 2 nafariga esa hayfsan intizomiy jazolari berilgan. Vaqtincha saqlash hibsxonasi rahbari esa ichki ishlar organlaridan o‘z arizasiga ko‘ra bo‘shatildi.
Hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lib, ularning to‘liq hal etilishi bo‘yicha Ombudsman doimiy nazorat o‘rnatgan.
N.Abduraimova,
O‘zA