Ombudsman inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytiradi
Jeneva shahrida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansining navbatdagi umumiy yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamkorligida BMTning Jenevadagi qarorgohida o‘tkazilgan nufuzli tadbirda O‘zbekiston parlamenti Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Feruza Eshmatova BMT Taraqqiyot dasturining Jenevadagi vakolatxonasi direktori Agi Veresh, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansi (GANHRI) kotibi, shuningdek, Shimoliy Irlandiya Inson huquqlari komissiyasi bosh komissari Alison Kilpatrik, Osiyo-Tinch okeani milliy inson huquqlari institutlari forumining (APF) Ijrochi direktori Tui Doan-Smit hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Milliy institutlar va mintaqaviy mexanizmlar seksiyasi inson huquqlari bo‘yicha xodimi Mattias Klettermayyer bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, institutsional muloqotni mustahkamlash, milliy inson huquqlari institutlarining xalqaro maydondagi o‘rnini kuchaytirish, shuningdek, mintaqaviy va amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar davomida Ombudsman mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash sohasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, bu borada amalga oshirilgan islohotlar natijasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari yanada takomillashtirilgani, Ombudsman instituti faoliyatining samaradorligi va ta’sirchanligi oshirilgani qayd etildi.
Xususan, 2020-yilda GANHRI tomonidan Ombudsman institutiga “B” maqomi berilgach, taqdim etilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda, uning faoliyatini Parij prinsiplari asosida takomillashtirishga qaratilgan bosqichma-bosqich choralar amalga oshirilgani ma’lum qilindi.
Natijada Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlandi, ta’sir choralari doirasi kengaytirildi, hududiy vakillar faoliyati kuchaytirildi, institut faoliyatiga raqamli yechimlar joriy qilinib, murojaatchilar uchun yanada qulay va shaffof mexanizmlar yaratildi.
Mehmonlar ham o‘z navbatida mazkur jarayon yuzasidan fikr va tavsiyalarini bildirib, institutsional rivojlanishni davom ettirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligini ta’kidladi.
N.Abduraimova,
O‘zA