Inson huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) izchil faoliyat yuritmoqda.
2024 yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni 23 ming 422 tani tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 25 foizga ortgan.
Joriy yilda ham Ombudsmanga huquqlari buzilayotgan fuqarolar murojaatlari kelib turibdi. Har bir murojaat tezkor ravishda o‘rganilib, aniqlangan muammolar hal etilishi ta’minlanmoqda.
Jumladan, Jizzax shahridagi “Global qurilish trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlagan 13 nafar fuqaro ish haqining bir qismi to‘lanmagani bo‘yicha shikoyat qilgan. Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan tegishli organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida fuqarolarning to‘lanmay kelgan ish haqlari to‘liq undirib berildi.
Shuningdek, Andijon viloyatidagi xususiy issiqlik ta’minoti korxonasida faoliyat yuritgan 100 nafar mavsumiy ishchi fevral va mart oylari uchun haq to‘lanmaganini bildirgan. Ombudsman aralashuvidan so‘ng barcha ish haqlari qisqa muddatda to‘lab berildi.
Farg‘ona shahri Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘iga nogironlik belgilanishi va tibbiy yordam ko‘rsatilishida amaliy ko‘mak so‘ragan. Ombudsmanning viloyatdagi vakili ijtimoiy himoya organlari bilan hamkorlikda murojaatni o‘rgandi. Natijada bemorga 2-guruh nogironlik belgilanib, u bepul dori-darmon va tibbiy xizmatlar bilan ta’minlandi.
Toshkent shahrida sport zaliga kirishi cheklangan fuqaro murojaati ko‘rib chiqildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘ligi bois reabilitatsiya maqsadida sport mashg‘ulotlariga muhtoj bo‘lgan. Ammo mutasaddi shaxs tomonidan u asossiz ravishda zalga kiritilmagan. Ombudsman vakili aralashuvidan keyin fuqaroning huquqi tiklandi.
N.Abduraimova, O‘zA