Oltinsoyda innovatsion bog‘cha ish boshladi
Oltinsoy tumanidagi Bo‘ston mahallasida yangi innovatsion maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
STEAM ta’lim texnologiyasiga ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim muassasasi 125 o‘ringa mo‘ljallangan. Binoni qurib, jihozlash va ishga tushirish uchun 1 milliard 107 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Surxondaryo viloyatidagi innovatsion tumanda barpo etilgan zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarga yangi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida ta’lim-tarbiya berilib, STEAM ta’lim texnologiyasi joriy etilmoqda.

– Maktabgacha ta’lim muassasamizda tashkil etilgan to‘garaklarda bolajonlar raketa, robototexnika, samolyot, xalq hunarmandchiligi buyumlari va boshqa o‘yinchoqlar bilan o‘z bilimini mustahkamlab boradi, – deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Madina Hayitova. – Bolalar tarbiyalanadigan har bir xonaga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Bu ota-onalarning farzandi bog‘chada nimalar bilan mashg‘ul bo‘layotganini kuzatib turish imkonini beradi. Ingliz tilini oson o‘zlashtirishi uchun ko‘proq bir bo‘g‘inli so‘zlar yordamida gaplashiladi. Bu usul ularning xorijiy tilni tez, oson o‘rganishiga ko‘maklashadi. Shuningdek, jajji o‘g‘il-qizlarga matematika, robototexnika, rus tili bo‘yicha ham qiziqarli mashg‘ulotlar olib boriladi.


Zamonaviy ta’lim tashkilotida 20 nafar malakali mutaxassis ish bilan ta’minlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri