Oltin vasvasasiga uchraganlar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Qora-qo‘ton” oltin qazib olish koni atrofida muntazam ravishda tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshlarini noqonuniy qazib olish va sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
O‘tkazilgan tadbirda Paxtachi tumanida yashovchi jinoiy guruhning 23-40 yoshlardagi 8 nafar a’zolsi (R.A., B.H., J.G‘., N.M., N.S., R.O., J.D., X.F.) ushlandi. Shuningdek, ular foydalanib kelgan tosh maydalaydigan moslama va boshqa vositalar, 700 kg. ruda va 400 kg. oltin aralashmali tuproq daliliy ashyo sifatida olindi.
Ushbu jinoiy guruh a’zolari tarkibida oltin moddasi bo‘ligan ruda toshlarini qayta ishlash mobaynida noqonuniy ravishda elektr energiyasidan foydalanib, davlatga 275 million so‘m zarar yetkazgani aniqlandi.
Hozirda, jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA.