Oltin tusdagi tabiat
Har bir odamni hattoki yosh bolalarni ham yoqtirgan fasli bor.
Chunki har kim har bir fasldan o‘zgacha zavqu shavq, hikmat izlaydi. Eng katta maqsadlarini yaxshi ko‘rgan faslida amalga oshirishni rejalashtiradiganlar bor. “Men bahorda o‘g‘limni uylantiraman”, “ Men yozda uyimni ta’mirdan chiqaraman”. “ Men esa bu yil kuzda dalalarimdan mo‘l hosil olaman”…
Ha, shunday biz rejalarimizni amalga oshirishimiz uchun qaysidir fasldan o‘zgacha natija kutamiz.
Men esa KUZni yaxshi ko‘raman. Nimasi bilandir ko‘nglimga yaqin bu fasl. Kuzda odamlar ham biroz bosiq bo‘lib qolgandek, kunlarimiz baqir chaqirsiz, sokin o‘tayotgandek tuyuladi.
Dalalarga, keng maydonu so‘qmoqlarga qarab ko‘ngil yayraydi. Ayniqsa, bu faslda dehqonlarning g‘ayratu shijoati oshganini, dalalarda hosil yig‘ishayotganini ko‘rib, dasturxonimizdagi har bir ne’matning qadrini yana bir bor his qilamiz.
Qizig‘i, tabiat kuzda rangini o‘zgartirsa-da, odamning ko‘ngliga qandaydir iliqlik beradi. Havo salqinlashadi, kunlar qisqaradi, ammo xayollar uzayadi.
Kuzda qishloqning ham, shaharning ham o‘zgacha chiroyi bor. Hosildan shohlarini eggan bog‘li dalalar, paxtazorlar, sarg‘aygan o‘tlar, uzoqlarga cho‘zilgan yo‘llar…
Daraxtlar orasidan tushayotgan quyosh nuri, dalalarning hidi — hammasi odamga rohat beradi.
Balki shuning uchun kuzda tabiatga qarab turishning o‘zi bir rohatdir. Hech qayoqqa shoshmaysan, hech narsani isbotlashing shart emas. Shunchaki qarab turasan… Va hayotning oddiy, ammo qadrli lahzalarini his qilasan.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/31957]
Nigora Rahmonova, O‘zA