“Oltin to‘p” sohibi ham keladi: Toshkentda futbol afsonalari uchrashuvi o‘tkaziladi
Dastlab 2-sentyabr kuni soat 18:00 da “Humo Arena”da futzal bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi-2026 g‘olibi aniqlanadi.
Sentyabr oyining dastlabki kunlarida Toshkent katta futbol bayramiga mezbonlik qiladi. Ikki kun davomida poytaxtda futzal bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi hamda jahon va o‘zbek futboli afsonalari ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkaziladi.
Dastlab 2-sentyabr kuni soat 18:00 da “Humo Arena”da futzal bo‘yicha O‘zbekiston Superkubogi-2026 g‘olibi aniqlanadi. Sovrin uchun mamlakatning amaldagi chempioni BMB PFC va Superliga finalchisi SQB PFC o‘zaro bahs olib boradi. Uchrashuv doirasida mashhur futbol yulduzlari ishtirokida maxsus dastur ham rejalashtirilgan.
Asosiy futbol shousi esa 3-sentyabr kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Soat 18:00 da Jahon futboli afsonalari va O‘zbek futboli afsonalari jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.
Toshkentga kelishi kutilayotgan yulduzlar orasida Xulio Sezar, Marko Materatssi, Jerom Boateng, Michel Salgado, Kristian Zakkardo, Esteban Kambyasso, Rikardo Kuarejma, Uesli Sneyder, Oskar, Kevin Kuranyi va Vinchenso Yakvinta kabi taniqli futbolchilar bor.
Tashkilotchilar muxlislar uchun yana bir syurpriz tayyorlamoqda. Tadbirda jahon chempioni bo‘lgan va “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan yana bir mashhur futbolchi ham qatnashishi kutilmoqda. Hozircha uning nomi sir saqlanmoqda va yaqin kunlarda e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Har ikki tadbir uchun chiptalar tez orada “Humo Arena” va “Bunyodkor” stadioni kassalarida sotuvga chiqariladi.
Futbol bayrami O‘zbekiston futzal federatsiyasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.